Qozog‘iston Putinning yagona valyuta g‘oyasini rad etdi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qozog‘iston Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ovrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida yagona valyuta joriy etish g‘oyasini rad etgan.

Ostonada o‘tgan matbuot anjumanida Qozog‘istonning Milliy iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Timur Jaqsiliqov yagona valyuta masalasi muhokama etilmayotganini bildirgan.

"Qozog‘iston Ovrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida yagona va milliy valyutalardan ustun valyutaning joriy etish ehtimolini istisno etish bo‘yicha aniq va muntazam mavqe‘ni egallagan. Biz bu masalani muhokama qilmayapmiz", deya qozoq mulozimining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Qozog‘iston matbuoti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda a‘zo davlatlarning moliya bozorlariga doir qonunchilikni muvofiqlashtirish rejalangan, ammo o‘shanda ham valyuta ittifoqi masalasi kun tartibiga qo‘yilmaydi.

Janob Jaqsiliqovning aytishicha, OII haqidagi shartnomalarda yagona valyutani shakllantirish ko‘zda tutilmagan.

Prezident Putin o‘tgan oy Ostonaga tashrifi chog‘ida Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida valyuta ittifoqini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni taklif qilgan edi.

Unga ko‘ra, "elkama-elka ishlash bilan tashqi moliyaviy, iqtisodiy tahdidlarga qarshi turish va yagona bozorni himoya qilish" osonroq bo‘ladi.

"Biz hamkorlarimiz bilan monetar siyosatni muvofiqlashtirishga kelishganmiz. O‘ylaymanki, kelajakda valyuta ittifoqini tuzish haqida gaplashish vaqti keldi", degan janob Putin.

Qozog‘istonlik iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayevning aytishicha, milliy valyutalar mustaqil davlatlarning ramzi va yagona valyutaning taqdiri Ovrosiyo iqtisodiy ittifoqining Qozog‘iston uchun qanchalik manfaatli bo‘lishiga bog‘liq.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq