Nazarboyev Prezidentlikka qasamyod qildi

Image caption Nazarboyev Qozog‘istonni dunyoning eng rivojlangan 30 davlati qatoriga kiritishga va‘da bergan

Nursulton Nazarboyev Ostonadagi "Mustaqillik saroyi" da o‘tgan tantanali marosimda yana bir muddatga Qozog‘iston prezidentligiga qasamyod qilgan.

Nazarboyev "Qozog‘iston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilish, Konstitutsiya va qonunlarga qat‘iyan amal qilish va fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga" va‘da bergan.

Janob Nazarboyev 26 aprel kuni o‘tgan saylovlarda 97.75 foiz ovoz olgan.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylovlarda haqiqiy raqobat bo‘lmaganini aytgan.

74 yoshli Nazarboyev Qozog‘istonni 1990 yildan buyon idora qilib keladi.

2010 yilda Qozog‘iston parlamenti uni "Elbasy" - "Millat lideri" deb e‘lon qilgan va unga cheklanmagan muddatga saylanish huquqini bergan.

Taraqqiyot va tahdidlar

O‘zining inauguratsion nutqida janob Nazarboyev Qozog‘istonni dunyoning eng rivojlangan 30 davlati qatoriga kiritishga va‘da bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelayotgan kunlarda Qozog‘iston Prezidenti huzurida mamlakatni zavomanaviylashtirish bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi.

Janob Nazarboyev ushbu komissiyaning birinchi yig‘ilishida o‘zining "Millat rejasi"ni taqdim etishini aytgan.

Uning aytishicha, so‘z davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi islohotlar haqida bormoqda.

Qozog‘iston rahbari mamlakatning istiqboldagi rivojlanishiga tahdid solayotgan besh omilni tilga olgan.

Uning fikricha, bular - dunyodagi mavhumlikning ortishi, jahon iqtisodidagi muammolar, iqlim o‘zgarishi, dunyo evrilishidagi "siniq chiziqlar"ning Markaziy Osiyoga ta‘sir qilishi va dunyo tartibidagi inqirozdir.

Janob Nazarboyev Qozog‘iston o‘zining strategik hamkorlari bo‘lgan Rossiya, Xitoy, AQSh, Ovro‘po Ittifoqi va Islom dunyosi bilan hamkorlikni davom ettirishini aytgan.

Seshanba kuni u shuningdek, Karim Masimovning Qozog‘iston bosh vazirligiga nomzodini qaytadan tasdiqlagan.

Qozog‘iston Konstitutsiyasiga muvofiq, hukumat yangi saylangan Prezident oldida o‘z vakolatlarini topshiradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq