Xorijdagi o‘zbekistonliklarni tekshirish kuchaytirilgan

Image copyright uzairways.com

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xorijdan qaytib kelayotgan o‘zbekistonliklarning terrorchi tashkilotlarga aloqasini tekshirish choralarini kuchaytirmoqda.

Bu haqida, vazirlikning "Postda" gazetasiga ko‘ra, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Hay‘atining 2015 yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha navbatdagi majlisida kelishilgan.

Hay‘at majlisida ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari, polkovnik Davron Nazarmuhamedov doimiy yashash joylaridan uzoq muddatga chiqib ketib, boshqa davlatlarda terrorchilik tashkilotlari faoliyatlariga jalb etilgan, shu jumladan, O‘zbekiston hududida ushbu tashkilotlar ta‘siriga berilgan shaxslarni aniqlash yo‘lida olib borilayotgan choralarga e‘tiborni qaratgani aytiladi.

Choralar sirasiga xorijiy davlatlarda pasportini yo‘qotib, sertifikat bilan qaytib kelgan shaxslar bilan olib borilayotgan tezkor-profilaktik tadbirlar ham kiradi.

O‘zbekistondagi faollarning aytishicha, mamlakat bo‘ylab oxirgi uch yil ichida xorijdagi o‘zbekistonlik muhojirlarning oilalarini so‘roq qilish, xorijda yashayotgan yo ishlayotgan o‘zbekistonliklar haqida ma‘lumot yig‘ish faollashgan. Xorijda yashayotgan ba‘zi fuqarolar hatto ularning qo‘ni-qo‘shnilari ham so‘roq qilinganini xabar qilishmoqda.

Pasportni yangilash uchun O‘zbekistonga qaytgan va uzoq yillar xorijda yashagan fuqarolarning ba‘zilari huquq-tartibot organlarining terrorchilik va ekstremizmga qarshi bo‘linmalari tomonidan suhbatga tortilmoqda.

Xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar orasida Turkiya orqali Suriya va Iroqdagi jihodiy janglarga qo‘shilish hollari haqida tobora ko‘p xabar qilinadi.

Biroq, shundoq ham Milliy Xavfsizlik Xizmati va IIVning nazorati o‘ta kuchli bo‘lgan O‘zbekistonda tekshiruvlar darajasining oshishi begunoh fuqarolar uchun ham qiyinchiliklar tug‘dirishi ehtimoli katta.

Toshkentlik inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, bu tekshiruvlar tufayli unga murojaat qiladiganlar ham soni oshadi.

"Bilasiz, urush holatlarida hatto tinch aholi ham jabr ko‘radi. Bu vaziyatni ham o‘ziga xos urush davri deb tasvirlasa bo‘ladi. Istalgan fuqaro jabr ko‘rishi mumkin yo manfaatlari toptalishi mumkin. Shuning uchun, bizga o‘xshagan inson huquqlari himoyachilariga ish ko‘payadi", - deydi u.

"O‘zbekiston siyosatidan kelib chiqib gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekistondan chiqib ketgan har bir fuqaro O‘zbekiston hukumati organlari tomonidan potentsial dushman deb ko‘riladi. Chunki ular bevosita O‘zbekiston hukumatining nazorati ostida emas. Shuning uchun pasportini yo‘qotib, (xorijdagi O‘zbekiston elchixonasidan olingan) sertifikat bilan qaytgan vatandoshlarimizni ham shular safiga kiritish mumkin", - deya qo‘shimcha qiladi janob Tashanov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio