Qozog‘iston natijasi ma‘lum saylov arafasida

Image copyright Reuters
Image caption Nazarboyev iqtisodiy va siyosiy barqarorlik ramziga aylangan

Yakshanba kuni kechadigan prezidentikka saylovda yana Nursulton Nazarboyev g‘alaba qilishiga hech kim shubha qilmaydi.

Qozog‘iston neftga boy va sobiq Sho‘ro davlatlari orasida ham eng ilg‘or, iqtisodi nisbatan shakllangan davlatdir.

Prezident Nazarboyev 74 yoshda va muddatidan ilgari kechadigan saylovda hech qanday mushkulotsiz g‘alaba qilishi tayin.

2011 yilgi saylovda muxolifat nomzodi ham ishtirok etgan bo‘lsa, bu gal unga haqiqiy raqib yo‘q.

Undan tashqari yana ikki nomzodni esa deyarli hech kim tanimaydi.

Saylov nima uchun erta o‘tkazilmoqda?

Erta o‘tayotgan saylovga iqtisod oqsab borayotgani va milliy valyuta qadrsizlashayotgani sabab bo‘lishi mumkin.

Ayni masalalar hukumat tomonidan "ijtimoiy barqarorlikni saqlash" bahonasida ishlatilayotganiga shubha yo‘q.

Shuningdek, Qozog‘istonning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya bilan G‘arb munosabatlarining Ukrainadagi voqealar tufayli yomonlashgani, neft narxining tushib borishi ham mulozimlarga qo‘l kelmoqda.

Nazarboyevning tanqidchilariga ko‘ra, aynan erta saylov muxolifatni tayyorlanish imkoniyatidan mahrum qiladi.

Bu esa Nazarboyevni katta muvaffaqiyat bilan g‘alaba qilishini ta‘minlaydi.

Ovoz berish adolatli bo‘ladimi?

Image caption Qozog‘iston iqtisodiy jihatdan mintaqa davlatlarini ortda qoldirgan

Qozog‘istonda kechgan birorta saylov Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti tomonidan adolatli va yo erkin deb tan olinmagan.

Prezident Nazarboyev esa yakshanba kuniga mo‘ljallangan saylovni adolatli kechadi deb va‘da bergan.

"Bu bizning demokratik qadriyatlar va qonun ustivorligiga qanchalar sodiq ekanimizni ko‘rsatadi. Qozog‘iston ochiq va adolatli saylov jarayonidan manfaatdordir", deb aytgan Nursulton Nazarboyev o‘tgan oy xorijiy elchilar bilan uchrashuvida.

Muxolifatdagi Milliy Sotsial-Demokratik partiya esa o‘z nomzodini ko‘rsatishdan bosh tortgan.

Muxolifatga ko‘ra, bu amal "siyosiy mantiqsizlik" bo‘lur edi.

Qozog‘iston Sotsialistlar harakati va Janartu ishchilar ittifoqi esa qo‘shma bayonot chiqarishib, "saylov Nazarboyevning prezidentlik muddatini uzaytirish" ekanini aytishgan va boyqotga chaqirishgan.

Nomzodlar haqida

Nursulton Nazarboyev 1991 yildan beri qudratda qolmoqda.

U prezidenlik saylovida beshinchi bor o‘z nomzodini ilgani surmoqda.

2011 yilgi saylovda Nazarboyev 96 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi.

Nazarboyevni aksariyat mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlik garovi deb biladi.

Qozog‘istondagi turfa millat vakillari orasida ham uning mashhurlik darajasi ancha yuqoridir.

Yana ikki nomzodlar esa deyarli tanilmagan siyosatchilardir.

Ulardan biri Kommunistlar Xalq partiyasidan Turg‘un Sizdikov bo‘lsa, ikkinchisi Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Abilg‘ozi Kusainovdir.

Ikkovlon bir bo‘lsa ham Nazarboyevga hech qanday tahdid yo‘q.

Qozog‘istonda prezidentlik muddati ketma-ket ikki martadan ortiq bo‘lishi qonun bilan ta‘qiqlab qo‘yilgan.

Ammo 2007 yilda parlament Nazarboyev uchun qonundagi ana shu cheklovni olib tashlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq