O‘zbekiston va Qirg‘iziston qochqinlarga doir "maxfiy kelishuv imzolagan"

Image caption Inson haqlari guruhining ma‘lumoticha, Qirg‘iziston 2010 yil iyunidagi zo‘ravonliklardan qochgan o‘zbeklarning topshirilishini so‘ragan

Parijda joylashgan inson haqlari tashkilotiga ko‘ra, shu kunlarda o‘zbek va qirg‘iz maxsus xizmatlari o‘zaro qochqinlarni ayirboshlashga doir bitim imzolaganlar.

"Markaziy Osiyoda Inson Haqlari" Assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayevning o‘z manba‘lariga tayanib, BBCga bildirishicha, joriy oyda o‘tgan yopiq majlisda ikki tomon O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududida vaqtincha yashab turgan qochqinlar ro‘yxatini tasdiqlashgan va ularni topshirishga kelishganlar.

"Bu ro‘yxatdagi ko‘pchilik BMTning Qochqinlar maqomi to‘g‘risidagi Konventsiyasi ostida himoyalangan shaxslar toifasiga kiradi. Ayrimlari BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligiga o‘zlarini qochqin deb tan olishni so‘rab murojaat qilishgan", - deydi Atayeva xonim.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘izistondan bo‘lginchilikda gumon qilinayotgan qoraqalpog‘istonlik qochqinlarni topshirishni so‘ragan, o‘z navbatida qirg‘iz tomoni 2010 yil iyunidagi etnik zo‘ravonliklardan qochib, O‘zbekistonga sig‘ingan Qirg‘izistondagi o‘zbek jamoasi vakillarining topshirilishini talab qilmoqda.

"Qirg‘izistonda yashab turgan 50 nafar qoraqalpoqlarning hayoti xavf ostida. O‘zbekistonda ular qiynoq, uzoq muddatli qamoq va o‘limga yuz tutishlari mumkin", deydi inson haqlpi faoli.

"Markaziy Osiyoda Inson Haqlari" guruhi O‘zbekistonda yashab turgan qirg‘izistonlik o‘zbek faollarining majburan vatanlariga qaytarilishlari ehtimolidan ham xavotir bildirmoqda.

Atayevaga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda qirg‘iziston janubidan bo‘lgan 100ga yaqin o‘zbeklar bor va ular majburan qaytarilganlari taqdirda qiynoqqa solinishlari, umrbod qamoqqa mahkum etilishlari va o‘limga yuz tutishlari xavfi katta.

"Qirg‘izistonda hokimiyat, millatchi va jinoiy guruhlar muntazam ravishda sud organlari va himoyachilarga bosim o‘tkazib keladi. Bu mamlakatdagi o‘zbeklarning xolis va adolatli mahkamaga imkonlari yo‘q", - deydi Nadejda Atayeva.

Uning aytishicha, 2010 yil inyunidagi zo‘ravonliklardan qochib chiqqan o‘zbeklar 5 yildan buyon O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining doimiy nazorati ostida.

Ularning harakatlanishi cheklangan, pasportlari olib qo‘yilgan va qonuniy maqom olish urinishlariga to‘sqinlik qilinmoqda.

Atayevaga ko‘ra, agar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida qochqinlarni ayirboshlash amalga oshsa, bu yana bir marta ikki davlatning inson haqlari borasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish va qonun ustuvorligini ta‘minlash niyati yo‘qligini ko‘rsatadi.

O‘tmishda Qirg‘izistondagi BMT Qochqinlar idorasiga murojaat qilgan va boshpana izlovchi maqomini olgan qator o‘zbek faollari O‘zbekistonga topshirilgan va vatanlarida uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etilganlar.

"Markaziy Osiyoda Inson Haqlari" guruhi BMT va Ovro‘po Ittifoqini vaziyatga mudohala qilishga chaqirmoqda.

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi BBCga bu boradagi xabarlar yuzasidan sharh bermasligini ma‘lum qildi.

BBC ayni xabarni mustaqil manba‘lardan tasdiqlash imkoniga ega bo‘lganicha yo‘q.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio