Parkentda yirik xavfsizlik amaliyoti o‘tkazilmoqda

Image copyright zhurnal.lib.ru

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi maktablardan birida shubhali varaqalar topilishi ortidan tumanda yirik xavfsizlik amaliyoti boshlangan.

BBC manba‘larining aytishicha, ekstremistik mazmunda ekani aytilgan varaqalar juma kuni Quyosh instituti yaqinida joylashgan Hisaroy qishlog‘idagi 29-sonli umumta‘lim maktabida topilgan.

Ayrim xabarlarda tumandagi bog‘chalardan biri va turar-joy binosiga ham varaqa va qora bayroq rasmlari yopishtirib ketilgani aytiladi.

Ammo varaqalarning Islomiy Davlat yoki IShIDga oid ekani haqidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topganicha yo‘q.

Shanba kuni tumanga katta sondagi militsiya va maxsus kuchlar tashlangan, Parkent shahri va Hisaroy qishlog‘iga kirish-chiqish yo‘llarida nazorat nuqtalari tashkil etilgan.

Parkentdagi ayrim manba‘lar tuman hududidiga harbiy texnika kiritilgani va maxsus kuchlar tog‘li chegara hududlarida amaliyot o‘tkazayotganini aytishmoqda.

Militsiya ro‘yxatida turgan shaxslar, jumladan, namozxonlar hamda Rossiyadan mehnat muhojirligidan qaytib kelgan fuqarolar Hisaroy qishlog‘idagi "Quyosh" mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan shtabga chaqirilib, so‘roq qilinmoqda.

Yakshanba kuni so‘roq qilingan parkentliklardan birining so‘zlariga ko‘ra, A-4 formatdagi oq qog‘ozga qora plamasterda, o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan matnda "barcha mazhab va diniy oqimlarning tinchlik-totuvlikda yashab kelgani, bunga tarixiy manba‘lar guvohlik berishi" aytilgan.

Ammo ayrim xabarlarda Parkent tumanidagi alohida mavze‘ va inshoootlarni portlatish tahdidlari bitilgan varaqalar ham topilgani aytiladi.

Tungi navbatchilik

Namozxonligi uchun militsiya ro‘yxatida turishini aytgan shaxslardan birining BBCga aytishicha, unga yakshanba kuni ertalab mahalla fuqarolar yig‘ini va tuman militsiyasidan telefon qilib, Hisaroy qishlog‘iga borishi va tilxat yozib berishini aytishgan.

Image caption Parkentdagi maktab va bog‘chalarda tungi navbatchilik tashkil etilgan

U "Quyosh" mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida 200 chamasi odamni ko‘rgani, tumanning boshqa hududlaridan ro‘yxatdagi odamlar, shuningdek, o‘qituvchilar va o‘quvchilar avtobuslarda keltirilganini aytadi.

"Bizning barmoq izlarimizni olib, suratga tushirishdi va tilxat yozdirib olishdi. Aytishlaricha, varaqalardagi yozuvni bizning dastxatlarimiz bilan solishtirishar ekan. Maktab o‘qituvchilaridan o‘quvchilar yozgan insholardan namunalar keltirishni so‘rashyapti", - deydi BBC suhbatlashgan manba‘.

Uning aytishicha, tuman militsiyasining terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i namoz o‘qish-o‘qimasligi, diniy oqimlarga a‘zo yoki emasligi hamda farzandlarining nima bilan mashg‘ul ekani haqida so‘ragan.

"Meni jinoyat kodeksidagi modda bilan tanishtirib, javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirishdi", - deydi parkentlik namozxon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tilxat yozdirib olgan terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimi varaqalar noma‘lum shaxslar tomonidan tarqatilganini aytgan va bironta tashkilot nomini tilga olmagan.

U militsiya va boshqa rasmiylar bilan suhbatda IShID nomini eshitmagani, ammo aholi orasida turli mish-mishlar tarqalayotganini aytadi.

Tumandagi bog‘chalardan birining tarbiyachisiga ko‘ra, Hisaroy, Sangi va Kumushkon qishloqlari, shuningdek, Parkent shahridagi maktab va bog‘chalarda tungi qorovullik tashkil qilingan.

Rasmiylar Parkentdagi xavfsizlik amaliyoti borasida sukut saqlamoqda.

O‘tgan yil sentyabrida poytaxtning Yunusobod tumanidagi ko‘prikka IShIDning qora bayrog‘i ilib ketilgani haqida xabarlar tarqagandi.

Prezident Karimov Iroq va Suriyada "yangi paydo bo‘lgan guruhlar" O‘zbekistonga tahdid solishini aytgan.

Shu kunlarda O‘zbekiston Afg‘oniston bilan chegarani qo‘riqlashni kuchaytirgani haqida xabarlar olingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio