"O‘zbekistonlik saylovchilarning 91 foizi ovoz berishda qatnashdi"

Image copyright AFP

29 mart kuni kechki soat 10 da O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi prezidentlik saylovida ovoz berish dastlabki natijalarini e‘lon qildi.

O‘zbekiston hududida ertalabki soat 6 dan kechki 20 gacha ovoz berilgan.

Markaziy Saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov so‘zlariga ko‘ra, shu kuni O‘zbekistonda ovoz berish huquqiga ega deb ko‘rilgan 18 million 928 ming fuqaro saylovda ishtirok etgan.

Bu jami saylovchilarning 91,01 foizini tashkil etadi, deb aytdi janob Abdusalomov.

O‘zbek rasmiylariga ko‘ra, prezidentlik saylovida 20 million 798 ming 52 nafar o‘zbekistonlik saylovchi sifatida ro‘yxatga olingan.

"Ovoz berish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi va "Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan xalqaro demokratik normalar va printsiplarga rioya qilingan holda ochiq va oshkora o‘tkazildi", deb aytgan O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi raisi.

Saylovda qaysi nomzod qancha ovoz to‘plagani haqidagi ilk rasmiy ma‘lumot 30 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 16 da e‘lon etilishi xabar qilingan.

O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasiga ko‘ra, prezidentlik saylovini o‘tkazish uchun 14 saylov okrugining 9058 saylov uchastkasi tashkil qilingan.

Prezidentlikka nomzodlar sifatida Markaziy Saylov komissiyasi O‘zbekistonni 1989 yildan buyon boshqarib kelayotgan Islom Karimov, Akmal Saidov, Narimon Umarov va Hotamjon Ketmonovni ro‘yxatga olgan.

Janob Karimov nomzodini O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Akmal Saidov nomzodini "Milliy tiklanish" partiyasi, Narimon Umarov nomzodini "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi, Hotamjon Ketmonov nomzodini Xalq demokratik partiyasi ilgari surgan.

O‘zbek rasmiylari prezidentlik saylovining erkin, adolatli, shaffof ekanini urg‘ulaydilar.

Biroq aksar mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar fikricha, Prezident Islom Karimov qayta saylanmaslikka imkoniyat qoldirmagan.

Shu kuni O‘zbekistondagi saylovga e‘tibor qaratgan qator xorijiy ommaviy axborot vositalari bu saylovni O‘zbekistonni 26 yildan buyon boshqarib kelayotgan Islom Karimovning prezidentlik muddatini yana besh yilga uzaytirish saylovi deb ko‘rayotganlari haqida xabar tarqatganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer