Qirg‘izistonda "Islomiy davlat" ta‘qiqlandi

Image copyright AFP

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturasi bildirishicha, "ekstremizm va terrorizmni oldini olish chora-tadbirlari doirasida" "Islomiy davlat" mamlakatda ekstremistik va terroristik guruh deb e‘lon qilingan.

2015 yilning 13 fevralida poytaxt Bishkekning Oktyabr tuman mahkamasi shunday qaror bergan va bundan buyon Qirg‘izistonda "Islomiy davlat" guruhining faoliyati ta‘qiqlangan.

Mahkama qarori 2015 yilning 16 martidan boshlab qonuniy kuchga kirdi, deyiladi Milliy xavfsizlik xizmati bayonotida.

"Islomiy davlat" guruhi Qirg‘izistonda faoliyati ta‘qiqlangan taxminan o‘nta tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Taqiqlangan tashkilotlar qatorida mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirishga urinayotgani aytiladigan "Hizb-ut-Tahrir" guruhi ham bor. Qirg‘iziston janubida birgina oxirgi oylarda "Hizb-ut-Tahrir" guruhiga a‘zolikda ayblanib o‘nlab odamlar hibsga olingan.

Image copyright Reuters

Shuningdek, so‘nggi paytlarda Iroq va Suriyada harakat qilayotgan "Islomiy davlat" guruhi saflarida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining, jumladan qirg‘izistonliklarning ham ishtirok etayotganligi hukumatning xavotirlarini kuchaytirgan.

Qirg‘izistondagi turli manbalarga muvofiq, ikki yuzdan ko‘proq fuqarolar Suriyadagi janglarda qatnashmoqda. Ular orasida butun oilasi bilan ketganlar, bir qancha ayollar ham borligi aytiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02