Bosh prokurorning iste‘fosi va Prezident oilasidagi mojaro

Image caption Gulnora Karimova O‘zbekiston va Ovro‘poda qator moliyaviy jinoyatlarda gumon qilinadi

O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qiziga qarshi shov-shuvli jinoyat ishini tergov qilgan Bosh prokuratura rahbarining o‘zgarishi va Londondagi piar shirkatining Gulnora Karimova manfaatlarini himoya qilishni to‘xtatgani nimani anglatadi?

BBC ushbu savollarni Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari institutidan siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov bilan muhokama qildi.

Alisher Ilhomov: Har holda ular Gulnora Karimova bilan ma‘lum murosaga erishishgan bo‘lsa kerak. Ya‘ni unga nisbatan uy qamog‘i rejimini yumshatiladi va u erkin harakatlanish imkoniga ega bo‘ladi. Ammo ayni paytda Gulnora Karimovaning O‘zbekistondan tashqariga chiqishiga ruxsat etilmaydi. Agar ruxsat etilsa, men hayratlangan bo‘lardim. Chunki Shveytsariya va boshqa Ovro‘po davlatlarida O‘zbekistondagi millionlab dollar pullarni yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishlari tergov qilinayotgan payt Gulnora Karimovaning O‘zbekistondan chiqib ketishiga izn berish Prezident Karimovning o‘z manfaatlari nuqtai nazaridan ma‘qul emas.

BBC: Ammo Gulnora Karimova allaqachon O‘zbekistonni tark etgan bo‘lishi mumkin, degan farazlar ham yo‘q emas.

Alisher Ilhomov: Men buni to‘la istisno qilolmayman. Ammo nazarimda buning ehtimoli juda kam. Chunki bu Prezident, uning oilasi va O‘zbekistondagi siyosiy tuzum uchun juda katta xavf tashkil etadi. Yaqinda Ovro‘poda uyushgan va jinoyatchilik va korruptsiyaga doir e‘lon qilgan qilingan hisobot mualliflarining da‘vo qilishlaricha, Gulnora Karimova amalda O‘zbekistonnning butun-boshli telekommunikatsiya, xususan, mobil telefonlar sohasini nazorat qilgan. Va o‘zbek telekom bozoridagi uchta yirik shirkat Gulnora Karimovaga aloqador shaxslar nomiga xorijda rasmiylashtirilgan shirkatlarga qo‘shtirnoq ichidagi mahalliy hamkorlar sifatida litsenziya va chastotalar uchun millionlab dollar mablag‘larni to‘lab kelgan. Bu masalalarni birgina Aloqa vaziri hal qilmaydi. Bu ishlar eng yuqori darajada, Vazirlar Mahkamasi, tashqi iqtisodiy aloqalar va xavfsizlik idoralari bilan kelishgan holda amalga oshiriladi. Tabiiyki, iddao qilinayotgan bu pul yuvishlar ham bir bo‘shliqda yuz bergan emas. Gulnora va uning guruhi o‘z harakatlarida O‘zbekistondagi hokimiyat tizimlari, jumladan, vazirliklar va Prezident devonining qo‘llab-quvvatloviga tayanishgan. Gulnora Karimova xorijga chiqsa, hibsga olinishi mumkin. Agar u Ovro‘po davlatlarining tergov idoralariga ko‘rsatma beradigan bo‘lsa, O‘zbekistondagi bu ma‘sul tizimlarning javobgarligiga ham aniqlik kiritiladi. Shuning uchun agar hozir Gulnora Karimovaga qaysidir darajada yengillik beriladigan bo‘lsa, uy qamog‘i yumshatilishi mumkin, ammo u to‘la reabilitatsiya qilinadi, deb o‘ylamayman. Unga avvalgidek, matbuot vositalaridan foydalanishga ruxsat ham berilmaydi. Chunki Karimova yana ko‘p narsalarni gapirib qo‘yishi mumkin.

BBC: Gulnora Karimova va sheriklariga qarshi jinoyat ishini tergov qilayotgan Bosh prokuratura rahbarining o‘zgarishi sizningcha, bu ishga qanday ta‘sir qilishi mumkin?

