O‘zbekistonda prezidentlikka nomzodlar Karimovni maqtashda "poyga"ga chiqishdi

Image caption Nomzod va "nomzodlar"

Saylov kuni yaqinlashib kelar ekan, turfa partiyalarning nomzodlari g‘alati bir saylovoldi tashviqot taktikasini kashf qilganlar.

Barobariga va yo "kim o‘zdi"ga bu prezidentlikka nomiga nomzodlar 26 yildan beri qudratda qolayotgan boshqa bir nomzod Islom Karimovni maqtash yo‘liga o‘tib olganlar.

Rasman Karimov uchinchi bor prezidentlikka nomzod bo‘lmoqda, yana rasman bu noqonuniy emas ekan, ammo mustaqil kuzatuvchilar uning to‘rtinchi bor va konstitutsiyaga zid ravishda saylovda qatnashayotganini urg‘ulashadi.

Mintaqa masalalarida mutaxassis Jon Maklaudga ko‘ra, "o‘zbek mulozimlarida taxayyul taqchilligi bor, bo‘lmasa boshqacharoq yondashgan bo‘lishardi va hatto ehtimol monarxiya e‘lon qilib qo‘ya qolishardi".

Karimovning saylovda "raqib"laridan biri Milliy Tiklanish partiyasidan Akmal Saidovdir.

Akmal Saidov Islom Karimovni ulug‘lashda hozircha o‘ziga xos rekord o‘rnatdi.

U O‘zbekiston prezidentini Amir Temurga tenglashtirdi.

"Men – huquqshunosman. Lekin na o‘zim, na yurtimizning boshqa yuristlari shu vaqtga qadar e‘tibor qaratmagan bir huquqiy haqiqatni Qashqadaryoda kashf etdim, desam xato bo‘lmaydi. Ya‘ni, viloyat ahli e‘tirof etganidek, ko‘p ming yillik milliy davlatchiligimiz o‘z olis tarixi davomida ikkita tom ma‘noda mustaqil va haqiqiy Konstitutsiyaga ega bo‘lgan. Bulardan biri – Sohibqiron Amir Temurning "Temur tuzuklari" bo‘lsa, ikkinchisi – Prezidentimiz rahbarligida ishlab chiqilgan amaldagi Konstitutsiyamizdir", – deydi Akmal Saidov.

Absurd teatri davom etadi

Image caption "Akmal Saidov Karimovni Amir Temurga tenglashtirdi"...

Boshqa nomzodlar ham ehtiroslarga erk berishgan, toshib-jo‘shib Karimov davrida O‘zbekiston qanday yutuqlarga erishgani haqida yumshoq qilib aytsak, "lof urmoqdalar".

Sobiq kommunistik partiya asosiga qurilgan, faqat Karimov tomonidan nomi o‘zgartirilgan Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonovga ko‘ra, "mustaqillik yillarida mamlakatimizning taraqqiyot asoslari va kafolatlarini mustahkamlash, xalqimiz manfaatlarini himoyalash, turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida tarixiy yutuqlar qo‘lga kiritildi".

Eng qizig‘i, ya‘ni demokratiyaning bittagi harfi ham tegib qolgan saylovda odatda nomzodlar hech qursa, o‘zbekcha yo‘lda bo‘lsa ham "okalar, bizga ham jichchagina ovoz bervoringlar" deyishi kerak edi.

Ammo hech bir nomzod yurak yutib, bu saylovda o‘zlari ham "o‘yin"ga tushayotganlari haqqi, aqalli "biz ham bormiz" deyayotgani yo‘q...

Partiyalarning websahifalarida ham shu ahvol.

Nomzodlar saylovchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishayotgani yo‘q.

Ammo uchrashuvlar o‘tayotgani haqida xabarlaru rasmlar bor.

Saylovoldi tashviqot suratlarining birortasida, "menga ovoz bering, men prezident bo‘lishni istayman" degan dangal da‘vat yo‘q.

Takrorlanayotgan tarix

Image copyright bbc
Image caption Bu nomzodni kim taniydi?

Zotan, 26 yildan beri qudratdan tushmayotgan Karimovga avvalgi saylovlarda ham "raqib" rolini o‘ynab beradigan nomzodlar tomonidan maqtov yog‘dirish yangilik emas, qolaversa an‘anaga aylanib qolganday...

2000 yilda Xalq demokratik partiyasi rahbari Abdulhafiz Jalolov "muqobil" nomzod o‘laroq, saylov davrasiga tushgan va o‘shanda ochiqchasiga, o‘zi ham, partiyasi ham Karimovga ovoz berishini aytgan edi.

Aftidan, o‘shanda Karimov va uning atrofidagilar bu holatdan ancha uyalib qolgan va bu gal boshqa nomzodlarni bunaqa "sadoqatni" oshkora ifoda etmaslik haqida ogohlantirgan ko‘rinadi.

Boshqa bir masala, Hotamjon Ketmonov va yo Akmal Saidovni O‘zbekistonda kim taniydi degan savol va bu savolga javob bilan bog‘liq...

Xullas, nomzodlarning bilbordlari kabi zerikarli va ma‘nisiz saylov kampaniyasi yana uch-to‘rt kun davom etadi...

O‘zbekistonlik kuzatuvchi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02