Boston marafoni hujumchisi Johar Tsarnayev aybdor deb topildi

Image copyright AP

AQShning 2013 yilgi Boston marafonida bomba hujumini uyushtirishda ayblangan shaxs o‘ziga qarshi qo‘yilgan 30ta ayblovning barchasida aybdor deb topildi. U endi o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Massachusetsdagi sudda ishtirok etayotgan fuqarolar hay‘ati endi 21 yoshli Johar Tsarnayevga qarshi qanday hukm chiqarilishi borasida qaror beradilar.

2013 yil aprelida marafon chizig‘i yaqinida bomba portlashi oqibatida uch odam halok bo‘lgan va 260 nafari jarohat olgandi.

Tsarnayevning advokatlari u hujumda ishtirok etganini tan olganlar, ammo asosiy uyushtiruvchi uning akasi bo‘lganini aytganlar.

Advokatlar endi unga o‘lim jazosi emas, balki bir umrlik qamoq jazosi berilishiga erishishga urinadilar.

Boston shahri joylashgan Massachusets shtatida 1947 yildan beri hech kim qatl qilinmagan, o‘lim jazosi esa 1984 yilda bekor qilingan.

Ammo, Tsarnayev shtat jinoyatlari emas, balki federal jinoyatlarda aybdor deb topilayapti.

Hujum ortidan bir politsiyachi ham nobud bo‘lgandi. Aka-uka Tsarnayevlar qochishga uringanlar va kattasi halok bo‘lgandi.

Chorshanba kuni hakam hukmi o‘qib eshittirilar ekan, Tsarnayev yerga qarab qo‘lini qovushtirib o‘tirdi.

Qurbonlar

  • 29 yoshli restoran menejeri Kristl Kembl o‘z do‘stining poygadagi ishtirokini kuzatish uchun kelgan bo‘lgan
  • Xitoylik bitiruvchi talaba Lui Lingzi Boston Universitetida statistika fanidan ta‘lim olayotgandi

  • Sakkiz yoshli Martin Richard oilasi bilan poygachilarni dastaklab turgandi

Qurbonlardan biri bo‘lgan sakkiz yoshli Martin Richardning onasi ko‘z yoshlarini artdi. Qurbonning otasi esa prokurorlardan birini quchoqladi.

Hujum ortidan o‘ldirilgan Zobit Shon Kolliyerning oilasi: "Bugungi hukm bizga Shonni qaytarib bermasa-da, biz Johar Tsarnayev shuncha oilalar boshiga yog‘dirgan balosi uchun javob berishidan mamnunmiz", - deyishdi.

Tsarnayevning advokatlari uning akasi Tamerlan hujumni uyushtirgani, Johar esa uning ta‘siri ostida akasiga ergashganini aytishadi.

Lekin, prokurorlar ikkovlonni musulmon davlatlaridagi urushlar uchun "Amerikani jazolash" rejasida teng sheriklardek taqdim qilishdi.

Eng dahshatli dalil-isbotlar orasida Johar Tsarnayevning sakkiz yoshli Martin Richard yoniga bomba solingan ryukzakni joylashtirayotgani aks etgan video va hujumdan bir necha kun o‘tib o‘zi yashiringan kemaning ichiga yozgan so‘zlari bor edi.

"Bizning begunoh odamlarimizni o‘ldirishni to‘xtating va biz ham to‘xtaymiz", - deb yozgandi u qonga belanib yashirinib yotgan kemasi ichiga.

Sudda, shuningdek, Johar Tsarnayev hujumdan 30 daqiqa o‘tar-o‘tmay yaqin oradagi supermarketdan bemalol sut sotib olayotgani aks etgan video ham namoyish qilindi.

Tsarnayev etnik chechendir. Uning oilasi hujumdan 10 yil avval AQShga ko‘chib kelgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK