"Putin ham tabrikladi, Nazarboyev ham tabrikladi..."

Image copyright AFP
Image caption Nazarboyev ham tabrikladi...

Kutilganiday O‘zbekiston prezidentligi uchun sahnalashtirilgan teatr-saylovda joriy prezident Islom Karimov g‘olib deb e‘lon qilindi.

Markaziy Saylov Komissiyasi risoladagiday yakuniy natijalarni 8 aprelda e‘lon qilishini aytmoqda.

Ammo bu natijalar Karimovning foizlarida katta o‘zgarish qilmasligi tayin.

Garchand, O‘zbekiston ommaviy-axborot vositalarida bu saylov "demokratik andozalarga to‘liq javob" bergani urg‘ulanib, turfa viloyatlardan "baxtiyor o‘zbekistonliklarning" olqishlari haqida xabarlar berayotgan bo‘lsa ham, aksariyat uchun tom ma‘noda hech narsa o‘zgargani yo‘q.

Bu yaqin o‘rtada, O‘zbekistonning xorijdagi muxolifatiga ko‘ra, Karimovning ehtimolki so‘nggi prezidentlik davrida hech qanday jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermaydi.

Bunga ishoralar ham yo‘q.

Tabriklar, tabriklar...

Image copyright EPA
Image caption Putin ham tabrikladi...

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, MDHdan kelgan kuzatuvchilar bir ovozdan, an‘anaga ko‘ra, O‘zbekistondagi saylovni "shaffof", "ozod" va "demokratik" deb baholashdi.

Ayni tashkilotlarga a‘zo aksariyat davlatlarda ham saylovlar xuddi shunday "ozod" va "demokratik" o‘tishi hisobga olinsa, buning ajablanarli joyi yo‘q.

BBC mushtariylaridan biri "Putin ham tabrikladi, Nazarboyev ham tabrikladi..." deya kosa tagida nimkosa qilib izoh qoldirdi.

Tabriklaganlar orasida tabiiyki, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari ham bor.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Karimovni telefon suhbatida tabriklar ekan, saylovlar O‘zbekiston prezidenti xalq orasida qanchalar mashhur ekanidan darak beradi deb aytgan.

Mashhur O‘zbekiston prezidenti Karimov har saylovda o‘ziga deyarli hech kim tanimaydigan muqobil nomzodlarni tanlashi ham an‘anaga aylanib ulgurgan.

O‘zbekistondagi ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi faollar saylovga bag‘ishlab #WithKarimov heshtegini ommalashtirishga uringanlar.

Ammo hozirga qadar bu heshteg trend bo‘lolgani yo‘q.

Unga muqobil o‘laroq, bir qator inson huquqlari faollari va jurnalistlar #WithUzbeks heshtegini trendga chiqarishmoqchi...

Tanqidlar

Image copyright Reuters
Image caption O‘zbekiston matbuotida ko‘rinmaydigan rasmlardan biri

G‘arb davlatlari va xalqaro tashkilotlar ham bu gal o‘z an‘analariga sodiq qolishgan, ya‘ni, O‘zbekistondagi saylovlar tanqid ostiga olingan.

O‘zbekistondagi prezidentlik saylovlariga cheklangan kuzatuvchilar guruhini yo‘llagan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining bayonotida aytilishicha, "29 mart kuni o‘tkazilgan saylovlarda haqiqiy muxolifat mavjud bo‘lmagan bir holatda siyosiy sahnada joriy rahbar siymosi ustuvorlik qilgan".

"Ana shu kabi vaziyatda saylovlar jarayonidagi qonuniy va tashkiliy kamchiliklarga e‘tibor qaratilmagan. Konstitutsiyada bir nomzodning ikki bor saylanishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, Markaziy Saylov komissiyasi joriy rahbarni nomzod sifatida qayd qilgan. Bu o‘z navbatida qonun ustuvorligi tamoyiliga qarshi va Markaziy Saylov Komissiyasining mustaqilligi borasida savollar tug‘diradi", - dedi OXHTning O‘zbekistonga yuborilgan cheklangan guruhi rahbari Tana de Zuluyeta.

Bayonotda shuningdek aytilishicha, o‘tgan saylovlar davridan beri O‘zbekistonda mustaqil nomzod sifatida qayddan o‘tish imkoni bekor qilingan va qonunchilikka kiritilgan qator o‘zgarishlar O‘zbekistonning tashkilotga a‘zo bo‘lib kirish vaqtida o‘z ustiga olgan majburiyatlari va demokratik saylovlar o‘tkazish printsiplariga qarshi ekanligini anglatadi.

Tashkilot tomonidan ilgari surilgan ba‘zi tavsiyalarga e‘tibor qaratilishiga qaramay, so‘z va tashkilot erkinligi kabi asosiy erkinliklar aslida cheklanganligicha qolmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02