Qozog‘istonga AQSh va britan harbiylari yetib kelishdi

Image copyright AFP

Ular Qirg‘iziston, Turkiya va Tojikiston harbiylari ishtirokida Qozog‘iston maxsus bo‘linmalarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro tinchlikparvarlik amaliyotlariga tayyorlashadi.

Bu davlat tinchlikni saqlash bo‘linmalarining jangovar salohiyatini oshirishga e‘tibor qaratishadi.

2003 yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazib kelinuvchi "Sahro burguti", deb nomlanuvchi va bu yil Qozog‘iston mezbonlik qilayotgan ushbu mashqlar ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi.

Mashqlarning birinchi bosqichi 6 aprel kuni boshlanadi va 11 kun davom etadi. Ikkinchi bosqichi esa, shu yilning iyun oyiga rejalangan.

Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi bildirgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, britan harbiylari ular bilan taktik mashg‘ulotlar olib borishadi.

Amerikalik harbiylar esa, "Kazbrig" va "Kazbat" shtablarining qo‘mondonlik salohiyatini oshirishga e‘tibor qaratishadi.

Ularga 'jang' maydonida qachon va qanday qilib qaror berish sir-sinoatlarini o‘rgatishadi.

Image copyright

Ayni o‘rinda ta‘kidlash joiz, "Sahro burguti – 2015" bu yil qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat anchayin izdan chiqib borayotgan va "Islomiy Davlat" guruhi mintaqada faollashishga harakat qilayotgan bir manzarada bo‘lib o‘tadi.

Shundoqqina biqinlarida vujudga kelayotgan bu kabi holat allaqachon barcha mintaqa davlatlari rahbarlarining oshkora xavotirlariga sabab bo‘lib ulgurgan.

So‘nggi oylarda ularning barchasi o‘z chegaralarini mustahkamlash, xavfsizlik choralarini kuchaytirish sa‘y-harakatiga ham tushib qolishgan.

Joriy paytda dunyodagi eng qudratlisi sanaluvchi "Islomiy Davlat" shu yil boshida Pokistonda o‘zining mintaqadagi yangi tarmog‘iga asos solgan.

Yangi milliy birdamlik hukumati iqtidorga kelgan o‘tgan yarim yil ichida qo‘shni Afg‘onistonga har tomondan sizib kirishga urinmoqda.

Hozirga kelib, Afg‘onistonning ayrim Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh qator shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlarida ham faollashishga urinmoqda.

Image copyright Getty

Bundan tashqari, Yaqin Sharqdagi bu qudratli guruh Afg‘onistonning qator janubiy va ayrim g‘arbiy viloyatlarida ham yangi jangarilar yollash, o‘z bazalarini barpo etish va tayyorgarlik jamloqlarini tashkil etishga harakat qilayotganiga oid xabarlar bor.

Yaqinda Afg‘oniston vitse-prezidenti general Abdulrashid Do‘stum ham ilk bor "Islomiy Davlat" mamlakati va qo‘shni davlatlarga solayotgan jiddiy xavf bilan oshkora ogohlantirib chiqqan, "qora bayroq"lar butun mintaqaga tahdid ekanini aytgandi.

Agar, Afg‘oniston rahbarining so‘zlariga tayanilsa, hozir "Islomiy Davlat"ning faoliyati o‘z mamlakatida jadallik bilan uyushish, mo‘ljal olish, qaror berish va hujum qilish darajasiga yetib bormoqda.

Shu kunlarda qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat mintaqaga solishi mumkin bo‘lgan tahdid MDH doirasidagi qator tashkilotlar yig‘inlarining ham asosiy mavzusiga aylangan.

Kecha payshanba kuni Dushanbe shahrida poyoniga yetgan ODKB tashkilotiga a‘zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari ham xuddi shu masalani muhokama etishgan.

Afg‘onistonga bevosita qo‘shni Tojikiston ODKB o‘z chegaralarini mustahkamlashda yordam bermayotganidan shikoyat ham qilgan.

Mintaqadan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, MDH davlatlari tashqi ishlar vazirlarining bugungi Bishkek yig‘ini ham aynan Markaziy Osiyo va Afg‘oniston masalasiga qaratilgan.

O‘tgan mart oyida esa, Tojikiston Afg‘onistonga chegaradosh Xatlon viloyatida 30 mingdan ortiq harbiy va zaxiradagi askarlari ishtirokida harbiy maqshlar ham uyushtirgandi.

Image copyright AFP

Xuddi shu manzarada qo‘shni Turkmanistonning o‘z chegaralarini himoya etishda ko‘mak berishini so‘rab, AQSh tomoniga murojaat qilganiga oid xabarlar ham o‘rtaga chiqqan.

Shu kunlarda ayrim nufuzli internet nashrlarida chop etilgan maqolalarda esa, "Islomiy Davlat"ning allaqachon Markaziy Osiyoda ham faollashishga ulgurgani haqida so‘z yuritiladi.

Jumladan, yaqinda centralasiaonline.com internet nashrida chop etilgan maqolaning o‘zi, hatto, "Islomiy Davlat"ning Markaziy Osiyoda faollashganidan O‘zbekistonda tashvishdalar", deb nomlanadi.

Maqolada O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati tahlilchisi Baxtiyor Sharofovning aytishicha, "Islomiy Davlat"ning shundoqqina Markaziy Osiyoning ostonasida paydo bo‘lishi mavjud tahdidning teraktlar va jangovar amaliyotlar darajasiga o‘sib yetganini anglatadi.

Xuddi shu o‘rinda MXX tahlilchisining aytishicha, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari "Islomiy Davlat" jangarilarining Turkmaniston chegarasi bo‘ylab yashirinib yurishgani va O‘zbekiston chegarasida ham faollashganini tasdiqlashgan.

Bundan tashqari, maqolada Baxtiyor Sharofovning Afg‘onistonda o‘rnashib olgan ekstremistlarning urush olib borishdan tashqari, tashviqot yuritish vazifasi bilan O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga o‘z emissarlarini yuborganliklari, bundan O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati xabar topganiga oid so‘zlari ham keltiriladi.

O‘tgan oy esa, qator mahalliy nashrlar O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati "Islomiy Davlat" guruhining mamlakat hududida terrorchilik xurujlari uyushtirish rejasidan xabar topgani haqida yozishgandi.

Jumladan, 12news.uz sahifasi "Islomiy Davlat" bahorda O‘zbekistonda zo‘ravonliklarni rejalagani, shu bois ham O‘zbekiston o‘z chegaralarini mustahkamlash va xavfsizlikni kuchaytirishga qaror qilgani haqida xabar bergandi.

Ammo, ta‘kidlash joiz, shu paytgacha qo‘shni Afg‘oniston yoki Pokistonda uyushtirilgan biror bir hujumga "Islomiy Davlat" guruhining o‘zi bevosita mas‘uliyatni zimmasiga olib chiqmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02