G‘arblik ayollar "Islomiy davlat"ning nimasiga oshiq bo‘lmoqda?

Image copyright POLICIA METROPOLITANA DE LONDRES
Image caption "Mujohidlarning kelinlari"

O‘tgan oy Nyu Yorkda ikki ayol "ommaviy qirg‘in qurollarini" ishlatish uchun til biriktirishda ayblandi.

Ular "Islomiy davlatning fuqarolari" ekanini da‘vo qilishdi.

"Islomiy davlat" saflariga qo‘shilish uchun nima uchun safar qilishmagani haqida so‘ralganida, ulardan biri turmushga chiqqani va ikkovlon "qarib" qolganlarini aytishdi.

Ayollarning o‘z yoshi va oilasi borasida xavotirda bo‘lishi ajablanarli hol emas.

Internetdagi bahsu munozaralarga ko‘z yugurtirsangiz, Suriyaga qizlar yetib kelishi bilan turmushga chiqishi aytiladi.

Jangari bilan turmush qurish ayrim qizlarning o‘zligini mustahkamlaydi, katta bir jamoa yoki Ummatning bir qismi bo‘lishini kafolatlaydi.

"Yolg‘on tanlov"

Ayni masalada tahlillarning aksariyati bu xotin-qizlarni G‘arbning liberalizmiga qarshi deb taqdim qiladi.

Ular oldiga yolg‘on tanlov qo‘yiladi.

Ya‘ni, huquqlar va feminizm yoki "an‘ana" va "iymon" o‘rtasida tanlov...

Ana shu ikkala tanlovni ham, ta‘bir joiz bo‘lsa tanlashni esa, ham keng jamoatchilik va ham ularning o‘z jamoalari "tushunishmaydi".

"Islomiy davlat" uchun esa bu ayni muddao.

Ular G‘arbdagi ayol mavqeisini savol ostiga oladi.

Orada ayol tanasi rasmlari savdosi, ham uyda va ko‘chada ishlash, jinsiy zo‘ravonlik madaniyati, pornografiya, irqchilik va hokazo...

Bularning bari G‘arbga taqab qo‘yiladi.

"Islomiy davlat" albatta feministlar guruhi emas.

Ularning nazarida ayollar erkaklar bilan teng emas.

"Islomiy davlat"ga qo‘shilgan ayollar sayohat va ishlashga deyarli haqlari yo‘q.

Yaqinda Quilliam Foundation "Islomiy davlat"ning manifestini tarjima qilib tarqatdi.

Unga ko‘ra, ayollar o‘z uylarini faqat jihod uchun tashlab chiqishlari mumkin.

"Dushman vatanga hujum qilganida va erkaklar ozayib qolganida ayol kishi jihodga chiqadi, bu haqda imom fatvo beradi..."

"Islomiy davlat" ayollari hozir bunga vaqt yetilmagan deb bilishadi.

Ammo ayni holat "Islomiy davlat"ning mujdasi qanchalar ham shaxsiy va ham siyosiy jabhalarni qamrab olayotganidan darak beradi.

"Mujohidlarning kelinlari" hikoyalari umid va soddadil romantiklik bilan sug‘orilgan.

Yashirin muxbir Anna Erel Ovro‘polik mujohid Bilolning qallig‘i bo‘lib mashhurlashdi.

"Islomiy davlat"ning nikohiga ikki inson o‘rtasida shaxsiy ittifoqdan ko‘ra ham kattaroq bir ma‘ni yuklanadi.

Shaxsiy hohish-istaklar ulkan g‘oyalar bilan birlashtiriladi.

Yaxshi hayot va umumiy g‘oya atrofida qurilgan juftlik...

"G‘arbda musulmon ayollari sukut qilishga majbur..."

Image caption "Yangi davlat" qurishni istagan kelinlardan biri

Bint Nur Suriyada urushgan Britaniyalik mujohidning rafiqasi va u 2014 yilda Ask.fm ga yo‘llagan maktubida "ayollar erkaklarni yaratadi, erkaklar esa Ummatni", deb yozadi.

Ularning shaxsiy tanlovlari, ya‘ni uy-ro‘zg‘or ishlari, farzandlar tarbiyasi va oilaviy hayoti yangi davlat yaratishga qaratilgan.

Vocativ yangiliklar sahifasiga ko‘ra, "Islomiy davlat"ning 45% targ‘iboti xalifalik qurish va uni mustahkamlashga qaratilgandir.

Targ‘ibot yo‘l qurilishidan tortib, mahalliy infratuzilma, avtomobil harakati nazorati, xayriya, huquq masalalari, kasalxonalar va qishloq xo‘jaligi ishlarini ham qamrab oladi.

Suriya va Iroqqa safar qilayotgan G‘arblik yosh qizlarning maqsadi ancha kengdir.

Ular yangi davlat yaratayotgan onalar bo‘lishni istashadi.

Bu esa Ovro‘poda yosh musulmonlarga nisbatan shakllangan salbiy qarashlarga tom teskaridir.

"Islomiy davlat"ning G‘arbdagi ta‘sirini ozaytirish oson bo‘lmaydi.

Bunda faqat diniy o‘gitlar qo‘l kelmaydi.

Politsiya va xavfsizlik xodimlariga ko‘proq imkoniyatlar berilishi kerak.

Askilradikalizm chora-tadbirlari qatorida yosh musulmon xotin-qizlarning muammolariga ochiqlik bilan, ularni "dunyoviylashtirish" harakatlarisiz yondashish lozim bo‘ladi.

Juda ko‘p yosh musulmon ayollar mavjud siyosiy fazoda "sukut" qilishga majbur, chunki ular o‘zlari nazorat ostiga tushib qolishdan qo‘rqishadi.

O‘zlariga nisbatan "allaqachon radikallashgan" degan tamg‘a yopishtirilishidan hadiksiraydi.

Bu holat esa ularni ekstremistlar bag‘riga "otmoqda".

Aslida ularning orzu-havaslari va qo‘rquvlarini tushunish kerak.

Islomofobiya, kamsitish va boshqa muammolarni hal etish yo‘llarini ko‘rish lozim.

Yaqinda Musulmon Ayollari Kengashi tomonidan uyushtiriladigan "Havvoning qizlari" nomli anjuman ana shu mushkul yo‘lda qo‘yilayotgan bir qadamdir.

Biz tanqidiy va mushkul savollarni faqat "Islomiy davlat"dan emas, balki Britaniyadan ham so‘rashlari uchun izn berishimiz kerak.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK