Alisher Usmonov ortiq Rossiyaning eng boy odami emas

Image copyright Getty
Image caption Usmonov "kambag‘allashgan" yagona milliarder emas

Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov "Forbs" nashrining Rossiyaning eng boy odamlari ro‘yxatida birinchilikni qo‘ldan boy bergan.

USM Holdings asoschisi va Londonning "Arsenal" futbol klubi hissadori "Forbs" ga ko‘ra, o‘tgan bir yil ichida o‘z sarmoyasining 25 foizi yoki 4.2 milliardini yo‘qotgan va 14.4 milliard dollar bilan birinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa tushib qolgan.

"Forbs" reytingida birinchilikni 15.4 milliard dollar sarmoya bilan "Interros" shirkati rahbari Vladimir Potanin egallagan.

Ammo Alisher Usmonov "kambag‘allashgan" yagona milliarder emas.

Rossiya boylari o‘tgan bir yilda umumiy sarmoyalarining 73 millardini yo‘qotishgan.

Bu yil ularning birgalikdagi sarmoyalari 481 milliard dollarni tashkil etgan.

Shuningdek, milliarderlar soni ham 111 kishidan 88 kishiga kamaygan.

Alisher Usmonov so‘nggi yillarda Rossiyaning eng boy odamlari ro‘yxatida birinchilikni egallab kelayotgan edi.

2013 yilda u Britaniyada chop etiladigan Sunday Times ro‘znomasining eng boy odamlari ro‘yxatida po‘lat magnati Lakshmi Mittaldan o‘zib, birinchi o‘rinni egallagan.

2012 yilda u barcha hissalarini yagona xolding ostida birlashtirgach,o‘zi ortiq bizneslarini boshqarish niyatida emasligini aytgandi.

O‘tgan yili Usmonov Xitoyning onlayn chakana savdo shirkati Alibaba ga sarmoya kiritgan va uning vakili milliarder bundan buyon asosiy e‘tiborini Xitoyning texnologiyalar bozoriga qaratishini aytgan.

Usmonovning o‘zi Alibaba dagi sarmoyasining daromadliligini 500 foiz deb baholagan, ammo undagi hissalari miqdorini hech qachon ochiqlamagan.

Usmonov Alibaba bilan bir qatorda Xitoyning smartfonlar ishlab chiqaruvchi Xiaomi shirkatiga ham sarmoya kiritgan.

U o‘tgan yil kuzida Amerikaning Apple va Facebook shirkatlaridagi hissalarini sotganini ma‘lum qilgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq