Ommaviy madaniyat va yoki Akmal Saidovga kim ovoz bermaydi?

Image caption Yoshlarning ommaviy madaniyatdan himoyachisi...

O‘zbekiston prezidentligi uchun o‘z nomzodini qo‘ygan "Milliy Tiklanish" demokratik partiyasining vakili Akmal Saidov bir qator yoshlarning ta‘na-dashnomlari ostida qolgan.

Shundoq ham 29 martga belgilangan saylovda g‘olib chiqishi har qanday uzoq-yaqin ehtimollardan uzoq bo‘lgan va buni tabiiyki, "nomzod" o‘laroq o‘zi ham yaxshi bilgan Akmal Saidov aftidan, "bilmasdan" ommaviy madaniyatga tosh otib qo‘ygan.

"Agar prezident bo‘lsam" degan jumla ishlatmasdan Saidov janoblari yoshlarni ommaviy madaniyatning salbiy tomonlaridan himoya qilaman deb niyat qildi, podrobno.uz saytiga ko‘ra, uning fikricha, aynan shu ommaviy madaniyat tushunchasi o‘zbek qadriyatlaridan yiroq va ma‘naviy boyligimizga tashqaridan qaratilgan hujum ekan.

Ammo nima o‘zi "ommaviy madaniyat"?

Masalan, Gulnora Karimovaning kliplari, yarim yalang‘och tushgan suratlari va yoki o‘zbek "xontaxta" filmlari qanaqa madaniyatga kiradi?

Image copyright none
Image caption Bu qanaqa madaniyat edi?

Madaniyat umuman ommaviy bo‘lmasligi mumkinmi?

Tasavvur qiling, omma nazariga tushgan, ammo o‘ziga o‘xshagan lavozimdagilar tomonidan ta‘qiq ostida qolayotgan Yulduz Usmonova va yoki Sherali Jo‘rayev ommaviy madaniyat emasmi?

Navro‘z va Mustaqillik bayramlarida prezident Karimov muqom qilib raqs tushib beradigan Ozodbekning qo‘shiqlari-chi?

Demak, bu qo‘shiqlarga yayrab raqs qiladigan va ittifoqo Akmal Saidovning "raqibi" bo‘lgan Islom Karimov ommaviy madaniyat targ‘ibotchisimi?

Unda Akmal Saidov haqiqatda ham Islom Karimovga va yo hatto, uning uy qamog‘ida qolayotgan qizi Gulnora Karimovaga qarshi kurashadimi?

Image caption Raqs ommaviy madaniyatga kirmaydimi?

Zotan, Akmal Saidov hech qayerda, "menga ovoz beringlar, men bo‘lay prezident, Islom Karimov va yoki boshqa nomzodlar emas", deb aytayotgani ham yo‘q...

Shunda ham ijtimoiy tarmoqlarda Akmal Saidovga anchagina zahar sochib ulgurishdi.

Facebook dagi Novosti Uzbekistana guruhiga joylashtirilgan ayrim fikrlarga o‘rin berilsa:

Empire Trooper: Saidov bu shunchaki yana bitta tegirmonlar bilan olishuvchi botir, u o'zi bilmagan va umuman yoq narsalarga qarshi kurashmoqchi.

Sherzod Akhundjanov: Iltimos bizlarni chigirtkalardan himoya qiling.

Anora Ismatova: Qanday dahshat, parvardigorim bizlarni bunday himoyachilardan o'zin asra.

Sherzod Akhundjanov: Lola endi kalta koylak kiymaydi.

Vadim Zubanov: Qiziq bu unsurning farzandlari, tungi klublarga borisharmikin yoki faqat mumtoz musiqa koncertlariga borisharmikin.

Boris Ahmedov: Pul va mansab izidan quvganlar nimalarni o'ylab topishmasikin a, bajarishga kelganda esa, hayir bizga ruhsat.

Boris Ahmedov: Olomonga non va tomosha, dehqonga suv va yer, hukumatka pul va kelajakka ishongan olomon ))

Malika Malik: Oldin prezident bo'lib olsin. Bunday fikrlash bilan uzoqqa bormidi.

Sherzod Akhundjanov: Halqmni sevamande, saylov natijalarini hamma oldindan yahshi bilib turib baribir bir narsalarni muhokama qiladi.

Akbar Rich: Men aniq bu kishi uchun ovoz bermayman.

Toshkentlik kuzatuvchi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02