O‘zbekistonda saylov uyqusimi yo bedorligi?

Image caption Islom Karimov O‘zbekistonda qariyb 26 yildan beri qudratda qolmoqda

Islom Karimov O‘zbekistonda qariyb 26 yildan beri qudratda qolmoqda.

Yakshanba kuni mo‘ljallangan saylov natijalarini taxmin qilishday osonroq ish yo‘q.

Ammo o‘tgan bir oy ichida o‘zining barqarorligi bilan mast uyquda bo‘lgan O‘zbekiston hukumatini xalq bir "turtib" qo‘ydi.

Islom Karimov va uning atrofidagilar bu turtishdan qanchalar bedor bo‘lishdi degan savol esa ochiq qolmoqda.

O‘zbekistonning ayrimlar nazarida avtoritar, boshqalar ta‘rifida diktator prezidenti Karimov rasman uchinchi, norasman to‘rtinchi muddatga nomzod bo‘lar ekan, hech kim bu saylov natijalari allaqachon uning foydasiga hal bo‘lganiga shubha qilmaydi.

Ammo mart oyida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning janozasiga o‘n minglab, ayrim xabarlarda qariyb 200 ming kishining qatnashishi Karimov rejimini bir chayqatib qo‘ygani aniq.

Prezidentlik saylovi esa bu voqea oldida o‘lik bir voqeilikdir.

Toshkent ko‘chalarida nomzodlarning bilbordlari ko‘rinishi, shiorlari va mohiyati ikki tomchi suvday bir-biridan farq qilmaydigan darajada yupun...

Karimovning tinchlik, farovonlik va demokratiya haqida ahdlari esa o‘sha bilbordlardan pastga tushmaydigan va‘dalar takrori kabi umidsiz edi.

"Raqibi" Karimovni qariyb Amir Temurga tenglashtirgan boshqa bir nomzod Akmal Saidov esa "milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari" degan jo‘n kitobiylikni shiorga aylantirgan.

Eng qizig‘i, bu nomzodlarning biror nafari o‘z targ‘ibotini 26 yildan beri qudratda qolayotgan Karimovni tanqid emas, aqalli maqtamasdan o‘tkazayotgani yo‘q.

Eng bema‘ni saylov targ‘iboti

Image copyright BBC World Service
Image caption Karimov Amir Temurga tenglashtirilmoqda...

Akmal Saidov "raqibi" Islom Karimovni Amir Temurga tenglashtirar ekan, "Temur tuzuklari"ni tilga oldi.

"...ko‘p ming yillik milliy davlatchiligimiz o‘z olis tarixi davomida ikkita tom ma‘noda mustaqil va haqiqiy Konstitutsiyaga ega bo‘lgan. Bulardan biri – Sohibqiron Amir Temurning "Temur tuzuklari" bo‘lsa, ikkinchisi – Prezidentimiz rahbarligida ishlab chiqilgan amaldagi Konstitutsiyamizdir", dedi u.

Barcha nomzodlar tom ma‘noda hukumatparast mulozimlardir.

Senatorga aylangan sobiq o‘qituvchi, geolog, huquq himoyachisi... Ularning bari ma‘lum bir lavozimlarni egallashgan mulozimlardir.

Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha mutaxassis Jon Makleudga ko‘ra, saylovlar masalasida vaziyat Sho‘rolar davrida qanday bo‘lsa, hozir ham o‘shanday, o‘zgarishsiz qolmoqda...

"Hatto Sho‘rolar davrida saylovlar bo‘lgan. Bir kishini nomzodini qo‘yishgani, tamom, shuni saylaymiz deyishgan. Haqiqiy tanlov bo‘lmagan. Menimcha, ana shu Sho‘ro an‘anasini O‘zbekiston saqlab qolgan", deydi u.

Uyqudan charchagan xalq

Image caption Bedorlik sari

Nursiz va dilni o‘rtash darajasida zerikarlik saylov targ‘iboti kunlaridan biri o‘zbekistonlik ulamo, Islom ilm dunyosining hurmatini qozongan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf olamdan o‘tdi.

Uning o‘limi bir ma‘noda xalq bedorligidan nishona bo‘ldi.

Saylov targ‘ibot tadbirlari va yo hukumat uyushtirgan anjumanlar bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydigan dafn marosimi natijasida Toshkentning bir qismi falaj holati keldi.

O‘n minglab odamlar ko‘chalarga chiqishdi.

Janozada qatnashgan ziyolilardan biri ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida, "millat uyquda deb noumid edim, noumid shayton ekan", deb yozdi.

O‘zbekistonda hukumat tadbirlaridan boshqa har qanday yig‘inga odatda ruxsat berilmaydi.

Karimov rejimining mustaqil dindorlar va yo umumiyatla Islom bilan munosabatlari hech qachon silliq bo‘lmagan.

Ammo mutaxassis Jon Makleudga ko‘ra, bu kabi ommaviy yig‘inlarni faqat din bilan bog‘lab bo‘lmaydi.

"Bu masalaga siyosiy Islomning aloqasi bo‘lmasligi mumkin, ammo bu bir muhim masalani aniq ko‘rsatdi. Odamlar tuzum o‘ylaganchalik omiyu go‘l emas, siyosatdan xabarlari bor, ular o‘z ro‘zg‘orlari va hayotlarining qadriga yetishadi. Farzandlarining kelajagidan tashvishga tushishlari mumkin va boshqa har qanday inson kabi mavjud siyosiy tuzumdan hafsalalari pir bo‘lishi ham tabiiy", deydi mutaxassis.

Aksariyat o‘zbekistonliklar bugun iqtisodiy nochor, millionlab muhojirlar Rossiyaga ish qidirib ketishgan.

Ammo Rossiya iqtisodi tobora oqsab borar ekan, yuz minglab o‘zbekistonlik muhojirlar vatanga qaytishmoqda.

Ularga ish yo‘q. Rossiyadan mehnat muhojirlari jo‘natayotgan pullar ham keskin kamayib bormoqda.

Jon Makleudga ko‘ra, aynan mana shu masala yirik muammoga aylanishi mumkin.

"Odamlar nafaqat o‘z Shayxlarining dafn marosimlarida, balki qashshoqlikka qarshi, adolatsizlikka qarshi ham birlashishlari mumkin. Hozir Rossiyadan mehnat muhojirlari qaytishmoqda. Ularning aksariyati qo‘llarida hunari bor insonlardir, ammo uyda qiladigan ishlari yo‘q. Har bir mamlakatda ma‘lum bir muammolar bor, hatto eng tazyiqkor davlatda ham xalqni junbushga keltiradigan holatlar bo‘lishi mumkin".

Opa-singillar urushi va...

Image caption Karimov oilasidagi kurash qahramoni

Saylov targ‘iboti tashqaridan silliq va zerikarli kechayotgani bilan, ko‘plab kuzatuvchilarga ko‘ra, rejimning ichida kurash avjiga chiqqan.

77 yoshga kirgan va salomatligi ham tobora yoshiga yarasha bo‘lib borayotgan Karimovni hech kim kursisiga bog‘lab qo‘ygani yo‘q.

Karimovning to‘ng‘ichi Gulnora otasining o‘rniga kelishi haqidagi nazariya ham o‘tgan yil chippakka chiqdi.

Unga nisbatan korruptsiya ayblovlari ham O‘zbekistonda va ham G‘arbda tobora balandroq yangrar ekan, Gulnoraning biznes saltanati qulatildi, o‘zi uy qamog‘iga tashlandi.

Gulnora, uning o‘g‘li Islom va Lola nafaqat Karimovlar oilasidagi, balki rejim ichidagi muhorabani bir ma‘noda dunyoga doston qilishdi.

Ayni mojaro Karimov qudrati yemirilib borayotgani o‘laroq talqin etildi.

Aksariyat kuzatuvchilar, Karimov tobora yakkalanib qolayotgani haqida yakdillar.

U o‘ziga merosxo‘r tayin qilgani yo‘q.

Yakshanba kuni kechadigan prezidentlik saylovlari esa har holatda ham Karimov va uning rejimi uchun "porloq kelajak emas" kafolati emasligi aniq...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02