O‘zbekistonda nafaqa tizimini isloh qilish vaqti keldimi?

Image copyright UNIAN

Tasavvur qiling, biron bir mamlakatda rasmiylar: "Bu yil qariyalarni e‘zozalash yili bo‘ladi", deya e‘lon qilishsa, bu tashabbusning olqishlanishi tayin.

Lekin albatta buning ketidan "Bu yilda qariyalar uchun nimalar qilishibdi, ular bu rasmiylar va‘da bergan e‘tibor va g‘amxo‘rlikni ne qadar his qilayapti ekanlar", - degan savol tug‘iladi, .

Bu savolga javob topish mushkul emas, nafaqaxo‘r va qariyalarning o‘zlari bilan suhbatlashish kifoya.

O‘zbekistonli 83 yoshli Nina Saxartseva nafaqasini mutassil ravishda kechikib olishini aytadi.

"Aslida nafaqamni har oyining 13-14 kuni berishlari kerak. Lekin bunday bo‘lmaydi. Men pochtaxonaga telefon qilib, bo‘lim boshlig‘i bilan gaplashganimdan keyin oyning oxirlariga borib, o‘shanda bo‘lsa ham boshqalardan avvalroq olib kelib berishadi. Lekin umuman olganda, 25-27 chi chislolarga borib olamiz".

Oyiga 680 ming so‘m nafaqa olishini aytgan Nina Saxartseva bir qarashda kam emas, deya ko‘ringan nafaqasini kuniga yetkazish uchun ko‘p narsadan iqtisod qilishiga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari qariyalarni e‘zozlash yilida o‘ziga nisbatan biron g‘amxo‘rlikni his qilmayayotgani haqida aytadi:

"E‘tiborni umuman sezayotganim yo‘q. Bundan tashqari 18 yildan beri meros masalasi bo‘yicha mahkamadan-mahkamaga sarsonman. Men huquqlarmiz himoya qilinishi uchun bizlarga bepul advokat ajratilishini istagan bo‘lardim. Oromgohlarga berilishi kerak deyilgan yo‘llanmalarni ham ko‘rmaymiz. "Darakchi"da yozishyapti yoshi 80 dan oshganlarga yo‘llanmalar berilishi kerak deb. Qani ular? Mahalliy hokimiyatdan, mahalla ma‘muriyatlaridan e‘tibor bo‘lishini xohlardim. Kelishsin, ko‘rishsin, so‘rashsin. "Qanday yashayapsan, kuning qanday kechyapti", - deb. Bularning hech biri qilinmayapti".

Toshkent shahar hokimligining Madaniyat va sport ishlari bosh boshqarmasi buyrug‘iga binoan Hayvonot bog‘iga bepul kirish huquqi biron yengillik tug‘dirmaydimi, degan savolga u shunday javob berdi:

"Bu endi nimasi... Buning o‘rniga sanatoriyga bepul yo‘llanma berishsa yaxshi bo‘lardi"...

Image copyright Getty

Nafaqaxo‘r va huquq faoli Shuhrat Rustamov ham huddi shunday muammolarning mavjudligi va g‘amxo‘rlikning yo‘qligi haqida gapiradi.

Uning mehnat faoliyati asosan Sho‘rolar davriga to‘g‘ri kelgani uchun 63 yoshli Shuhrat akaga 162 ming pensiya belgilashgan.

Oylik nafaqasini vaqtida oladi, bu borada e‘tirozi yo‘q. Lekin o‘ta iqtisod qilib sarflagan taqdirda ham kundalik hayotiga yetmaydi.

"Davlat tomonidan biron e‘tiborni his qilayotganimz yo‘q", - deydi u.

Keyin biz surhondaryolik nafaqaxo‘r O‘rol Ernazarov bilan suhbatlashdik. Uning so‘zining ham indallosi, e‘lon qilingan e‘tiborni sezmayotganligi edi.

Uning fikricha, hozirda atigi deyarli barmoq bilan sanarli qolgan urush faxriylarigagina emas nafaqaxo‘rlarning kengroq qatlamiga ham imtiyoz va qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilsa yaxshi bo‘lardi.

Toshkentdagi hayvonot bog‘iga bepul kirish imkoni haqida gapirar ekan, O‘rol Ernazarov poytaxtning o‘ziga yetib olish uchun qanchalar mablag‘ ketishini tilga oldi.

Xullas, qariyalar bilan suhbatlashib, ko‘plab muammolarning ichida ikki asosiysi ko‘zga tashlandi.

Birinchisi, e‘tiborning kuchayganini umuman sezmaganliklari va ikkinchisi nafaqa miqdorining yetishmasligi.

E‘tibor masalasi albatta mavhumroq, lekin nafaqalar miqdori kabi iqtisodiy va lo‘ndaroq muammoning ildiziga nazar tashlasak.

O‘zbekiston sharoitida bu ahvolni o‘zgartirish yo‘llari bormi?

Iqtisodchi Jahongir Shosalimovning fikricha, O‘zbekistondagi nafaqa tizimini isloh qilish vaqti kelgan.

2010 yildan beri nafaqaxo‘rlar uchun ko‘plab imtiyoz va qo‘shimcha to‘lovlar belgilash usullarining bekor qilingani nafaqa jamg‘armasining, uning fikricha, "kasod"ga uchragani bilan bog‘liq.

"Bundan tashqari nafaqa tizimi asosan hukumat manfaatlarini himoya qiluvchi tizimlar, militsiya, xavfsizlik xizmati va shunga o‘xshash tashkilotlarda ishlagan ko‘p sonli xodimlarga mo‘ljallangan".

Jahongir Shosalimovning aytishicha, hozirda nafaqa yoshida bo‘lganlar aksarining mehnat yillari Sho‘rolar davriga to‘g‘ri kelgani uchun, o‘sha davrdagi hujjatlarni "ko‘tarish" mushkulligi tufayli ko‘plarga minimal pensiyalar belgilanmoqda. Minimil pensiya miqdoriga esa umuman yashab bo‘lmaydi.

Muammo sabablarini ko‘rib chiqqandan so‘ng, iqtisodchi bilan uni yechish usullariga ham to‘xtaldik.

"Muammolarni hal qilish va nafaqa tizimini isloh etish uchun mamlakat rahbariyatida siyosiy iroda bo‘lishi lozim. Nafaqalar jamg‘armasini to‘ldirish uchun dastlab iqtisodni ko‘tarish lozim. Ishlab chiqarish samaradorligini ta‘minlash, qishloq xo‘jaligida paxta va don yetishtirish uchun belgilangan "qaroqchi" past narxlarni bekor qilish kerak, umuman yalpi ishlab chiqarish miqdorini oshirishning jiddiy yo‘llarini ko‘rib chiqish kerak", - deydi iqtisodchi.

Jahonning ko‘plab mamlakatlarida nafaqaxo‘rlar aksar hollarda davlat tomonidan belgilangan minimal pensiyaga qaram emaslar.

Chunki hatto rivojlangan mamlakatlarda davlatning pensiyasiga kun kechirish juda qiyin.

Lekin, shaxsiy pensiya jamg‘armalari tizimi juda keng qo‘llanadi. Unga muvofiq, har bir shaxs ish yillari mobaynida mutassil ravishda shaxsiy pensiya jamg‘armasiga pul "tashlab" boradi. Ba‘zi mamlakatlarda ishchi bu jamg‘armaga qancha pul ajratsa, ish beruvchi ham huddi shuncha mablag‘ ajratishi kerakligi qonun tomonidan ko‘rsatilgan.

Ko‘ribsizki, nafaqa yoshiga borib, ulkan bo‘lmasa ham o‘rtacha hayotga "etarliroq" shaxsiy jamg‘arama ham yig‘ilib qoladi.

Jahongir Shosalimovning fikricha, ana shu kabi shaxsiy nafaqa tizimi kabi tajribalarni O‘zbekiston sharoitida ham tadbiq qilish vaqti allaqachon kelgan.

Shu o‘rinda o‘zbekistonlik bir yoshi keksa ayolning so‘zlari yodga tushadi.

Xorijlik, aksari nafaqa yoshida bo‘lgan bir guruh sayyohlarning Toshkent ko‘chalarini kezib yurganlarini kuzatar ekan, onaxon: "Bularni qarang pensiyaga chiqib, dunyo kezib yurishibdi-ya" - deb hayron bo‘lgandi.

Lekin aksar, hatto rivojlangan mamlakatlardagi davlat pensiyalari dunyo kezish uchun imkon bermasligi ma‘lum.

Ular asosan shaxsiy nafaqa jamg‘armalari borligi uchun bunday imkoniyatga egalar.

Shaxsiy pensiya jamg‘armalari haqida fikrlarini so‘ragan vaqtimiz O‘zbekistonlik qariyalar bu ta‘bir joiz bo‘lsa "yot kontseptsiya" haqida o‘z fikrlarini bildirishni mushkul topdilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer