"Turkiya prezidentiga til tekkizmang"mi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Amerika prezidentiga karikatura chizmoqchi bo‘lganlar ko‘pda uning qulog‘ini "nishon"ga oladilar.

Britaniya Bosh vazirining esa aksariyat hollarda negadir lunji "qalamga tushadi".

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning esa karikaturalarda aksar hollarda lablari "cho‘chchaygan". Huddi pingvindek. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uni ko‘pda mazah qiluvchi jurnalning nomi ham "Pingvin".

Jurnal muharriri Seljuk Erdemning aytishicha, Prezident haqida ko‘plab karikaturalar chizishadi.

Lekin muammo shuki, Prezidentning o‘zi uchun bu karikaturalar kulgili emas.

Rajab Toyib Erdo‘g‘onning avval Bosh vazir, keyinchalik prezident maqomida bo‘lgan 12 yil mobaynida "Pingvin" jurnali uni turli jonzotlar qiyofasida tasvirlagani uchun bir necha marotaba mahkamaga tortilgan.

Oxirgi marotaba jurnal Prezidentning hashamatli saroyini tanqid ostiga olib: "Qasamyodga keltirish mobaynida hech qursa biron jurnalistni qurbonlik qilsak bo‘larmidi", - yozuvi bilan hajviya nashr etdi.

Hajviyada Prezidentning hamjinsbos ekanligiga ishora ham bor, deya da‘vo qilindi.

Janob Erdo‘g‘onning huquqshunoslari "haqorat qilingan" deya, mahkamaga shikoyat topshirdilar.

"Pingvin"ning 2 jurnalisti 14 oyga qamaldi.

"Prezident hazil-mutoyibani tushunmaydi"

"Bu juda achinarli holat. Karikatura uchun mahkamaga tortilish afsuslanarli hol. Janob Erdo‘g‘on va uning hukumati hazil-mutoyibani tushunmaydilar", - deydi "Pingvin" muharriri Seljuk Erdem.

2014 yildan beri Turkiyada "davlat rahbarini haqorat qilish" aybi bilan 236 kishi ustidan ariza berilgan. Ulardan 105 nafariga qarshi rasman ayblov e‘lon qilingan, 8 kishi hibsga olingan.

2014 yilning iyul-dekabr oyi o‘rtalarida Turkiya 477 xabarning olib tashlanishini talab qilib, Twitter ga so‘rovnoma yuborgan.

Janob Erdo‘g‘onning mamlakat rahbari bo‘lgan yillari mobaynida hammasi bo‘lib 63 jurnalist 32 yil qamoq jazosiga hukm qilingan, jurnalistlarga 128 ming dollar jarima solingan.

Turkiya Jinoiy Kodeksining 299 moddasiga binoan mamlakat prezidentini haqorat qilgan inson 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.

Agarda haqorat ommaviy ravishda qilingan bo‘lsa, bu jazo olti yilgacha, va biron nashr tomonidan qilingan bo‘lsa, uchdan biriga qadar uzaytirilishi mumkin.

Shu yil boshlaridagi namoyishlardan biri mobaynida prezidentni "o‘g‘ri" deya atagan 16 yoshli o‘smirga ham shu modda asosida ayblov qo‘yilgandi. U aybdor, deya topilgan taqdirda 4 yilgacha qamoq jazosiga yuz tutishi mumkin.

Sharhlovchilar so‘z erkinligi mavjud emas ekan, demokratiya haqida so‘z bo‘lishi mumkin emasligini aytadilar.

Tanqidmi yo haqorat

Twitterdagi izhorotlari uchun javobgarlikka tortilgan jurnalist Sadaf Kabashning aytishicha, "Qudratdagi partiya tarafdorlari xohlagancha haqorat qilishlari yo-da istagan iboralarini ishlatishlari mumkin, lekin rasmiylarni tanqid qilganlar aziyat chekmoqdalar".

"Ular odamlarni taqvodor-taqvodor emas, Erdo‘g‘on tarafdori va unga qarshilarga ajratib, o‘rtada adovat keltirib chiqarmoqdalar".

AK partiyasidan bu borada fikrlari so‘ralgan vaqti, ular suhbatdan bosh tortishdi.

Mamlakatda iyun oyiga rejalangan saylovlardan oldin vaziyat ancha tarang.

Lekin "Seta" hukumatparast tadqiqot markazidan Ismoil Saglarning aytishicha, "Mamlakat rahbarini bu yo‘lda himoya qilish to‘g‘ri yo‘l".

"Demokratiyada odamlar tanqid qilish huquqiga egalar. Lekin tanqid bilan haqorat o‘rtasida chegara bo‘lishi kerak. Bu chegara to‘g‘ri yerdan o‘tkazilganmi-yo‘qligi borasida muhokama qilishimiz mumkin. Lekin janob Erdo‘g‘on shu vaqtgacha rahbarlar orasida eng ko‘p haqoratga yuz tutgan shaxslardan biridir. Shuning uchun qoralovchilar uni himoya qilish uchun qonundan ko‘proq foydalanmoqdalar", deydi u.

Jahonning hamma yerida siyosat bu shafqatsiz o‘yin. Haqoratlar yog‘iladi, obro‘lar to‘kiladi.

Lekin ko‘rinishicha, Turkiyada shu kecha kunduzda kimningdir beti qalinroq, kimnikidir u qadar emas...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer