Putin: stalinizm va natsizm – bir biriga teng emas!

Image copyright AFP
Image caption "Levada-tsentr" so‘rovlariga ko‘ra, rossiyaliklarning yarmidan ko‘prog‘i Iosif Stalin mamlakat tarixida ijobiy rol uynagan deb o‘ylaydilar

"Natsistlar butun etnik guruhlar –ya‘ni yahudiy, lo‘li va slavyanlarni qatl etishni o‘z siyosatining maqsadlaridan biri deya ochiqdan ochiq e‘lon qilishgan. Stalin rejimining dahshatlari, uning davrida kechgan qatag‘onlar va butun xalqlarni yoppasiga surgun etilgani inobatga olinsa ham, xalqlarni yer yuzidan yo‘q qilishni hech qachon maqsad qilib qo‘ymagan", deb tushuntirdi Putin tarixni buzib ko‘rsatish harakatlari haqida so‘ralganida...

Uning so‘zlariga ko‘ra, "bularni" va "ularni" bir qatorga qo‘yish" urinishlari asossizdir.

Rossiya rasmiylari G‘arbni bir necha marta tarixni qayta yozishda ayblab chiqishgan, xususan, Sovet Ittifoqining Ikkinchi Jahon urushiga qo‘shgan hissasini kamaytirib ko‘rsatishga qaratilgan harakatlari uchun...

Aprel oyi boshida Rim papasi Frantsisk stalinizmni 20 asrning eng yirik fojealaridan biri deb ta‘rifladi, uni natsizm va armanlarning qatliomi bilan bir pog‘onaga qo‘ydi.

"...ikkalasi ham dahshatli"

Vladimir Putin so‘zlariga ba‘zi tarixchilar qo‘shilmaydi.

Jamiyatda milliy asosda bo‘lmagan esa ham, ijtimoiy jihatdan saralash siyosati olib borilgan va bu ikki narsa bir biriga teng, deb fikrlaydi tarixchi Andrey Zubov.

Andrey Zubovning ta‘kidlashicha, kommunistik rejim, jumladan Stalin rejimi ham, so‘zsiz xalqlarni barbod etishni ko‘zlamagan bo‘lsa ham, biroq jamiyatni butun ijtimoiy sinf va guruhlardan xalos qilishni maqsad qilib qo‘ygan.

"Lenin davri hamda Stalin davrida ham ekspluatator sinflarini yo‘q qilish haqida ko‘p gapirilgan. Ya‘ni, bartaraf etish ma‘nosida emas, aynan jismonan halok qilish siyosati amalga oshirilgan... Lenin-Stalin rejimi davrida millionlab odamlar tadbirkor-kapitalist, ziyoli, xarbiy zobit, ruhoniy, xullas madaniyatli bo‘lgan shaxslar o‘ldirilgandilar".

Tarixchining so‘zlariga ko‘ra, Qizil va Katta terror paytida odamlar yo ularning ota-onalari inqilobdan oldingi Rossiyaning yuqori qatlamlariga taaluqli bo‘lganlari uchun repressiyalarga duch kelishgan.

"Insonni yoqib yuborish yoki uni g‘arq qilish ikki xil narsadir, lekin bir xil dahshatli bo‘lishi mumkin," deydi tarixchi.

Milliy g‘urur ramzi

Sankt-Peterburgda joylashgan Ovro‘po universitetining professori, siyosatshunos Vladimir Gelmanning o‘ylashicha, Putin tutgan mavqeini mutlaqo tushunsa bo‘ladi va bu masalada boshqa talqinni kutish qiyin.

"Agar biz mazkur ikki nazariya o‘rtasida tenglik belgisini qo‘ysak, Rossiyada milliy g‘urur ramziga aylangan Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alaba nafaqat ahamiyatini yo‘qotadi, balki butunlay qadrsizlanib ketishi mumkin. Qo‘pol qilib aytganda, ba‘zi yaramaslar boshqa yaramaslarni yengib olishgan degan ma‘no kelib chiqadi".

Ammo uning fikricha, Ovro‘poning ko‘pgina mamlakatlarida aynan natsizmni kommunizmga tenglashtirish nazariyasi qo‘llab- quvvatlovga ega bo‘lishi mumkin.

Image copyright Getty
Image caption Latviyada natsizm va kommunizm merosiga qarshi namoyishlar keng tus olgan

Ukrainaning kommunizm asoratlaridan xalos bo‘lishi

Aprel oyida Ukraina parlamenti Rada mamlakatning kommunizm asoratlaridan xalos qilish borasida bir qator qonunlarni qabul qildi.

Qonunlarda kommunist arbolariga bag‘ishlab qo‘yilgan haykallarni olib tashlash, ularning xotirasiga nomlangan ko‘cha va shaharlarning nomlarini o‘zgartirish, hamda sovet va natsist ramzlariga taqiq qo‘yish kabi qadamlar ko‘zlanmoqda.

Qonunlarning qabul qilinishini "Muxolif blok" partiyasi va kommunistlar qoralab chiqib, prezident Poroshenkoni qonunlarni imzolamaslikka chaqirishgan.

Kreml va Rossiya tashqi ishlar vazirligi salbiy munosabat bildirishdi.

Rada deputatlari natsizm bilan kommunizmni qoralab kommunistik ramzlarini ham g‘ayriqonuniy deb e‘lon qilishgan.

Sho‘rolar mamlakati parchalanib ketganidan so‘ng kommunistik ramzlarni taqiqlash uchun kurash deyarli butun post sovet hududida turli muvafaqiyat bilan ketmoqda.

"Dekommunizatsiya" jarayoni eng izchil shaklida Boltiq bo‘yi mamalkatlarida ro‘y bergan.

Moldova va Gurjistonda kommunistik ramzlarini man etishga oid harakatlar oson kechmagan. Moldova parlamentining bu masaladagi harakatlari, hattoki Ovrupo Kengashida tanqidga uchradi.

Image copyright Getty
Image caption Gorida Stalin tarafdorlarining namoyishi

Marakaziy Osiyo mamlakatlarida keng miqyosda kampaniyalar o‘tkazishmasa ham, biroq shov-shuvlarsiz Sovet o‘tmishidan voz kechishmoqda.

Mintaqada Lenin va Sho‘ro davrining boshqa arboblari, hamda urush qahramonlari xotiralariga o‘rnatilgan xaykallar buzib tashlanmoqda. Markaziy Osiyo va Qafqoz mintaqasida qator shaharlar mahalliy hokimiyat tomonidan qayta nomlangan. Masalan, Tojikistonning Leninobodi - Xujand, Armanistonning Leninakani –Gyumri, Qirg‘izistonning Frunze poytaxtiga Bishkek nomi qaytarilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq