Dastlabki natijalarga ko‘ra Nazarboyev 97,7 foiz ovoz oldi

Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni 1989 yildan beri boshqaradi Image copyright AFP
Image caption Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni 1989 yildan beri boshqaradi

Amaldagi davlat rahbari Nursulton Nazarboyev dastlabki natijalarga ko‘ra 97,7 foiz ovoz olib raqiblariga imkon qoldirmagan. Natijalar Markaziy saylov komissiyasi raisi Quandiq Turg‘anqulov tomonidan e‘lon qilindi.

"Saylovning dastlabki natijalariga kelsak, bizga kelib tushgan ma‘lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning respublika bo‘ylab ovozlari quyidagicha taqsimlandi: Qusainov Abilg‘azi Kaliakparovichga 0,7%, Nazarboyev Nursulton Abishevichga – 97,7%, Sizdiqov Turg‘un Isqakovichga – 1,6% saylovchilar ovoz berdi", - degan Turg‘anqulov brifingda.

Markaziy Saylov komissiyasi raisining ta‘kidlashicha, ushbu ma‘lumotlar mintaqaviy saylov komissiyalaridan kelgan bayonnomalar bo‘yicha aniqlashtiriladi va buning uchun qonunchilikda ikki kunlik muhlat berilgan.

Qonun bo‘yicha, yakuniy natijalar 7 kundan kam bo‘lmagan muddatda, ya‘ni 3 maygacha e‘lon qilinishi shart.

Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda saylash huquqiga ega fuqarolarning 95,22 foizi ovoz bergan.

Chorak asrdan beri Qozog‘istonni boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev 2011 yilgi saylovlarda 95 foizdan ko‘proq ovoz olgandi.

Nursulton Nazarboyevning eng ko‘p ovoz olgan yili 1991 yilgi saylovlarga to‘g‘ri keladi. O‘shanda u 98,7 foizlik ovoz olgan va Qozog‘istonning birinchi prezidenti bo‘lgandi.

75 yoshni qarshilayotgan Nazarboyev muddatidan oldin prezidentlik saylovlari belgilashi bilan ham mashhur.

Bu yilgi saylovlar Qozog‘istonda muddatidan oldin o‘tayotgan to‘rtinchi saylovlardir.

Saylovlarning bu safar ham muddatidan oldin belgilanishi Qozog‘istonni kutayotgan iqtisodiy qiyinchiliklar deya izohlanmoqda.

Jahonda neft narxining tushib ketishi Qozog‘iston byudjetiga keskin ta‘sir qilishi kutilmoqda.

Asosan neftdan daromad ko‘ruvchi Qozog‘iston byudjeti bir barrel neft narxi 80 dollar qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Ammo 2015 yil boshida Qozog‘iston ushbu ko‘rsatgichni 50 dollardan hisoblashga majbur bo‘ldi.

Neft narxining tushishi ortidan Qozog‘iston shu yilning o‘zida 7 milliard dollardan ko‘proq zarar ko‘rishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatgich keyingi 2 yilda ham saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.

Bundan tashqari iqtisodi Rossiya bilan chambarchas bog‘langan Qozog‘istonning sanktsiyalar tufayli yana bir mushkul ahvolga tushib qolayotgani kuzatilmoqda.

Rossiyada rublning keskin qadrsizlanishi Qozog‘iston iqtisodiga salbiy ta‘sir ko‘rsatmasdan qolmadi.

Kuzatuvchilar saylovlarning muddatidan oldin belgilanishiga milliy valyuta - tanganing devalvatsiyaga uchrashi muqarrarligi bilan ham izohlashmoqda.

Yana bir muddatga saylangan Nazarboyevdan ushbu muammolarga chora ko‘rish kutiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio