Nigeriya prezidentlik saylovida general Buhariy yetakchilik qilmoqda

Image copyright
Image caption Nigeriyada saylov bilbordlari

Nigeriyadagi prezidentlik saylovlarning ilk natijalariga ko‘ra, joriy prezident Gudlak Jonatan raqibi, mamlakatning sobiq harbiy rahbari Muhammadu Buhariydan orqada qolmoqda.

Ammo aholisi ko‘p bo‘lgan Lagos va Rivers shtatlarida hali saylov natijalari e‘lon qilingani yo‘q.

Afrikadagi yirik neft konlariga ega bu mamlakat so‘nggi yillar Boko Haram ektremist guruhining hujumlaridan aziyat chekib kelmoqda.

Ikkala nomzod ham Boko Haramni qanday jilovlash borasida turfa qarashlarga ega.

Boko Haram yaqinda "Islomiy davlat"ga bayat berganini e‘lon qilgan edi.

Nigeriyadagi saylovlar xavfsizlik muammolari tufayli olti haftaga kechiktirilgandi.

Mustaqil Milliy Saylov komissiyasiga ko‘ra, saylov qoldirilishini harbiylar tavsiya qilishgan.

Mamlakat armiyasi Boko Haram bilan kurashda band bo‘lgani uchun saylov jarayonida xavfsizlikni ta‘minlash masalasi qaltis ekanini aytgan.

Nigeriyadagi kechgan avvalgi saylovlarda ovozlarni soxtalashtirish keng tarqalgani aytiladi.

Shuningdek, zo‘ravonliklar ham o‘tgan saylovlarga jiddiy soya solib kelgan.

Asosiy nomzodlar kimlar?

Image caption Buhariy va Jonatan

Saylovda umuman 14 nomzod bellashmoqda, ammo ular orasida faqat ikki arbobning imkoniyatlari kattaroqdir.

Bular Gudlak Jonatan va general Muhammadu Buhariylardir.

Prezident Jonatan ikkinchi davra to‘rt yillik prezidentlik muddati uchun kurashmoqda.

Gudlak Jonatanning asosiy saylovchilari mamlakat janubidagi nasroniy aholidir.

Ammo uning hukumati Boko Haramga qarshi yetarlicha kurashmayapti deya jiddiy tanqid ostiga olingandi.

20 mart kuni BBC bilan suhbatda u Boko Haram tobora "ojizlanib" borayotganini aytgan va bir oy ichida yo‘q qilinishi haqida aytgandi.

General Buhariy esa so‘nggi uch saylovni boy bergan, ammo bu gal ayrim ommaviy axborot vositalari uning g‘alaba qozonishini bashorat qilishmoqda.

U musulmonlar ko‘pchilik bo‘lgan shimoliy mintaqada juda mashhurdir.

O‘tmishda Buhariy shariat qonunlarini joriy qilish borasida takliflarni qo‘llab-quvvatlagan.

U o‘z saylovoldi targ‘ibotida aynan xavfsizlik masalasiga ko‘proq urg‘u berdi.

Qudratga kelgach islomiy isyonkorlari bir necha oy ichida yakson etishga va‘da berdi.

General Buhariy 71 yoshda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02