Ishim bitdi, saylovim tinchgina o‘tdimi?

Image copyright THINKSTOCK

Toshkentda 15 maydan boshlab issiq va sovuq suv narxi o‘rtacha 10 foizga oshadi. Odatda bahorgi narxlar poytaxtda mart va aprel oylarida ko‘tariladi.

Ammo kuzatuvchilarga ko‘ra, mart oyi oxirida prezidentlik saylovlari belgilanganligi uchun rasmiylar saylovchilarni noxush xabarlar bilan cho‘chitmay turishni afzal bilishgan.

Rasmiy ma‘lumotlar bo‘yicha inflyatsiya darajasi o‘rtacha 7% dan oshmaydigan O‘zbekistonda kommunal to‘lovlarning bir yilda 17 foiz atrofida qimmatlashishi nimani anglatadi?

Narxlarning oshishi to‘g‘risida Gazeta.uz sayti "Tashteploenergiya" va "Suvsoz" tashkilotlariga tayanib ma‘lum qildi.

Xabarga ko‘ra markaziy isitish tizimi uchun issiq suv 1 kv.metr uchun 9410,14 so‘m qilib belgilangan. U 2014 yilning oktyabridagi narxlar bilan solishtirganda 11,4 foizga qimmatlagan.

Issiq suv ham o‘rtacha 10 foizga qimmatlagan.

Toshkentlik foydalanuvchilar narxlarning ko‘tarilishi oila byudjetiga salbiy ta‘sir qilishini aytmoqda. Abdurazzoq aka Sodiqov narxlarning 1 foiz oshirilishi ham oilaga qiyinchilik tug‘dirayotganini aytadi.

"Bir foiz qo‘shilishi ham oilaga qiyin bo‘lyapti. Oylik maoshlari o‘rtacha 400 ming so‘m atrofida bo‘lyapti. Bu real darajasida emas. Aksariyat odamlar oylikka yasholmay uyidagi bor narsasini sotib yoki kirakashlik qilib, qo‘shimcha 16 soatlab ishlab shuning hisobiga zo‘rg‘a kun ko‘rib yurishibdi. Boshqa madaniy ishlarga umuman vaqti ham qolmayapti. Narx oshishi oilalarga qattiq zarba bo‘ladi", - deydi Abdurazzoq aka.

Toshkentda kommunal to‘lovlari narxlari bahorgi ko‘tarishlari odatda mart yoki aprel oylarida amalga oshiriladi. Biroq bu yil fevral va mart oylarida ham narx ko‘tarilishi borasida xabar chiqmadi.

Ko‘pchilik poytaxtliklar narxlarning bu yilgi oshmayotganidan xursand bo‘layotgan edi. Ammo aprel oyi so‘nggiga kelib narxlarning baribir ham ko‘tarilishi ma‘lum bo‘ldi.

Toshkentdan jurnalist Abdurahmon Tashanov narx ko‘tarilishining kechikishini prezidentlik saylovlari bilan bog‘laydi.

"Toshkent shahrida saylovchilarning katta qismi istiqomat qiladi. Poytaxtda narxning oshishi boshqa hududlardagi odamlarning kayfiyatiga ham ta‘sir qiladi. Kommunal to‘lovlari narxlari har yili 1 apreldan yoki 15 martdan oshardi. Bu yil ushbu muddat 15 mayga surildi. Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, 15 mayda elektr energiyasining ham narxlari oshadi", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Gazeta.uz xabarida ushbu narxlar nimaga asoslanib ko‘tarilgani borasida hech qanday sabab keltirilmagan.

Issiq suv va isitish tizimi suvlari Toshkentda so‘nggi marta 2014 yilning oktyabr oyida ko‘tarilgan.

O‘shanda narxlar materiallar va energiya mahsulotlarining bahosi o‘sishi ortidan qimmatlagani bildirilgan edi.

Bu vaqt davomida jahonda neft narxi keskin tushdi. Toshkentda narxlar tushishning o‘rniga ko‘tarilmoqda.

E‘tiborli tomoni hukumat e‘lon qilayotgan hisobotlarda mamlakatda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘ladi.

2015 yilgi prognozlar bo‘yicha esa bu ko‘rsatgich 6,5 foiz bo‘lishi kerak.

Lekin birgina issiq suv narxi so‘nggi 7 oyning ichida o‘rtacha 17 foizga qimmatlamoqda.

Abdurahmon Tashanov rasmiylar e‘lon qilayotgan inflyatsiya raqamlari reallikka to‘g‘ri kelmasligini aytadi.

"Inflyatsiya rasmiy raqamlarda 6-7 % hisoblangani bilan aslida juda katta ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Ikkinchidan, davlatga shu savolni beradigan bo‘lsangiz "Tashteploenergiya" va "Suvsoz" tashkilotlari davlatdan mustaqil va o‘zining tegishli aktsiyalari bor, shuning uchun ular o‘zlari biladi, degan javob olasiz. Lekin aslida bu ikki tashkilot monopolist shirkatlar. O‘zbekiston bu boradagi savollarga izoh bera olmasa kerak", - deydi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekistonda narxlarning ko‘tarilishi rasmiy darajada ochiq muhokama qilinmaydi.

Lekin o‘tgan prezidentlik saylovlarida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Hotamjon Ketmonov monopoliya shirkatlar tomonidan belgilanadigan tariflar inflyatsiya ko‘rsatgichlaridan yuqori darajada o‘smasligi kerakligini aytgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer