Ijtimoiy minbar: "Karimov ketsa urush bo‘ladi, bu aniq"

Image copyright Getty AFP

O‘zbekistonda saylovchilar 29 mart kuni prezidentlik saylovlarida ovoz berishdi. Markaziy saylov komissiyasi Islom Karimov 90 foizdan sal oshiqroq ovozlar bilan yana davlat boshi etib saylanganini e‘lon qildi.

Biz saylovlardan avval mushtariylarimizga quyidagi savollar bilan murojaat qildik:

Siz Islom Karimovning navbatdagi prezidentlik muddatidan nima kutayapsiz?

Uning aholi turmush darajasini yaxshilash va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish haqidagi va‘dalariga ishonasizmi?

Islom Karimovning yana besh yilga prezidentlikda qolishi sizningcha, O‘zbekiston uchun yaxshimi yoki yomonmi?

Karimovning yana bir muddat boshqaruvi ostida o‘zingiz va mamlakatning hayoti hamda istiqboli yaxshilanadi, deb o‘ylaysizmi?

Javob yozib qoldirganlarning aksari Islom Karimovga yana ovoz berishlarini yozishgan, biroq ularning sharhlarida u o‘tkazayotgan yoki o‘tkazmayotgan iqtisodiy islohotlar, yoki turmush darajasi borasida biron gap yo‘q. Hukumat tepasidagi, yoki hatto prezident oilasidagi yirik poraxo‘rlik da‘volari, millionlab ishchi kuchining Rossiya yo boshqa davlatlarda mardikorlik qilayotgani haqida so‘z yuritilmaydi.

Karimovning tarafdorlari chetdan ko‘z olaytirib turgan "qora kuchlar", tinchlik-osoyishtalik, va hatto Toshkent ko‘chalarining tozaligi haqida so‘zlashadi. O‘zbekistondagi tinchlik-totuvlik iqtisodiy rivojlanishga va siyosiy o‘zgarishlarga muqobil bir narsadek taqdim qilinadi, ya‘ni qarshingizda faqat ikki tanlov bor - 1) demokratik va iqtisodiy o‘zgarishlar yoki 2) Tinchlik-totuvlik. Bularni o‘qib huddi dunyodagi barcha iqtisodi rivojlangan va demokratik davlatlar urush girdobida qolib ketgandek bir taassurot qolishi mumkin odamda.

Hilola Rustamovning sharhi qisman quyidagicha: "Karimov yana saylanishi kerak, chunki hozir dunyo kritik bir nuqtada. O‘zbekistonga ko‘z olaytirib turgan chiyabo‘rilar hammayoqni bosib turibdi. 26 yildan beri Karimov bular bilan kurashadi va O‘zbekistonni bo‘lmoqchi bo‘lgan radikallarni O‘zbekistondan uzoqlashtirish uchun qo‘lidan kelgan narsasini qilmoqda. Poraxo‘rlikka kelsak, buni Karimov emas, xalq qilayapti".

Hakimova Dilfuza ham: "Ketsa urush bo‘ladi, bu aniq. Qo‘yinglar, tinch bo‘lsak bo‘ldi", - deydi.

Ba‘zilar uchun uzoq muddatli prezident podshohga aylangan. Dugo Dugoning sharhi mana bunday: "O‘zimizni to‘g‘irlashimiz kerak. Ana o‘shanda bir-birimizni ayblashga hojat qolmaydi. Aslida masalaning yechimi shudir. Podshohimizga kelsak, u kishining dinimiz, taraqqiyotimiz va tinchligimiz uchun amalga oshirayotgan ishlariga Alloh quvvat berishini so‘rab qolaman!"

Ilhom Djalmatovning fikricha, prezidentlik Karimovning joniga tekkan, lekin iloji yo‘q. "O‘zi sakson yakson degani, prezidentimizni qo‘yishmayapti "yana bo‘lasiz" deb, "bo‘lsangiz ham bo‘lasiz, bo‘lmasangiz ham bo‘lasiz" deb. Prezidentimizga ham qiyin, ikki o‘t orasida qolganlar o‘zlariga qolsaydi hozir otstavkani berardi, lekin atrofidagilar qo‘yishmayapti "bu zamon talabi" deb", - deya sharh qoldirgan bu mushtariy.

Tohir Bilolovich hech qanday o‘zgarish kutmayapti ekan. "Karimovning navbatdagi muddatidan Karimovdan yangilik yo o‘zgarish kutish soddalik bo‘lur edi. Hozirgi zehniyatimiz bilan biz shunday hukmdorga munosibmiz. Arzimagan manfaat uchun sotilib ketamiz. Vaholanki, Karimovni ulug‘lab izoh yozayotganlar Grin Kard yutib olishsa, oyog‘ini qo‘liga olib AQShga uchadi".

Po‘lat To‘ron fikricha esa, Karimovga muqobil boshqa odam ham yo‘q. Uning sharhi quyidagicha: "Va‘da bilan cho‘pchakni farqini bilmaydigan, ikkiyuzlamachi boboy o‘lsagina taxtini bo‘shatadi! Bo‘shatadi-yu, hech nima o‘zgarmaydi. Xalqni o‘ylab turgan o‘n qo‘liyam, chap qo‘liyam yo‘q. O‘rniga yana Karimovning ishini davom ettiradigan lagambardor keladi. Biz ukrain, biz qirg‘iz, yo biz boshqa emasmiz! Biz hamma narsaga ko‘nikib ketadigan va bir-birining tirnog‘idan kir izlaydigan xalqmiz!"

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer