"Ijtimoiy minbar": Xotira haykallariga o‘rin bormi?

Image copyright none

Toshkent viloyatining Angren shahri hokimiyati buyrug‘i bilan 19 martda shahar markazidagi Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan angrenliklar sharafiga 1967 yilda qo‘yilgan yodgorlik yiqitilgani haqidagi xabarlardan so‘ng, biz "Ijtimoiy minbarmizda " Ikkinchi Jahon urushida halok bo‘lgan insonlar sharafiga qo‘yilgan yodgorliklar buzilishi kerakmi?" degan savol atrofida foydalanuvchilarimizni bahsga chorlagandik.

Bahsni Alimardon Quddusiy "Umuman olganda 9 may bizlarning emas, ruslarning bayramidir. Shunday ekan bunga karshiligim yo‘qdir" - degan izhorot bilan ochib bergan.

Bunga javoban tahririyat tomonidan "Demak, sizningcha, shu urushda jon bergan 100 mingdan oshiq o‘zbeklar xotirlanmasligi kerak, shundaymi?" - deya qo‘yilgan savol esa javobsiz qolgan.

Lekin boshqa mushtariy Nodir G‘ofurov "Sening avlodingdan hech kim urushda qatnashmagan, qon to‘kmagan bo‘lsa, bayramni tan olmasliging mumkin", - deya fikr bildirgan.

Ana shu izhorotga, Alimardon Quddusiy javob berib, "Mening ikkita amakim urushda jon bergan, mening ota-bobolarim aynan shu bolsheviklar tomonidan qatl qilingan. Biz bu kunni bayram emas, balki bolsheviklar tuzumi qurbonlarini yodga olib, motam o‘larok nishonlashimiz kerak", - deydi.

Ali Bek haykalning olib tashlanishiga qarshi. Unga ko‘ra, "Nima bo‘lganda ham bu yovvoyilik. Kelajakda insoniylik ramzi bo‘lmish Shomahmudovlar oilasiga qo‘yilgan yodgorlik qaytarilishi kerak", - deya taklif tashlagan.

Aziz Mirzakulov ning yozishicha, "Yo‘q joydan shov-shuv ko‘tarmaganimiz yaxshi vatandoshlar. Mamlakatimizning har 12 viloyati markazida xotira maydoni qurilgan. Toshkent shahridan O‘rtachirchik tumaniga kirishning chap tomonida, Toshkent viloyatining madaniyat va ma‘rifat markazi bo‘lmish maydonida, Toshkent viloyatidan Ikkinchi jahon urushida qatnashib halok bo‘lganlar (devorlarida hammalarining ismi sharifi alfavit navbati bo‘yicha yozilgan) xotirasiga bag‘ishlangan maydon qurilgan. Ko‘rkamli markaziy xotira maydoni esa Toshkent shahrining markazida ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Har yili xotira kuni poytaxt va shu viloyat markazlari maydonlarida qurbonlarni xotirlash va veteranlarni e‘zozlash anjumanlari yuqori e‘tibor ko‘rsatilgan holda o‘tkaziladi".

Ziyade Inombaeva haykalning olib tashlanishi tufayli shahar hokimini tanqid ostiga olgan. "Bu hokim undan ko‘ra yo‘llarni to‘g‘rilasin. Ota-onamnikiga borsam yo‘llar teshilib yotibdi, yurib bo‘lmaydi", - deya hokim sha‘niga achchiq so‘zlarini ham ayamagan.

Ikram Sabirov kutilmagan fikr bildirgan. "Agar bobolarimiz urushda g‘alaba qilmaganda o‘sha yodgorlik joyida fashistlar bayrog‘i yoki haykali turgan bo‘lardi. O‘shanda uni buzish u yoqda tursin, aksincha artib-supurib ketar edilar", - degan.

Tulkin Karayev ning yozishicha, "Islom Abduganiyevichning otasi urush qatnashchisi emas. Hamma balo mana shunda. Agar Abdug‘ani ota ham urushda bo‘lib qaytganida, yoki qayerdadir qahramonona halok bo‘lganida edimi, bunaqa yodgorliklar ko‘paytirilgan bo‘lardi. Abdug‘ani otaning urushda ko‘rsatgan qahramonligi sabab, Sovet Ittifoqi g‘alaba qozonganligi haqida ilmiy asarlar yozilardi".

Rano Yuldasheva bu fikrni qo‘llagan. "Gaplaringizga qo‘shilaman, tarixni o‘chirish, u qandayin bo‘lmasin, urushda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasini oyoq osti qilishdir".

Lekin Uzbek Turkiy ga ko‘ra, "Umuman haykalbozlikni yo‘qotish kerak. Navoiyga Samarkand va Toshkentda kuyilgan haykallarning o‘zi yetadi. Haykallar shunday o‘rnatilsinki, ular bir- birlarini takrorlamasin, yagona bo‘lsin. Urush kahramonlariga esa qabristondan maxsus joy ajratilib, u joyga barcha kahramonlar ro‘yxati yozilsin. Shunda menimcha har bir qabristonga qadam bosgan insonni bunday yodgorlik taxtachasiga ko‘zi tushadi, eslaydi, ular haqiga tilovat qiladi. Menimcha shahar o‘rtasidagi ramziy qabrdan ko‘ra shu ish sal mantiqqa to‘g‘ri keladigan ish bo‘lsa", - deya masalaga yechim ilgari surgan.

Ammo Shaxlo Rustamova bu borada anchayin qat‘iy. Unga ko‘ra, "Sovet ideologiyasiga oid barcha narsalarni buzib yo‘qotish kerak. Chunki biz mustaqil yurt tuzmoqchimiz va bunga erishdik deb uylayman".

Bunga Umidjon Abdimuxtorov anchayin muloyim ohangda javob bergan: "Yodgorliklardi buzish kerak emas".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Your contact details
Disclaimer