UzWebiston: "Ta‘lim tizimi ma‘naviy inqirozga uchramoqda..."

Image copyright photo rustam shagayev
Image caption Tarbiya deysizmi?..

O‘zbekistonda talabalar orasida guruhbozlik asosida sodir etilayotgan jinoyatlar soni ortib borayotgani borasida xavotirlar yangramoqda.

"Postda" gazetasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi o‘zining 2015 yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha majlisida kollej va litsey o‘quvchilari o‘rtasidagi guruhbozlikka qarshi kurash olib borilishini muhokama qilgan.

Majlisda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni, ayniqsa, akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘rtasida yuz berayotgan guruhbozliklarning oldini olish borasida fikr almashilgan.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Bahodir Qurbonov voyaga yetmaganlar bilan ishlashda "maktab - oila - mahalla" hamkorligini kuchaytirish haqida gapirgan.

Ayni mavzu shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokama etilmoqda.

"Maktab va kollejlarda ta‘lim bilan, tarbiyani ham yo‘lga qo‘yish vaqti allaqachonlar yetib kelgan" degan chaqiriqqa bir qator Facebook foydalanuvchilari o‘z fikrlarini bildirib o‘tishgan.

"Bu tizimda nisbatan yaxshi ishlar amalga oshirilyapti", deya ta‘kidlagan Saodat Boymirzayeva, "mahalla - ta‘lim muassasasi - ota-ona hamkorligi borasida ishlarni takomillashtirish kerak", deb qo‘shimcha qilgan.

Bu faolga qarshi chiqqanlar esa anchayin keskin fikrlar bilan chiqishgan.

Image caption "Ko‘kidan berilsa kollej diplomi tayyor..."

"Ta‘limning o‘zi yo‘q-ku, tarbiya nima qilsin?!", "Kollejga topshirib qo‘yib, qolganini pul bilan gaplashadi va Rossiyaga ishlashga ketadi, o‘z sohasida ish topmasdan biznesga uradi, toki poraxo‘rlik bor ekan vaziyat o‘zgarmaydi", deb yozadi boshqa bir faol.

Umid Abdumannopov yoshlar tarbiyasidagi muammolarni O‘zbekistonda tirikchilik o‘tkazish mushkulligi bilan bog‘laydi.

"Hozir ilmga emas, pul topishga mukkamizdan ketdik, hech kim kitob o‘qishga qiziqmay qo‘ydi, hammani dardi bitta - pul topsam, yaxshi yashasam... Kamdan kam oilada hozir ota-ona farzandlariga kitob olib kelib, shuni o‘qigin deydi... Ota-ona o‘z farzandidan ilm olishni talab qilmagandan keyin..."

Zari Raximova esa quyidagi izohni qoldirgan: "O‘rta-maxsusda muammolar talaygina... Birinchidan, rosa o‘zgarish vaqtida ular kollejlarga o‘qishga kiradi, murabbiy almashadi, ikkinchidan, bu muammoning ildizi anchayin chuqur... Bizning litseyda ham shu kabi o‘quvchilar bor, lekin ko‘pchilikning ota-onasi Rossiyada, tog‘a va amakilari bilan qolgan. Tarbiya beradiganlar yo‘q..... Bu to‘g‘risida juda ko‘p bong urganman, foydasi yo‘q, keyin ular G‘arb filmlarini, fahsh buzg‘unchilikni ko‘rib katta bo‘lyapti, yana nimani kutish mumkin bulardan? Bizning telekanallarda ko‘rmagani bilan, "parabalka", internet saytlarda fahsh, ichkilik targ‘ibini ko‘rishyapti, bularni faqat din bilan tuzatish mumkin edi, xolos... Afsus, din darslari juda oz... Talabalar hatto tushunib ulgurishmaydi dinning nimaligini...".

Abdul Ahad Abdurahmon nomlik foydalanuvchi o‘qituvchilarning maoshini oshirish bilan o‘zbekistonlik yoshlar tarbiyasi muammolariga yechim topish mumkinligini aytgan.

"Oliy ta‘lim muassasasidagi o‘qituvchilar kamida 1000 dollar qiymatida oylik olishi kerak. Buni byudjetsiz, muassasaning tushimidan ham qoplasa bo‘ladi".

Abu Zaynab tarbiyani uyda boshlashga chaqirgan.

"Ta‘lim va tarbiya uydan boshlanadi. Ota onasiga bog‘liq birinchi navbatda".

Sherzod Kudratkhodjaev esa Fozil qoridan iqtibos keltirgan: "Ta‘lim madrasada, tarbiya uyda beriladi".

Fozil qorining Juma mav‘izasidan Abu Umar mana bu iqtibosni keltirgan: "Biz o‘qigan davrda maktablarda odobnoma degan dars bo‘lmas edi. Sababi bunga ehtiyoj ham yo‘q edi. Hozir esa maktablarda odobnomadan dars berayotgan o‘qituvchining oldida o‘tirsangiz paypog‘ini hidiga chidolmaysiz".

Yoshlar muammosi haqida o‘z fikrini bildirgan Akbarjon Abdulmajid shunday qo‘shimcha qilgan: "Ayb ta‘lim tizimidami, o‘qituvchidami, kollej ma‘muriyatidami, ota-onalardami yoki mahallada, ko‘cha-ko‘ydami, balki muhitdadir. Eng yomoni, muammoni juda ko‘pchilik ko‘ryapti, lekin munosib natija beradigan yechim ko‘rinmayapti. Aybdorlik yuqorida sanalgan barchasida bor".

Bu faol "etti yoshdan yetmish yoshgacha deb mo‘ljallangan "Opa-singillar" serialini tanqid ostiga olgan va bu serial "milliylik ildizlariga bolta uruvchi g‘oyalarni bemalol ilgari surishi"ni aytib o‘tgan. U yana bir qancha takliflar bilan chiqqan: "echim kerakmi, kim ko‘na oladi yechimga. Televizorni bolalar oldida qo‘ymaslikka, bolalarini shom bo‘lishi bilan ko‘chaga chiqarmaslikka, har xil yarim yalang‘och kiyimlarni olib bermaslikka, qo‘lidagi telefonlarni oddiy, flesh kartasizidan qilib qo‘yishga, kompyuter, internet vositalarini qattiq nazorat qilib borishga, bolalarni bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tishini tashkil qilishga, bolalarning darslarini muntazam nazoratda olib borishga, o‘zligini, dinini, milliyligini, Yaratguvchisini tanitishga kim yordam bera oladi, kim jiddu jahd bilan shularni bajara oladi?Agar men shunday qila olaman desangiz va so‘zingizda sobit tursangiz boshimizni egib siz uchun ta‘zimdamiz, lekin nafsingiz, oilangizdagilarning nafsi bu narsaga ko‘narmikan?.."

Zari Raximova yana shularni qo‘shimcha qilgan: "Ishni o‘zimizdan boshlashimiz kerak... O‘zimizni islox qilsak, atrofimiz go‘zallashadi... Har birimiz, har bir oila.... islomiy oilalar ko‘paysin, omin...".

Ammo mutaxassislarga ko‘ra, arosatda qolgan faqat xalq emas, ya‘ni, kollejlardagi talabalaru, Rossiyaga ketayotgan muhojirlar emas, balki hukumat ham...

Bir tomondan O‘zbekiston ommaviy-axborot vositalarida "ommaviy madaniyat" zararlari haqida og‘iz ko‘pirtirilsa, ikkinchi tomondan milliy va diniy qadriyatlar bemalol oyoqosti qilinmoqda.

Ismini oshkor etishni istamagan o‘zbekistonlik adiblardan biriga ko‘ra, "hukumatning mamlakatni idora qilish va yoki davlatchilikka doir g‘oyasi yo‘q, bir qarasangiz tartib qilaman deydi, ammo yaxshilab nazar solsangiz, tepadagilar nima qilishayotganini o‘zlari bilishmaydi, muammo shunda...Qo‘rquv hukmron bo‘lgan tuzumda mas‘uliyat bo‘lmaydi, mas‘uliyat yo‘q joyda esa mamlakat ravnaqi haqida lof urishdan nariga o‘tilmaydi..."

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq