"Tojikistonda hijobu soqolga qarshi kurash yo‘q!"

Image caption Qaysi biri mulozimlarga ma‘qul emas?

Tojikiston mulozimlari mamlakatda soqol qo‘ygan erkaklar va hijobli xotin-qizlarga qarshi kampaniya mavjudligini rad etganlar.

Diniy masalalar bo‘yicha qo‘mitaga ko‘ra, "Islomiy liboslar man‘ etilmagan, davlat rahbari bu kabi buyruq bermagan".

"Prezident Imomali Rahmon faqatgina xotin-qizlarimizga milliy liboslar kiyishni maslahat berdi, bizning milliy kiyimlarimiz diniy an‘analarimiz va madaniyatimizga hamohangdir", deyiladi bayonotda.

Bir qator xalqaro ommaviy-axborot vositalari so‘nggi oylarda Tojikistonda soqol qo‘yganlar va Islomiy libosda bo‘lganlarga qarshi kampaniya mavjudligi haqida yozishgan edi.

"Visoli Haq" televizion kanalidagi ko‘rsatuvda ham Tojikistonda muslimalar o‘z diniy liboslaridan mahrum etilgani holda, turfa ishratbozlik joylari ozod faoliyat yuritilayotgani da‘vo qilingan edi.

Jumladan, mamlakatdagi masjidu madrasalar faoliyati ham keskin cheklanayotgani tanqid ostiga olingan edi.

"Soqolni majburlab olish mumkin emas!"

Image caption Hijobsiz...milliy kiyimlar

Ayni paytda, Tojikiston Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Ikrom Umarzoda militsiya xodimlari tojikistonliklarning soqollari majburan qirtishlayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Garchand, YouTube tarmog‘ida militsiya xodimlari bir erkakning soqolini majburan olishi akslangan video paydo bo‘lgan va bu ijtimoiy tarmoqlarda keskin noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.

Tojikistonlik foydalanuvchilardan biri, "soqolni o‘stirib, bepul qirtishlash uchun sartoroshxonaga emas, militsiya idorasiga" borishni ham taklif qilgan edi.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, "soqollarni majburan olish qonunga zid va bu amalga qo‘l urgan militsiya zobitlari jazolanadi", deb aytgan.

"Vazirlikka hozirga qadar uchta shikoyat tushgan. Bu zobitlarga qarshi chora ko‘riladi", deb aytgan Ikrom Umarzoda.

Ayni paytda, Ozodagon nashriga ko‘ra, Dushanbe shahrining Ichki ishlar idorasi boshlig‘i Foteh Qo‘ng‘irotzoda "hijob sotadigan do‘konlar yopiladi" degan so‘zlarini keltiradi.

Qo‘ng‘irotzoda bu haqda Dushanbedagi yirik "Karvon" bozori sotuvchilari bilan suhbatda gapirgan.

U do‘kondorlarni "Tojik madaniyatiga yot bo‘lgan liboslarni sotmaslikka" chaqirgan.

Nashr shuningdek, Dushanbe shahri hokimi Mahmadsaid Ubaydulloyev ham muqaddam "madaniyatimizga yot bo‘lgan kiyimlar"ning shaharga kiritilishi man‘ etiladi, deb aytgani haqida yozadi.

Mutaxassislarga ko‘ra, so‘nggi yillar Tojikiston hukumati qo‘shni O‘zbekiston singari diniy masalada anchayin toqatsiz va murosasiz yo‘l tutmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq