"Germanwings halokati qasddan sodir etilgan"

Image copyright AP

Alp tog‘larida halokatga uchragan A320 uchog‘ining "qora quti" sidagi ma‘lumotlar ikkinchi uchuvchi uchoqni qasddan halokatga olib borgan, degan fikrni beradi.

Bu borada prokuror Boris Roben ma‘lum qilgan.

"Qora quti" yozuvlari ulkan tezlik bilan pasayishni kabina ichidagi uchuvchi oxirgi daqiqagacha nazorat qilib turganini ko‘rsatadi.

Xabarlarga ko‘ra, Frantsiya Alpida halokatga uchragan Germanwings uchog‘i uchuvchilaridan biri hodisadan oldin kabina tashqarisida bo‘lgan va ichkariga qaytib kira olmagan.

Topilgan "qora quti"lardan olingan ma‘lumotlar ko‘rsatishicha, uchuvchi jon holatda shturvalga qaytishga uringan, biroq eshik yopilib qolgan.

Ikkinchi "qora quti" hozircha topilgani yo‘q.

"Uchuvchi dastlab uchuvchilar kabinasi devorini xotirjam taqillatadi, biroq hech qanday javob olmaydi", - deb yozadi New York Times ro‘znomasi yozuvlarni o‘rgangan mutaxassislar bergan ma‘lumotlarga binoan.

"So‘ngra u devorni qattiq ura boshlagani eshitiladi- hech qanday javob yo‘q. Bundan keyin u eshikni sindirishga uringani ovozlari eshitiladi".

Image copyright AP

Bundan tashqari, o‘zi yozib oluvchi qurilmada halokatdan oldin ishga tushgan yerga yaqin qolgani haqida ogohlantiruvchi fojea signal ovozlari saqlanib qolgan, deb xabar beradi Frans press agentligi.

Barselonadan Dyusseldorfga yo‘nalgan Airbus A320 uchog‘i qisqa muddatli va ulkan tezlik bilan pastlagan va Alp tog‘lariga borib urilgan.

Image copyright getty

Halok bo‘lganlarning yaqinlari, shuningdek, Olmoniya, Frantsiya, Ispaniya rahbarlari chorshanba kuni uchoq qulab tushgan joyga borganlar.

Frantsiya Halokatni o‘rganish va tahlil qilish boshqarmasi rahbari Remi Jutining aytishicha, ekipaj belgilangan vaqtda aloqaga chiqqan, muammo borligi haqida xabar bermagan. Biroq bir daqiqadan so‘ng kutilmaganda tezlikda pastlay boshlagan.

Dispetcherlar uchoq parvoz yo‘nalishini o‘zgartirgani kuzatib, ekipaj bilan bog‘lanishga uringanlar, biroq ular javob qaytarishmagan.

"Uchoq yerga kelib urilishigacha uchib borgan", deb qayd etadi Remi Juti, bundan oldin uchoq bortida portlash yuz bergani haqidagi farazni rad qilarkan.

Mutaxassislar "qora quti" kuchli zararlanganiga qaramasdan, uni o‘rganishga urinmoqdalar.

Halokat sabablarini aniqlashga bir necha oy ketishi mumkin.

Image copyright AP

Germanwings shirkati uchog‘ida 150 inson bo‘lgan. Uchoq qoldiqlari balandligi 2 mingdan ortiq maydonga sochilib ketgani bois, qutqaruvchilar qor bilan qoplangan hududga faqat tikucharlarda bora oladilar.

Ispaniyada qurbonlar xotirasiga uch kunlikmilliy motam e‘lon qilingan.

Halokatda 45 ispaniyalik, 67 olmoniyalik, shuningdek Avstraliya, Turkiya, Daniya, Gollandiya va Belgiya, Britaniya, Qozog‘iston va Isroil fuqarolari bo‘lishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02