Image copyright none
Image caption Gulnora Karimovaga qarshi jinoyat ishini tergov qilgan Bosh prokuratura rahbari Rashitjon Qodirov dushanba kuni iste‘foga chiqarilgan

Alisher Ilhomov: Prezidentning qizi gumonlanuvchilar qatorida bo‘lgan bir jinoyat ishida, albatta, Bosh prokurorning mustaqil rol o‘ynashi imkonsiz. Bosh prokuror bor-yo‘g‘i Prezidentning ma‘lum siyosiy irodasini amalga oshirgan ijrochi bo‘lgan, xolos. Albatta, Bosh prokuror davlat hokimiyati va ayniqsa, klanlar tizimida o‘ziga yarasha o‘rni, mavqe‘ va ta‘sirga ega bo‘lgan. Uning va hukumatdagi boshqalarning Gulnora Karimovani yaxshi ko‘rish yo-da yomon ko‘rishga o‘z sabablari bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin ushbu jinoyat ishida Qodirov o‘zi yoki davlatdagi boshqa bir odamning tashabbusi bilan ish qilmagan, balki Prezident Karimovning xohish-irodasini ijro etgan xolos, deb hisoblayman. Chunki O‘zbekistondagi tuzum mustaqil shaxsiyatlarga toqat qilmaydi. Bu kabi ishlarda ko‘pincha bo‘lgani kabi, Bosh prokuror ishni bajardi, endi ketishi kerak, qabilida ish tutilgan. Ijrochilar ko‘pincha ish bitganidan keyin o‘z amallari, erkinliklari yoki hayotlari bilan badal to‘lashadi. O‘zbekistonda o‘z vaqtida Qodirov singari ta‘sirga ega bo‘lgan Ismoil Jo‘rabekov va Temur Alimov singari shaxsiyatlarning birin-ketin lavozimdan chetlatilib, ixotalab qo‘yilganini ko‘rdik. Karimov oligarxlarga toqat qilmasligi ma‘lum. U atrofdagi odamlarni o‘zgartirish bilan, ta‘bir joiz bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida bir necha quyonni urayotgan bo‘lishi mumkin. Ya‘ni ham atrofini qudratli va ta‘sirli odamlardan tozalash bilan o‘z hokimiyatini xavfsizlantiradi. Va ham klanlarga aloqador, korruptsiyaga botgan amaldorlarni yo‘qotish bilan xalq orasida obro‘ ham oladi. Ya‘ni bu ayni paytda populistik bir qadam hamdir. Yangi odamlar, albatta unga amal va mansab bergani uchun sadoqatli bo‘lishadi. Hech qursa, ma‘lum muddat davomida.

BBC: Sizningcha, Gulnora Karimovaga qarshi jinoyat ishi nima bilan tugaydi?. Axir tergov va mahkamaning ma‘lum xotimasi bo‘lishi kerak-ku?

Image copyright ozodi
Image caption Alisher Ilhomovning fikricha, Prezident Karimov hokimiyatni o‘z oila-a‘zolaridan boshqa hech kimga ishonmaydi

Alisher Ilhomov: Yangi Bosh prokuror ham xoynahoy mustaqil shaxs emas va o‘ziga yuqoridan nima buyruq kelsa, shuni bajaradi. Agar Karimov Gulnoraga qarshi ta‘qiblar yetadi, endi uni tinch qo‘yaylik yoki nomini oqlaylik, deydigan bo‘lsa, Bosh prokuror ham qo‘yilgan vazifani bajaradi. Bu vazifani oldingi Bosh prokuror ham bajargan bo‘lardi, ammo Karimov navbatdagi bosqichda, deylikki, o‘z shaxmat taxtasidagi donachalardan birini almashtirishni ma‘qul ko‘rdi. Hozir Karimov uchun eng muhimi o‘zidan keyin nima bo‘ladi, degan savol. O‘zi qarilik yoki boshqa omillar sabab vaziyatni nazorat qila olmay qolgani taqdirda, yoki birdan vafot etsa, keyingi kuni uning oila-a‘zolariga nima bo‘lishi, nazarimda Karimovning O‘zbekistonning butun muammolaridan ko‘ra ham ko‘proq bezovta qiladi. Karimov hozir shunday qilishi kerakki, toki o‘zidan keyin ham o‘zi aniqlab bergan siyosiy yo‘nalish davom etsin. O‘zbekiston sharoitida Karimov oila-a‘zolaridan boshqa hech kimga ishona olmaydi. U qo‘l ostidagilarning bugun sodiqlikka qasamyod qilib, ertaga so‘zlaridan qaytishlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham Karimov oilasi ichkarisidagi butun bu kelishmovchiliklarga qaramasdan, o‘zining oilaviy klaniga tayanishdan boshqa chorasi yo‘q. Nazarimda u hokimiyat jilovini o‘z oilasidan bir kishiga ishonadi. Gulnora Karimovaga ishonish ehtimoli juda kam. Chunki uning xalqaro miqyosdagi obro‘-e‘tibori butunlay barbod bo‘lgan va uni qayta tiklash qiyin bo‘ladi. Ehtimol, hokimiyat oilaning boshqa a‘zolariga topshirilar va bu a‘zolar Gulnora Karimova hamda oilasining ham qandaydir maqomi bo‘lishi xususida kafolatlarni berishar. Bu borada qandaydir norasmiy va hatto rasmiy bir kelishuvga erishilgan va Gulnora Karimovaning ham roziligi olingan bo‘lsa, ajablanmagan bo‘lardim.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq