"Sirdaryo suvini ichish u yoqda tursin, sug‘orishga ham ishlatib bo‘lmaydi"

O‘zbek-Qozoq chegarasida joylashgan Chordara suv omboridagi suv tarkibini uch yil davomida o‘rgangan qozog‘istonlik olimlar Sirdaryo suvi zaharli, degan xulosaga kelganlar.

Bu haqda Qozog‘istondagi Today.kz web-sayti xabar tarqatgan.

Markaziy Osiyoning eng uzun daryosi tarkibini Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston Davlat universiteti ekologlari o‘rganganlar.

Endi uch yillik tadqiqotning ilk natijalari e‘lon qilingan.

Suv tarkibi Sirdaryo oqib o‘tadigan Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlarida o‘rganilgan.

Sirdaryo suvida simob, qo‘rg‘oshin, tsink, mis, xrom, nikel va molibden singari og‘ir metallar miqdori talab qilinadigan me‘yordan yuqori, degan xulosaga kelganlar chimkentlik tadqiqotchilar.

"Sirdaryo suvidan ziroat ehtiyojlari uchun ham, baliqchilik uchun ham foydalanish tavsiya etilmaydi", deb aytgan Janubiy Qozog‘iston Davlat universiteti professori Uylesbek Besterekov.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, Sirdaryoda eng ko‘p zaharli moddalar O‘zbekistonga tutash hududlarda kuzatiladi.

Qozoq olimlariga ko‘ra, eng muhim vazifa qaysi ishlab chiqarish korxonasi Sirdaryoga buncha ko‘p zaharli moddalarni chiqarib tashlayotganini aniqlash.

So‘ng daryoga og‘ir metallar oqizishni to‘xtatishga erishish

O‘shanda ham Sirdaryo darrov tozalanib qolmaydi, daryo suvidagi zaharli moddalar chiqib ketishi uchun 10 yil talab qilinadi, deb aytgan professor Uylesbek Besterekov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram – bbcuzbek

Twitter – bbcuzbek

Odnoklassniki – bbcuzbek

Facebook- bbcuzbek