O‘zbekistondagi saylovlarning dastlabki natijalari va xalqaro tanqid

Image copyright AP

O‘zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarining dastlabki natijalarini ma‘lum qildi.

Ushbu natijalarga ko‘ra, joriy prezident Islom Karimov shu vaqtgacha sanalgan ovozlarning 90,39 foizini olgan.

Shuningdek, Hotamjon Ketmonovning 2,92 foiz, Akmal Saidov 3,08 foiz va Narimon Umarov 2,05 foiz ovoz to‘plaganligi ham e‘lon qilindi.

Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomovning matbuot anjumanida aytishicha, "saylovlar milliy saylov qonunchilik talablari va xalqaro huquqning umume‘tirof etilgan demokratik tamoyillari asosida ochiq va oshkora o‘tkazilgan. Saylov jarayoni davomida qonunchilik talablari va normalarining buzilganligi haqida axborotlar kelib tushmagan".

Lekin O‘zbekistondagi prezidentlik saylovlariga cheklangan kuzatuvchilar guruhini yo‘llagan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining bayonotida aytilishicha, "29 mart kuni o‘tkazilgan saylovlarda haqiqiy muxolifat mavjud bo‘lmagan holatda siyosiy sahnada joriy rahbar siymosi ustuvorlik qilgan".

"Ana shu kabi vaziyatda saylovlar jarayonidagi qonuniy va tashkiliy kamchiliklarga e‘tibor qaratilmagan. Konstitutsiyada bir nomzodning ikki bor saylanishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Markaziy Saylov komissiyasi joriy rahbarni nomzod sifatida qayd qilgan. Bu o‘z navbatida qonun ustuvorligi tamoyiliga qarshi va Markaziy Saylov Komissiyasining mustaqilligi borasida savollar tug‘diradi", - dedi OXHTning O‘zbekistonga yuborilgan cheklangan guruhi rahbari Tana de Zuluyeta.

Bayonotda shuningdek aytilishicha, o‘tgan saylovlar davridan beri O‘zbekistonda mustaqil nomzod sifatida qayddan o‘tish imkoni bekor qilingan va qonunchilikka kiritilgan qator o‘zgarishlar O‘zbekistonning tashkilotga a‘zo bo‘lib kirish vaqtida o‘z ustiga olgan majburiyatlari va demokratik saylovlar o‘tkazish printsiplariga qarshi ekanligini anglatadi.

Tashkilot tomonidan ilgari surilgan ba‘zi tavsiyalarga e‘tibor qaratilishiga qaramay, so‘z va tashkilot erkinligi kabi asosiy erkinliklar aslida cheklanganligicha qolmoqda.

OXHTning ta‘kidlashicha, davlat nazorati ostida bo‘lgan matbuot qonunchilikda ko‘rsatilganidek nomzodlarga bepul efir vaqti taqdim etgan, lekin ham davlat va ham shaxsiy matbuot joriy rahbar faoliyatiga o‘ta katta e‘tibor qaratib, afzalliklar yaratgan.

"Saylovchilar ro‘yxatlari mamlakat bo‘ylab turli yo‘llarda tuzilgan va bu ro‘yxatlarni tuzish jarayonida ro‘y bergan nomutanosibliklar bu ro‘yxatlarning asliyligi haqiqda savollarni tug‘diradi. Umumiylashtirilgan saylovchilar ro‘yxatining mavjud emasligi qayta-qayta ovoz bergan yo-da xorijda bo‘lgan saylovchilar ro‘yxatga kiritilganmi-yo‘qligini tekshirish ishini imkonsiz qilgan".

300 ga yaqin xalqaro kuzatuvchilar va siyosiy partiyalar tomonidan nazoratchilarning mavjudligi, OXHT tomonidan avval berilgan tavsiyalarga qaramay, fuqaro tashkilotlari tomonidan kuzatuv o‘tkazish uchun qonuniy asoslar yo‘q bo‘lgan, - deya xulosa qilgan o‘z bayonotida OXHT.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer