Londondagi PR shirkati Gulnora Karimova manfaatlarini himoya qilishni to‘xtatdi

Image copyright drdpartnership.com
Image caption Shirkat siyosiy repressiyaga uchragan shaxslarga G‘arbda boshpana olishga yordam beradi

BBCga ayon bo‘lishicha, Gulnora Karimovaning Britaniyadagi piar (jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha) vakili Karimova xonim manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomani to‘xtatgan.

Londonda joylashgan "Davidson Ryan Dore" konsalting firmasining piar xodimi Loksli Rayan o‘tgan yil yozidan beri Karimovaning G‘arbdagi imidjini yaxshilash, hamda uning uy hibsidan ozod qilinishi yo‘lida targ‘ibot ishlarini faol ravishda olib borayotgandi. Janob Rayanning faoliyati Gulnora Karimovani siyosiy bosimlarning begunoh qurboni deya taqdim qilishga qaratilgandi.

U Gulnora Karimovani o‘tgan yil yozida himoyasiga olganidan beri G‘arbning qator nashrlarida Karimova xonimning uy hibsida qiyin ahvolda qolayotgani, va hatto och va xasta holda ushlab turilgani, hamda jismoniy tahqirlashlarga uchrayotgani haqida ma‘lumotlar tez-tez sirqib chiqayotgandi.

Janob Rayan janoblarining o‘zi BBCga gapira turib, Karimova xonimni himoya qilishni to‘xtatganini bildirdi.

Sabablari so‘ralganda, u mazkur faoliyati uchun tuzilgan olti oylik shartnoma nihoyasiga yetgach, Gulnora Karimovaning oilasi va do‘stlari bu shartnomani yangilashni istashmaganini aytdi.

Janob Rayan avval ham "oilasi va do‘stlari" degan iborani qo‘llagan va bu odamlar Gulnoranining nomini oqlashga bel bog‘lashganini aytgan, biroq hech qachon ular aynan kimlar ekanini ochiqlamagan.

Image caption Loksli Rayanning faoliyati Gulnora Karimovani siyosiy bosimlarning begunoh qurboni deya taqdim qilishga qaratilgandi

Ayni damda, ma‘lumki, Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov Britaniyada yashaydi va ta‘lim oladi. O‘tgan yili uning G‘arb matbuotiga bergan intervyulari aynan janob Rayan tomonidan uyushtirilgan edi.

BBC janob Rayandan kichik Islom Karimov bilan hali ham aloqasi borligini aytdi.

Loksli Rayan Gulnora Karimovaning Londondagi himoyasi va piar kampaniyasi nima uchun to‘xtab qolganining asl sabablari borasida so‘zlashdan bosh tortdi.

"Karimova xonimda sizning xizmatingiz uchun to‘laydigan pul tugab qoldimi yoki endi u bu kabi himoyaga muhtoj emasmi?" degan savolimiz javobsiz qoldi.

Ammo, janob Rayan hali ham Gulnora qiyin ahvolda ekaniga va uy hibsida qolayotganiga ishonadi, hamda u hali ham yordamga muhtoj deb biladi.

Janob Rayanning aytishicha, boshqa piar shirkati bu ishni davom ettirmayapti. BBCning Londondagi boshqa piar manbalari ham buni tasdiqladi va bu kabi xizmat odatda millionlab dollar evaziga bajarilishini aytishdi.

"Davidson Ryan Dore" o‘z saytida o‘zini strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha konsalting firmasi deya tasvirlaydi. Janob Rayan esa siyosiy repressiyalar va xalqaro korruptsiya ayblovlariga yuz tutayotgan shaxslarni himoya qilib keladi va ularning siyosiy boshpana olishlariga yordam beradi.

Londonda yashayotgan o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovga ko‘ra, Karimova xonimning Londondagi piar xizmatidan voz kechayotganiga uning o‘z oilasi a‘zolari bilan erishgan murosasi sabab bo‘lishi mumkin.

Tahlilchi fikrida, Gulnora Karimovaga nisbatan uy qamog‘i rejimining va jinoiy tergovlarning yumshashi balki endi yuqori darajali xalqaro kampaniyaga hojat qoldirmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer