Rossiya g‘alaba paradida yangi tankini ko‘z-ko‘z qiladi

Image copyright Vadim Savitsky
Image caption Armata T-14

Rossiya yangi rusumdagi jangovar Armata T-14 tankini Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alaba bayrami arafasida oshkor qilgan.

Ayni jangovor texnika vositasi 9 may kuni paradda poytaxt ko‘chalaridan o‘tadi.

G‘alaba paradida shuningdek, boshqa bir qator yangi qurollar ko‘rsatiladi.

Rossiya Mudofaa vaziri parad oldidan tayyorgarlik jarayonida tushirilgan Armata T-14 tanki suratlarini oshkor etgan.

S-400 raketa tizimi, RS-24 qit‘alararo raketa ham tomoshaga qo‘yiladi.

Yangi Armata tanki avvalgilariga nisbatan anchayin yaxshi muhofazalangani aytilmoqda.

Rossiya matbuotiga ko‘ra, yangi Armata "to‘laligicha robotlashgan jangovar vositaga" aylanishi mumkin.

Tankning kompyuter texnologiyasi, tezligi va moslashuvchanligi T-90 tankidan bir necha barobar "zo‘rligi" da‘vo qilinmoqda.

Rossiya 2020 yildan boshlab Sho‘ro tanklarini Armatalar bilan yangilashni rejalagan.

Yangi qurollar tomoshasiga G‘arb rahbarlari kelmaydi

Image caption 9 may kuni Moskvada tarixda misli ko‘rilmagan darajada yirik harbiy parad rejalangan

Aksariyat G‘arb davlatlari rahbarlari Ukraina inqirozida Kremlning tutgan mavqei tufayli Moskvaga kelmaydi.

Olmon fashistlari ustidan qozonilgan Sho‘ro va ittifoqchi davlatlar g‘alabasining 70 yilligi Rossiyada keng nishonlanishi kutilmoqda.

Rossiyaning Ikkinchi Jahon urushidagi sobiq ittifoqchilari sanalgan Buyuk Britaniya, Fransa va Amerika Qo‘shma Shtatlari rahbarlari ham Moskvaga kelishmaydi.

Qizil maydondagi g‘alaba paradi tarixda bugunga qadar misli ko‘rilmagan darajada katta bo‘lishi aytilmoqda.

Rossiya tomonidan Qrimning qo‘shib olinishi va Ukrainada urushayotgan rossiyaparast jangarilarga Moskvaning dastagi G‘arb tomonidan jazo choralari joriy etilishiga sabab bo‘lgan edi.

O‘nlab Rossiya mulozimlari, mamlakatning mudofaa sanoati va yonilg‘i sohasi ayni jazo choralarining nishoniga aylangan.

Olmoniya kansleri Angela Merkel 9 may kuni emas, balki bir kun o‘tib Moskvaga keladi.

Xitoy va Shimoliy Koreya rahbarlari esa Qizil maydondagi paradni tomosha qilishadi.

Paradda ishtirok etadigan qo‘shinlar soni 15 000 nafar bo‘lishi xabar qilingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq