Nepaldagi zilzila qurbonlari soni ortib borayapti

Image copyright Other

Nepaldagi so‘nggi 80 yil mobaynidagi eng kuchli yer silkinishi oqibatida 2500 dan ortiq inson halok bo‘lgan, 4000 dan ziyod odam jarohatlangan.

Vayronalar ostidan tirik qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda, rasmiylar qurbonlar soni yanada ko‘payishi mumkinligini aytganlar.

Zilzila epitsentri Nepal poytaxti Katmandu bilan Pokxara o‘rtasida bo‘lgan, silkinish kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7,9 ballni tashkil etgan.

Yer qimirlashi Hindiston, Bangladesh va Tibetda ham sezilgan.

Juda ko‘p binolar yer bilan yakson bo‘lgan, yo‘llar butkul buzilgan.

Ayrim hududlarda mobil aloqa ham izdan chiqqan, Internet faoliyati buzilgan.

Bu narsalar qutqaruvchilarning ishlarini mushkullashtirmoqda.

Dunyoning ko‘p mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar Nepalga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashishga va‘da berganlar.

AQSh, Xitoy, Hindiston va Pokiston dori-darmon va eng zarur ehtiyoj buyumlarini yuborishga va‘da berganlar.

Nepalga o‘z xodimlarini yuborishlari haqida Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi, Oksfam, “Chegara bilmas shifokorlar” va Britaniyadagi “Nasroniy yordami” tashkilotlari xabar berganlar.

Bunday kuchli zilzila Nepalda 1934 yili kuzatilgan, o‘shanda 8500 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Kuni kecha ro‘y bergan yer qimirlashi Nepaldagi qator tarixiy binolar, jumladan Dxaraxara minorasi, Durbar maydonidagi qadimiy ibodatxonalarni butkul vayron qilgan.

Zilziladan keyingi birinchi tunni poytaxt Katmandu yashovchilari ko‘chalarda uxlab o‘tkazganlar.

Yer silkinishi Himolay tog‘larida qor ko‘chkilariga sabab bo‘lgan.

Bu payt Himolaydagi alpinistlar mavsumi hisoblanadi.

Everest cho‘qqisiga chiqmoqchi bo‘lgan alpinistlarning bazasi hisoblangan jamloq ikki qor ko‘chkisi ortida qolgani xabar qilingan.

Eng so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, 17 inson halok bo‘lgan, 60 dan ortiq kishi yaralangan.

Halok bo‘lgan 17 insonning qaysi mamlakat fuqarolari ekani aniqlashtirilayotgani aytilmoqda.

Nepal Alpinizm birlashmasidan xabar qilishlaricha, ko‘chki payti alpinistlar bazasidan yuqoriroqda bo‘lgan 100 kishi tirik qolgan, biroq qor ko‘chkisi ularning ortga qaytish yo‘lini qiyinlashtirgan.

17 alpinisting hayotdan ko‘z yumgani Everest tarixidagi eng halokatli hodisa bo‘lgan.

O‘tgan yil aprelida qor ko‘chkisi oqibatida 16 nafar yo‘l boshlovchi sherpa halok bo‘lgan edi.

Nepal rasmiylariga ko‘ra, alpinistlar baza jamlog‘ida 1000 tacha odam bo‘lgan bo‘lishi mumkin va u yerda ham qurbonlar soni ortishi ehtimolidan xavotir bildirilmoqda.

Jarohatlangan alpinistlar shu yaqin atrofdagi qishloqlarga yetkazilgan, biroq yomon ob-havo qutqaruvchilar ishini qiyinlashtirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio