Nigeriyadagi saylovlarda Muhammadu Buxoriy g‘alaba qildi

Image copyright Getty
Image caption Buxoriy 1984-1985-yillarda Nigeriyaning harbiy rahbari bo‘lgan

Nigeriyada muxolifat nomzodi Muhammadu Buxoriyning tarafdorlari yakshanba kungi prezident saylovlarida qozonilgan g‘alabani nishonlash uchun ko‘chalarga chiqishgan.

Muhammadu Buxoriy saylovchilar o‘zgarishlar uchun ovoz berganliklarini aytib, nigeriyaliklar demokratiyani tanlaganliklarini urg‘ulagan.

Janob Buxoriy, shuningdek, prezidentlikdan ketayotgan Gudlak Jonatanni "munosib raqib" deb atagan va qudratni tinch yo‘l bilan topshirgani uchun olqishlagan.

General Buxoriy 15.4 million ovoz olgan, joriy prezidentga esa 13.3 million saylovchilar ovoz berishgan.

Image copyright AP
Image caption Bu Nigeriyada amaldagi prezidentning birinchi marta saylov yo‘li bilan o‘zgartirilishi

Ovozlarni soxtalashtirish haqidagi iddaolarga qaramasdan, kuzatuvchilar umumiyat-la, saylovlarni olqishlashgan.

Jonatan saylov natijalaridan norozi fuqarolarni konstitutsiyaviy jarayonlarni hurmat qilishga chaqirgan.

O‘z navbatida Buxoriy tarafdorlarini raqib tomonni haqoratlamaslikka da‘vat qilgan.

72 yoshli Buxoriy Nigeriya tarixida prezident saylovlarida g‘alaba qozongan birinchi muxolifat nomzodi bo‘lgan.

Prezidentlikka to‘rtinchi marta nomzodini qo‘ygan Buxoriy 1983 yildagi harbiy to‘ntarish ortidan qariyb 2 yil davomida Nigeriyani boshqargan.

BBC muxbiriga ko‘ra, bu Nigeriyaning beqaror tarixidagi muhim davrdir.

Bunga qadar hech qachon joriy prezident saylovlar natijasida hokimiyatdan ketkazilmagandi.

Nigeriya 1960 yilda Britaniyadan mustaqilligini e‘lon qilganidan so‘ng bir necha marta davlat to‘ntarishlariga sahna bo‘lgan.

Garchi 2011 yildagi saylovlar bir qadar oldinga siljish deya e‘tirof etilgan esa-da, saylovlarning aksariyati soxtalashtirilgan va hatto harbiylar tomonidan bekor qilingandi.

So‘nggi paytlarda Nigeriyada asosiy tahdidga aylangan "Boko Xaram" guruhining hujumlarida minglab insonlar halok bo‘lgan.

Ko‘pchilik saylovchilar general Buxoriyni "Boko Xaram"ga qarshi kurashda eng yaxshi nomzod deya ko‘rishlarini aytishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02