Jeremi Klarkson ustidan ish nihoya topdi

Image caption Top Giyer(Top Gear) BBCning eng mashhur ko‘rsatuvlaridan biri bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab 350 million tomoshabiniga ega

Shimoliy Yorksher Politsiya xizmati Top Giyer (Top Gear) teledasturi boshlovchisi Jeremi Klarkson bilan bog‘liq janjal bo‘yicha "qo‘shimcha amalga ehtiyoj yo‘q"ligini aytgan.

Shuningdek, politsiyaning bildirishicha, BBC televideniyesi prodyuseri Oushen Taymon o‘z nomidan Klarksonga qarshi ish ochilishini istamagan, ammo ular tartibga binoan tekshiruv o‘tkazishgan.

Shimoliy Yorksher Politsiya xizmatiga ko‘ra, endi tergov jarayoni nihoya topgan va ish ortiq davom ettirilmaydi.

Jeremi Klarkson o‘tgan oy mehmonxonalardan birida Taymon janoblariga musht tushirgan.

Xabar qilinishicha, janjal kun bo‘yi davom etgan tasvirga olish jarayoni ortidan issiq ovqat bo‘lmagani bois kelib chiqqan.

4 mart kuni yuz bergan hujum natijasida Oushen Taymonning labi yorilgan va shishgan. U jarohati bois shifoxonaning tez yordam bo‘limiga murojaat qilgan.

Hodisa to‘g‘risida Klarksonning o‘zi BBC telekanali direktori Danni Koenga aytgan.

10 mart kuni Jeremi Klarkson vaqtincha ishdan chetlatilgan. 25 martga kelib esa, uning Top Giyer (Top Gear) teledasturi boshlovchisi sifatidagi vazifasiga qatymasligini e‘lon qilingan.

Bir milliondan ortiq muxlislari Klarksonni ishga qaytarilishi uchun pitetsiya imzolashgan.

Biroq, BBC Bosh direktori Toni Xoll "chegaradan chiqilgani" va "bir odamga bir tartib-qoida, boshqaga boshqacha tartib-qoida" bo‘lmasligini aytgan.

Top Giyer BBCning eng mashhur ko‘rsatuvlaridan biri bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab 350 million tomoshabiniga ega.

Shuningdek, teleshou BBCga juda katta moliyaviy foyda keltirgan. Bu daromad yiliga 50 million funt sterlingni tashkil qilishi aytiladi.

BBCga ko‘ra, shou Jeremi Klarksonsiz davom etishini bildirdi.

Ammo, uning hamkor boshlovchilari Richard Xammond va Jeyms Mey dasturda qoladimi yo‘qligi ma‘lum emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.