AQSh: Rossiya Ukrainada havo mudofaa tizimini kuchaytirmoqda

Image copyright EPA

Amerika Davlat Departamenti Rossiyani Ukrainadagi otashkesim bitimi shartlarini buzib, havo hujumlaridan saqlash vositalarini ko‘paytirayotganlikda aybladi.

AQSh shuningdek, Rossiya bo‘lginchilar jangarilarini tayyorgarlikdan o‘tkazayotgani va chegara mintaqasida askarlari sonini oshirayotganini da‘vo qilgan.

Moskva ushbu ayblovlarga hozircha munosabat bildirmadi.

Ukraina sharqidagi rossiyaparast bo‘lginchi kuchlar va Ukraina hukumati o‘rtasida otashkesim bitimi fevral oyida G‘arb davlatlari vositachiligida erishilgandi.

Ukraina ham Rossiyani bo‘lginchilarga qurol-yarog‘ yetkazish va chegara osha o‘z qo‘shinlarini joylashtirishda ayblab kelmoqda.

Muqaddam Kreml bu ayblovlarni rad etgan.

AQSh Dalvat Departamenti so‘zchisi Mari Xarfning aytishicha, Rossiya va bo‘lginchi kuchlar birgalikda Minsk kelishuviga binoan mavjud bo‘lmasligi kerak bo‘lgan mintaqalarda artilleriya va raketa uskunalarini o‘rnatib, shartnomani buzishmoqda.

"Rossiya harbiylari sharqiy Ukrainada qo‘shimcha havo mudofaasi uskunalarini o‘rnatib, yana bir qatorini chegara-jabha chizig‘i tomon yaqinlashtirgan. Biz o‘tgan avgust oyidan beri sharqiy Ukrainada qurol-yarog‘larning eng ko‘p sonda hozirligiga guvoh bo‘lmoqdamiz", dedi AQSh rasmiysi.

Unga ko‘ra, Ukrainadagi rossiyaparast kuchlarning "o‘ta murakkab tayyorgarlik tizimidan o‘tayotganlari bu jarayonga Rossiya aralashganligiga shubha qoldirmayapti".

"Chegaraning narigi tomonida ham bir oz muddat o‘zgarish kuzatilmaganligi ortidan qo‘shimcha kuchlar yuborilmoqda. Bu 2014 yil oktyabr oyidan beri chegara mintaqasida Rossiya kuchlarining eng ko‘p sur‘atlarda kengayishidir", deya ilova qildi u.

Ayni vaqtda shu oy boshlarida Amerikaning 300 nafar yarim harbiy murabbiylari Ukrainaga mashqlar o‘tkazish uchun yetib kelganlar.

Bu amalni Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov "vaziyatni jiddiy ravishda beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan qadam" deya baholadi.

Minskda erishilgan bitimning asosiy shartlaridan biri hamma xorijiy guruhlar, qurol-yarog‘ va ko‘ngillilarning Ukrainadan olib chiqilishini taqozo etadi.

BMTning ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili aprel oyida, Rossiya Qrim orolini o‘ziga qo‘shib olishidan bir oy o‘tib boshlangan mojaro oqibatida bugungacha 6 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer