"O‘zbegimdan aylanay, saylovchilarga non ulashib qarshi olishyapti"

Image caption Ijtimoiy tarmoqlarda ilk saylovda qatnashganlarga sovg‘alar fotolari ham e‘lon qilingan

Kutilganidek, 29 Mart kuni o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari uchun prezident saylovi asosiy mavzuga aylandi.

Deyarli barcha ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilingan saylov qizg‘in baxs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Saylovning ahamiyati, tashkiliy darajasi hamda saylovchilarga yaratilgan shart-sharoitlar borasida munozaraga kirishgan foydalanuvchilar ushbu siyosiy tadbirga nisbatan turlicha baho berishgan.

Bayramona kayfiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda sharh qoldirilgan ko‘p sonli fuqarolar saylov uchastkalaridagi ko‘tarinki, bayramona kayfiyatni tasvirlashgan va saylovning ular uchun naqadar muhimligini ta‘kidlashgan.

"566- saylov uchastkasida saylovchilarni qo‘shiq sadolari ostida kutib olishmoqda. Ilk marta ovoz beruvchilarga gul taqdim yetilmoqda", deydi Twitter foydalanuvchisi "Hamza Foziljonov".

"Keyingi besh yilgi taqdirim uchun ovoz berdim", deydi boshqa bir mahalliy Twitterchi "Bek_Sohib".

"an-Nur" taxallusi ostida fikr qoldirgan foydalanuvchi to‘lqinlanib shunday deydi: "Saylov uchastkalarida saylovmas xuddi bayram bo‘layotgandek! O‘zbegimdan aylanay, saylovchilarga non ulashib qarshi olishyapti :)".

Ba‘zi foydalanuvchilar tadbir tashkilotchilarni ham maqtab o‘tishgan. "Tan olish kerak, saylov uchastkalarimiz saylovga 100% tayyorlanibdi. Hatto saylov uchun xonada ko‘zi xira insonlar uchun fonar ham borakan!" deydi Twitter foydalanuvchisi "Hojibola".

"Bugun Yo‘l Xarakati Xavfsizligi Boshqarmasi xodimlari ham juda xushmuomala. Uchastka oldiga noto‘g‘ri qo‘yilgan avtoulovlar egalarini chest berib qo‘yib yubormoqda", deydi "Bakiroo" taxallusini olgan Twitter foydalanuvchisi.

Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari joriy Prezident Islom Karimovga ovoz berishganini yashirishmagan.

Boshqa nomzodlarga ovoz berganlar esa o‘z tanlovlarini ovoza qilishni istashmagan ko‘rinadi.

Faqatgina ba‘zi oz sonli saylovchilar Xalq Demokratik Partiyasi vakili Ketmonovga ovoz berganlarini aytishgan.

"Masxarabozlik"

Ammo saylovni tanqid ostiga olgan foydalanuvchilar ham bir talay.

Ularning aksariyati ushbu saylovni amalda ahamiyati yo‘q "masxarabozlik" deb atashgan bo‘lsa, qolganlari ovoz berish jarayonidagi qonunbuzarliklardan noligan.

"Ozodlik sari" taxallusi bilan "Odnoklassniki"da sharh qoldirgan foydalanuvchi shunday deydi: "Barcha insonlar Islom Karimovga ovoz bermoqda. Odamlar "Och qornim tinch qulog‘im" degan maqolga amal qilmoqdalar. Ming afsus bunday demokratiyaga".

"Saylov shunchaki ko‘z bo‘yamachilik. Kimligi oldindan aniq bo‘lib bo‘lganku [bo‘lg‘usi prezidentning]", deydi unga javoban "Javlon" ismli foydalanuvchi.

"Saylov uchastkasiga borsak bizning nomimiz umuman ro‘yxatga kiritilmagan ekan", deydi "Uvaysiy Hikmat" Facebookda.

"Soat 12 dayoq saylovni haqiqiy deb topishibdi. Bu yangilikni kecha tayyorlab qo‘yishgan bo‘lsa kerak", deydi yana bir o‘zbekistonlik Facebookchi "Mixail Mixaylov".

Mana bu esa "Ibrohim Qodirov" nomli foydalanuvchining Twitterdagi fikri: "Tan olaman - na pasportsiz, na propiskasiz ovoz berishga bordim. Lekin qaytarib yuborishmadi. Menga byulletten qog‘ozi berishdi, va sayladim".

"Golibbek Xolnazarov" Facebookda shunday deydi: "Shuni aytish kerak: 2015 yilning 29 Martida soat 1000 da [ya‘ni saylov haqiqiy deb topilgan vaqtda] O‘zbekiston uchinchi dunyo mamlakatlari qatoriga qo‘shildi".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer