Frantsiyada muslimalarning uzun yubka kiyishi muhokama qilinmoqda

Image copyright f
Image caption Xususiy maktablarda islomiy kiyimlar kiyish mumkin

Frantsiyada jamoat joylarida diniy ramz va kiyimlarni kiyishga doir yangi mojaro yuz bergan.

Bunga sabab uzun yubka kiygan 15 yashar muslimaning maktabga qo‘yilmagani bo‘lgan.

Frantsiya shimoli-sharqidagi Sharlevil-Mezer shahrida yashovchi Sora ismli qiz aprel oyida ikki marta maktabdan uyiga qaytarib yuborilgan.

Maktab direktorining so‘zlariga ko‘ra, uning uzun yubkasi o‘quv muassasalarida diniy ramzlarga qo‘yilgan taqiqni buzadi.

Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Seshanbadan buyon #JePorteMaJupeCommeJeVeux ("Xohlagan yubkamni kiyaman") xeshtegi 45 ming martadan ko‘proq twit qilingan.

"Qonunga zid emas"

Frantsiya Bosh vazirining dunyoviy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Nikolya Kaden maktabda uzun yubka kiyib yurish mavjud qonunchilikka zid emasligini aytgan.

"Qonun diniy mansublikni namoyish etuvchi ramz va kiyimlar taqiqlaydi. Qora yubka qonunga zid emas..." degan frantsuz mulozimi.

Frantsiyadagi davlat maktablarida musulmonlarning bosh kiyimi va boshqa ramzlariga taqiq 2004 yilda joriy etilgandi.

Davlat cherkovdan ajratilgan Frantsiyaning aksariyat aholisi ushbu taqiqni ma‘qullagan.

Ammo tanqidchilar ayrim maktablarda qonun juda ham erkin talqin qilinayotganini aytishadi.

Frantsuz matbuotining xabarlariga ko‘ra, mart oyida mamlakat janubida maktab ma‘muriyati sakkiz nafar muslima qizlardan uzun yubkalarini boshqa kiyimga almashtirishni talab qilgan.

Frantsiyada islomofobiyaga qarshi kurash tashkiloti - CCIF o‘tgan yili yuz bergan 130 ta shu kabi holat haqida xabar bergan.

2011 yilda Frantsiya jamoat joylarida ayollarning yuzlari, qo‘l va vujudlarini butunlay yopib turadigan niqob kiyib yurishni taqiqlagan birinchi Ovro‘po davlati bo‘lgan.

Frantsiya Ovro‘podagi eng ko‘p sonli - 5 million musulmon aholisiga ega davlatdir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq