Qrim tatarlari bahorgi milliy bayramini nishonlashdan voz kechgan

Image copyright AFP

Qrim tatarlari Majlisi may oyi boshida o‘tkaziladigan "Xidirlez" bayramida bu yil o‘tkazmaslikka qaror qilgani haqida e‘lon etgan.

Qrim tatarlarining oliy organi - Majlis bu haqda o‘zining rasmiy veb-saytida bayonotini tarqatgan.

Xabar qilinishicha, Rossiya anneksiya qilgan Qrimning joriy hokimiyati "Xidirlez" bayramiga tayyorgarlik ko‘rayapti.

Xidirlez - Qrim tatarlarining bahorgi dehqonchilik bayrami.

Bu bayram kuni xalq sayli, o‘yin-kulgu, sport musobaqalari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari tashkil qilinadi.

Qrim tatarlari Majlisida aytilishicha, yarim oroldagi "fojeali vaziyat" tufayli Qrim ma‘muriyati tashkillashtirayotgan bayram tadbirlarida ishtirok etishdan voz kechganlar.

Image copyright Reuters

"Xidirlez" Butunqrim milliy bayramiga tayyorgarlik hokimiyat tomonidan butun Qrim tatarlarining kollektiv huquqlarini ta‘minlashning fojeali vaziyati, insonlarni o‘g‘irlab ketish va g‘oyib bo‘lishlarida ko‘rinayotgan inson haqlarini poymol etish, Qrim tatar xalqining lideri Mustafo Jamilevning, Qrim tatar xalqi Majlisi raisi Refat Chubarovning, jamoat arbobi Ismet Yuksel va Sinaver Qodirovlarning Qrimga kirishlari taqiqlangani, Majlis raisi o‘rinbosari Axtam Chiyg‘ozning hibsga olinishi va tutqunlikda saqlanayotgani, Majlis a‘zolariga nisbatan, mahalliy milliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari a‘zolariga nisbatan ma‘muriy va jinoyat ishlari soxtalashtirilayotgani, ko‘plab vatandoshlarimizning so‘roqlar, tintuvlar hibsga olishlarga tutilayotgani, erkin tadbirkorlik faoliyat bilan shug‘ullanishlariga to‘sqinlik qilinayotgani, qator Qrim tatar ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olishdan bosh tortilayotgani, Majlis faoliyati va Qrim tatarlarining jamoat tashkilotlari faoliyat yuritishi cheklanayotgani, bir necha marta ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlangani manzarasida amalga oshirilmoqda", deyiladi Qrim tatarlari Majlisining bayonotida.

Bayonotda 2013 yil bahorida Qrim rasmiylari "Xidirlez" bayramining o‘tkazilishiga qarshilik qilganlari, biroq shunga qaramasdan, 40 mingdan ortiq kishi ishtirok etgani aytilgan.

2014 yili esa bayramga tayyorgarlik ishlari yakunlangan vaqtda Qrim tatarlari lideri Mustafo Jamil Qrim o‘g‘lining Qrimga kirishiga izn berilmagani, shu sababli bayram tadbirlari bekor qilingani xabar qilingan.

So‘nggi bayonot Qrim tatarlari Majlisining 25 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida qabul qilingan.

Yig‘ilishda Majlisning 30 a‘zosidan 20 nafari qatnashgan.

Yig‘ilishni Kiyev shahridan turib Skype Internet aloqasi vositasida Majlis raisi Refat Chubarov boshqargan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio