Yangi so‘rov: Dunyo qanchalik dindor, O‘zbekiston-chi?

Image copyright AP

Dunyo aholisining uchdan ikki qismi dindor. Fuqarolarining qanchalik dinga ishonishi borasida esa, jahonda Tailandga bas keladigani yo‘q.

Bu kabi xulosaga WIN/Gallup International tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rov ortidan kelingan.

Tailand aholisining 94 foizi o‘zining dindor ekanini aytgan, ateist fuqarolarining soni esa, bor-yo‘g‘i 1 foizni tashkil etgan.

Yangi so‘rov natijalariga muvofiq, Tailanddan keyin Armaniston, Bangladesh, Gurjiston va Marokash dunyoning eng dindor davlatlari ekani ma‘lum bo‘lgan.

Gollandiya, Chex Respublikasi, Shveytsiya, Yaponiya va Xitoy esa, aholisi dinga eng kam ishonuvchi mamlakatlar ro‘yxatida yuqori beshlikni egallashgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan so‘rov xaritasiga faqat Qozog‘iston tushgan.

So‘rov jarayonida qo‘shni qozog‘istonliklarning faqat 64 foizi o‘zlarining dindor ekanliklarini aytishgan.

Xuddi shu manzarada Rossiya aholisi 70 foizining dinga ishonishi ma‘lum bo‘lgan.

Qo‘shni Afg‘onistonda esa, bu raqamlar 87 foizni tashkil etgan.

Yangi so‘rov dunyoning 65 davlatida qariyb 64.000 kishi o‘rtasida olib borilgan.

Bu odamlarning qanchalik dindor ekanliklari yuzma-yuz, telefon va internet muloqotlari orqali o‘rganilgan.

“Yoshlar eng dindor...”

Yangi tadqiqotlar jarayonida o‘zini dindor sanovchilarning aksariyati yoshlar ekani ham ma‘lum bo‘lgan.

Agar, so‘rov ortidan qo‘lga kiritilgan ma‘lumotlarga tayanilsa, biror bir dinga e‘tiqod qilishlarini aytganlardan uchdan ikki qismini yoshi 25 dan 34 gacha bo‘lganlar tashkil qilgan.

So‘rov mualliflariga ko‘ra, bu kabi holat odamlarda dindorlik tuyg‘usining bundan buyog‘iga ham kuchayib boraverishiga dalolat qiladi.

“Agar, yangi so‘rov natijalariga qarasak, biz dunyo bo‘ylab o‘zini dindor sanovchi insonlarning foizi haqiqatan ham nisbatan yuqori ekaniga guvoh bo‘lamiz. Agar, xuddi shu manzarada, yoshlar orasida dindorlik tuyg‘usining kuchayib borayotgani inobatga olinsa, kelajakda ham dindorlar soni global miqyosda ortib borishini taxmin qilishimiz mumkin”, - deydi, jumladan, WIN/Gallup International tadqiqot markazi prezidenti Jan-Mark Leger.

Boshqa tomondan, yangi tadqiqotlar o‘rta va oliy ma‘lumotlilar bilan taqqoslanganda, biror bir yerda ta‘lim olmagan insonlar orasida dinga ishonuvchilarning soni ko‘proq ekanini ko‘rsatgan.

Deylik, bunday odamlarning soni 80 foizni tashkil etgan paytda, savodxon dindorlarning soni bundan 20 foizga kam ekani ma‘lum bo‘lgan.

Dindorlik darajasi qit‘ama-qit‘a tahlil qilinganda esa, Avstraliya va G‘arbiy Ovro‘po aholisi dinga u qadar e‘tiqod qilmaydigani bo‘lib chiqqan. Bu yerda dindor odamlarning soni 50 foizga ham yetmagan.

Bundan avval “Pьyu” xalqaro tadqiqot markazi tomonidan olib borilgan boshqa bir so‘rov esa, 2100 yilga borib, Islom – dunyoda yetakchi dinga aylanishiga dalolat qilgandi.

Image copyright REUTERS

Bu so‘rovda, shuningdek, kelasi 35 yil ichida G‘arb istisno jahonning qolgan hududlarida ateistlar soni ham kamayib borishi bashorat qilingandi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

Bu mavzuda batafsilroq