Saudiya Arabistoni Yamanda harbiy amaliyot boshlagan

Image copyright Reuters
Image caption Xusiy isyonchilari oxirgi oylarda tez ilgariladi va Yamanning tobora ko‘p hududlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi

Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi aytishicha, Yaman xalqi va qonuniy hukumatini himoya qilish maqsadida Saudiya Arabistoni shia Xusiy qabilasi jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlarni boshlagan.

Eron dastaklab kelayotgan Xusiy isyonchilari oxirgi oylarda tez ilgariladi va Yamanning tobora ko‘p hududlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi.

Oqibatda Prezident Abdurabbuh Mansur Hadiy poytaxt Sanoni tark etib, mamlakat janubidagi Adan bandargoh shahrida boshpana topishga majbur bo‘ldi.

Yamandagi Xusiy qavmi jangarilariga qarshi harbiy amaliyotlar Saudiya Arabistoni va uning ittifoqchilari birgalikda qabul qilgan qaror natijasi ekani xabar qilingan.

Saudiya elchisi Odil al-Jubayrga ko‘ra, Xusiy jangarilariga qarshi koalitsiyaga 10 mamlakat qo‘shilgan.

AQSh jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, ammo bu amaliyotlarga Amerika harbiylari bevosita ishtirok etayotganini aytgan.

Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi Odil al-Jubayr ma‘lum qilishicha, harbiy amaliyotlar 25 mart Grinvich vaqti bilan tungi soat 11 da boshlangan.

Bu harbiy amaliyotlar havo hujumlarini ham ko‘zda tutishi aytilgan.

Poytaxt Sano va uning aeroporti atrofida tunda ko‘plab portlashlar eshitilgan, o‘nlab insonlar halok bo‘lgani haqida xabarlar olingan.

25 mart kuni Xusiy isyonchilari Adan shahrida ham ko‘proq hududlarni nazoratiga olgani va buning oqibatida Prezident Abdurabbuh Mansur Hadiy o‘z qarorgohini tashlab qochishga majbur bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.

Biroq Yaman hukumati rasmiylari Prezident Hadiy Adan shahrida qolayotgani haqida aytganlar.

Xusiy qabilasi nazorati ostida bo‘lgan Yaman televideniyesida "qochgan prezidentni tutib keltirgan odamga mukofot puli" va‘da qilingan e‘lon berilgan.

Xusiy qabilasi rahbarlaridan biri Muhammad al-Buxaytiy Saudiya Arabistonining harbiy amaliyotlari oqibatlaridan ogohlantirgan.

Al-Buxaytiy so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyotlar Yaman mamlakatiga qarshi bosqin deb ko‘riladi va mintaqada "kattaroq urush"ga yetaklashi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02