Buxorodagi portlashda qurbonlar borligi aytilmoqda

Image copyright bukhara
Image caption Portlash sodir bo‘lgan kafe gavjum bekat yaqinida joylashgan

Buxorodan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, chorshanba kuni shaharning gavjum kafelaridan birida yuz bergan portlashda kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq odam jarohatlangan.

BBC bu xabar tafsilotlarini o‘rganmoqda.

Portlash mahalliy vaqt bilan 15.03 da Buxoroning 5-mikrorayondagi "Qamish bar" da sodir bo‘lgan.

Portlashga gaz baloni sabab bo‘lgani aytilmoqda, tafsilotlar ma‘lum emas.

BBC manba‘larining bildirishicha, "Qamish bar" shaharning eng gavjum bekatlaridan birining orqasida joylashgan va portlash qurbonlari orasida bekatdagi odamlar ham bo‘lishi mumkin.

Hodisa joyida bo‘lgan guvohlardan birining BBCga aytishicha, portlash hududi militsiya va maxsus kuchlar tomonidan o‘rab olingan.

Buxoro shahar hokimiyatiga yaqin manba‘ning aytishicha, jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun Toshkentdan favqulodda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi brigada yetib borgan.

Qurbonlar va yaralanganlarning aniq soni borasida rasmiy ma‘lumot yo‘q.

BBCga hodisani tasdiqlagan Buxoro viloyat ichki ishlar boshqarmasining Yong‘indan saqlash xizmati navbatchisi portlashga gaz baloni sabab bo‘lganini aytdi, ammo qurbonlar soni borasida hozircha ma‘lumot yo‘qligini aytdi.

O‘zbekistonda gaz sizishi natijasida portlash va yong‘in hodisalari bot-bot yuz berib turadi.

O‘tgan yili Toshkentdagi kafeda yuz bergan hodisada bir necha odam jarohatlangani xabar qilingan.

Agar siz Buxoro shahrida bo‘lsangiz va hodisadan xabaringiz bo‘lsa, bizga ma‘lum qiling.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio