Boburiy shahzoda, Islom va diniy bag‘rikenglik

Shahzoda Doro shariat mahkamasida Image copyright ellie kurtz
Image caption Shahzoda Doro o‘z taqdiri va e‘tiqodi uchun hukm chiqarilishini kutmoqda

Mumtoz yunon tragediyalari kabi bosh qahramonlarning yoshligida qilingan bashoratlar bir oilaning parchalanib ketishiga hamda nafrat va ishonchsizlik yuzaga chiqishiga olib keladi. Boburiylar sulolasidan bo‘lmish Shohjahon o‘zining barcha qarindoshlari davrasida bir so‘fiy darvishdan "qaysi bir farzandim menga xoinlik qiladi" deb so‘raganda, darvish Shohjahonning ikkinchi o‘g‘li Avrangzebga ishora qiladi.

"Shahzoda Doro" dramasining negizida Avrangzeb voris Doro Shukuh qo‘lidan taxtni tortib olib, o‘zini podshoh deb e‘lon qilgani haqidagi tarixiy hodisa yotadi. Biroq bu hikoya hozirgi zamonga ham juda taalluqli deb aytish mumkin.

Image copyright ashmolean museum
Image caption Avrangzeb siyosati oqibatida Boburiylarning diniy turfaxillik merosi qisman yo‘qoladi

Din - hokimiyatga erishish uchun vosita

Doroni taxtdan ag‘darish maqsadida Avrangzeb dindan foydalanadi. Bugungi kunda tomoshabinlar xuddi har qanday asr tomoshabinlari kabi turli xil diniy qoidalarni o‘z shaxsiy maqsadi yo‘lida ishga solish orqali siyosiy manfaatlarga erishish mumkinligiga guvoh bo‘lishadi. Doro shariat mahkamasiga yuz tutadi. Uni she‘r yozish, diniy totuvlikni rag‘batlantirish va ijtimoiy bo‘linishlarni bartaraf etishga harakat qilishda ayblashadi.

Mushkul ahvolga tushgan Doro mullalar tomonidan o‘ziga ayb sifatida ilgari surilgan gunohlarni inkor etishga urinadi. Bu yerda kurash Doro bilan din o‘rtasida emas, balki Doro va Islomning muayyan bir talqini o‘rtasida ketadi. Doro o‘z-o‘zini himoya qilishga qaror qiladi va bu XVII asrda yashagan bir musulmonning himoyasi bo‘lmay, balki bugungi kunda Islomning sulh va sevgi payg‘omlarini yoymoqchi bo‘lgan zamonaviy bir musulmonning himoyasi bilan hamohangdir. U mullalarga qarab "sizlarga o‘zlaringizning diningiz, bizga o‘zimizning dinimiz" deb Qur‘on oyatini eslatadi. Ular esa uni shakkoklikda ayblaydilar.

Bugungi kunda Tolibon va "Islomiy Davlat" ekstremistlari o‘ziga xos shariat mahkamalarini o‘rnatishgan. Ular Qur‘onni o‘zlaricha talqin qilib, odamlarni Islom diniga bo‘ysunmaganlari uchun o‘limga mahkum qiladilar. Ular xuddi Avrangzeb saroyidagi mullalarga o‘xshaydilar. Doroga u hind va sikxlarning muqaddas kitoblarini o‘qigani uchun qoralovchi tomonidan "kofir" degan tamg‘a qo‘yiladi. Bunga javoban Doro qoralovchidan, u o‘sha asarlarni o‘qiganmi, deb so‘raydi. Savol javobsiz qoladi.

Image caption Doro Shukuh qatl etilganidan so‘ng Boburiylarning Dehlidagi Humoyun maqbarasida dafn etilgan

Ishq-muhabbat

"Doro" dramatik asarida muhabbatning turli shakllari namoyish etiladi. Ba‘zilari jamiyatda ma‘n etilgan, boshqalari esa turli dinlar va kastalarni birlashtirishga qodir bo‘ladi.

XVII asrda Hindiston subkontinentida ozchilikni tashkil qilgan musulmon Boburiylar sulolasi hukmronlik qilgan. Ushbu yirik imperiyaning mag‘lub bo‘lishi - drama asarining markazidadir. Avrangzeb nafaqat o‘z akasi va taxt vorisini halok etadi, balki uning dinga bo‘lgan ishtiyoqi Hindistonning bo‘lingan jamiyatini undan badtar bo‘linishiga yetaklaydi.

Doro ilohiy kuch barcha dinlarga asos solganiga ishonadi. Avrangzeb esa bu faqat Islomga xos deb ishonadi. So‘fiylik hamda hind va sikx muqaddas kitoblarini tadqiq qilib anglab olgan Doro butun bashariyat uchun muhabbatni targ‘ib qiladi. U barcha madaniyatlarning hamohangligini himoya kilib, diniy muloqotlarga ehtiyoj paydo bo‘layotganini anglab olgan inson bo‘lgan. Rahm-shafqatni bilmaydigan Avrangzeb diniy ekstremizm g‘oyalari bilan qorishiq olib borgan siyosati natijasida, xalq orasida nafratga sazovor bo‘ladi.

Image caption Toj Mahal maqbarasi - so‘nmas sevgining kuchli ramzi

Asarda Avrangzeb Xira Bay ismli hind qiziga oshiq bo‘ladi. Taqdir taqozosi bilan u olamdan o‘tadi va Avrangzeb chuqur qayg‘uga tushadi. Shuningdek, asarda diniy aqidalar hukm so‘rgan jamiyatda haqiqiy kuchli ishq-muhabbatga o‘rin yo‘qligi namoyish etiladi. Drama davomida Avrangzebning xayolidan Xiraning siymosi takror-takror o‘tadi va tomoshabinlar, agar u Xirani yuqotmaganida, ehtimol boshqa inson bo‘lishi mumkin edi, deb o‘ylanib qoladilar.

Sahnada Shohjahon va uning sevikli ayoli Mumtoz Mahalning so‘nmas muhabbati ham namoyon bo‘ladi. Ularning sevgisining kuchli ramzi Toj Mahal maqbarasidir. Biroq ota-onaning bir-biriga shu darajada bo‘lgan sevgisi kuch-qudrati kelajakda avlodlari o‘rtasida nafrat qo‘zg‘atib, oxir-oqibat fojeaga olib keladi...

Ayollar o‘rni

XVII asr Hindistonida saroy ayollarining roli odatda ichkarida bo‘lish bilan cheklangandi. Ulardan davlat ishlariga aralashmasliklari kutilgan. Biroq Boburiylar oilasida bu tartib o‘zgacha bo‘lgan. Boburiylar saroylarida ayollar nafaqat hokimiyat uchun kurashganlar, ular katta ta‘sir ko‘rsatishga qodir bo‘lib, hattoki ularning maslahatu-mashvaratlariga, buyruq-farmon berish ishlarida quloq solingan.

Image caption Saroy ayollarining hayoti panjara ortida kechgan

Biz Shohjahonning to‘ng‘ich qizi Jahonoroni "Muhtarama momo", ya‘ni hurmatga sazovor oila boshlig‘i rolini bajarayotganini ko‘ramiz. U o‘z otasini himoya qilib, aka-uka o‘rtasidagi nizoni bartaraf etish va ularni yarashtirishga harakat qiladi. Tomoshabinlar Ravshanoro ismli boshqa singilni ham ko‘radilar. U Doro bilan Avrangzeb o‘rtasidagi nizoga olov qo‘shib, qaytadan Avrangzebni Doroni adolatsiz shariat mahkamasiga tortishga undaydi.

Doro mahkamada o‘z himoyasini namoyon etayotganida, u bugungi kunda ham turli bahslarga sabab bo‘lgan ayollarning hijobi borasida to‘xtalib o‘tadi. U o‘zining mo‘‘tadil qarashlarini muhofaza qilayotganida, bir mahal ko‘zi ayvonda panjara ortida mahkama jarayonini kuzatgan Avrangzeb bilan Ravshanaroga tushadi. Shu paytda qoralovchi uning singlisi mahkamada hozir bo‘lishi borasidagi murojaatlarini "bu amal ayol uchun nomunosib" deya rad etishga urinadi. Biroq Doro bu yerda "hijob barcha musulmon ayollar uchun emas, faqat Rasululloh Payg‘ambarning ayollariga mo‘ljallangani" haqida nutq so‘zlaydi. XVII asrdagi hijob bilan bog‘liq bahslar bugun ham munozarali masala bo‘lib qolmoqda.

Image caption "...sizlarga o‘zlaringizning diningiz, bizga o‘zimizning dinimiz..."

Drama davomida ayollar doimo hozirdirlar. Xoh Mumtoz Mahalni xotirlayotganlarida bo‘lsin, xoh raqsga tushayotgan Xira, yo-da nafrat alangasini qo‘zg‘atayotgan Ravshanoro, yo Doroni qo‘llab-quvatlagani sabab qamoqqa yuz tutgan Jahonoro ramzlarida.

Bu dramaning bugungi kun bilan o‘xshash va hamohang jihatlaridan biri - bu mintaqada qarama-qarshiliklar hamon ham mavjudligidadir. Ayniqsa, Doro Shukuh borasidagi fikr-mulohazalar tinib-tinchimagan g‘alva bo‘lib qolayotir. Ayrimlar uni jamiyatni birlashtirishga uringan zamonaviy mutafakkir deb olqishlasa, ba‘zilar esa dinga katta ziyon yetkazgan kofir deya qoralaydilar.

Xuddi hozirda ham qalbida ishonch o‘ti so‘nmagan, irodasi mustahkam mahkamaga tortilgan shahzoda Doro o‘z taqdiri va e‘tiqodlari uchun hukm chiqarilishini kutayotgandek.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02