"Islomiy davlat"dan kim qo‘rqadi?

Image copyright ap
Image caption "Islomiy davlat" Toshkent uchun qo‘rquv omilimi va yo bahona?

O‘zbekiston ommaviy-axborot vositalari "Islomiy davlat"ga qarshi yirik targ‘ibot amallarini boshlashgan.

Shaxsan prezident Karimovning tashabbusi deb atalayotgan bu kampaniyaga diniy ulamolar, jurnalistlar va qo‘shiqchilar ham qo‘shilishgan.

Qo‘shni Afg‘onistonda "Islomiy davlat" unsurlari paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqalar ekan, O‘zbekiston hukumati jiddiy tashvishga tushgan ko‘rinadi.

Targ‘ibotchilar yoshlarni "Islomiy davlat" jangari guruhining saflariga qo‘shilmaslikka da‘vat qilishar ekan, kuzatuvchilarga ko‘ra, bu kampaniya muqaddam bo‘lgani kabi "do‘ppi desa, kallasini keltirish"ga aylangan.

Ayrim shaharlarda militsiya xodimlari ro‘molli ayollarning jamoat joylarida paydo bo‘lishiga qarshilik qilgani haqida xabarlar tarqalgan.

Rasmiy mullalar

Image caption Ozodbek O‘zbekistonning emas...Suriya dardini kuyladi

O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita esa "Islomiy davlat"ni o‘z jinoyatlarini yashirish uchun Islom dinidan foydalanishda ayblaydi. Juma namozidagi ma‘ruzalarning aksariyati bu jangari va aqidaparast guruhni qoralashga bag‘ishlanmoqda.

Taniqli imomlar viloyatlarga safarga chiqishib, "Islomiy davlat" xavfidan ogohlantirmoqda.

O‘zbekiston imomlari musulmonlarni "asl va toza" Islomni turfa "yovuz" oqimlardan farqlay olishga chaqirgan.

Toshkentlik imom Anvar qori Tursunov O‘zbekiston televizionidan chiqishida, "bugun hammamiz hushyor bo‘lishimiz kerak" deb nasihat qildi.

Shuningdek, mamlakat bo‘ylab "Islomiy davlat"ga qarshi yozilgan kitob taqdimotlari o‘tkazildi.

Targ‘ibot jabhasidagi san‘atkorlar

"Islomiy davlat" va diniy aqidaparastlikka qarshi she‘rlar bitilmoqda, kinolar olinmoqda va hatto qo‘shiqlar kuylanmoqda...

Marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning terrorni qoralab, Islomning tinchlik dini ekanligi haqidagi "Ochiq xat" asari ham ommalashib ketgan.

Xalq artistlaridan biri esa olis Suriyadagi O‘zbekistondagi vaziyatga tarixiy va zamonaviy jihatdan teskari bo‘lgan fojeadan ham hukumat targ‘iboti yo‘lida foydalangan.

"Allohimga aytib ber" qo‘shig‘ida Suriyada qurbon bo‘lgan uch yashar norasidaga qarata, Ozodbek Nazarbekov, "o‘zbek millatida tug‘ilsang..." beg‘am yasharding qabilida nola qilib beradi.

Yaqinda qamoqdan ozod etilgan jurnalist Xayrulla Hamidov ham "Islomiy davlat"ni qoralaydigan she‘r bitdi.

Xalq artistining qo‘shig‘i va sobiq mahkum jurnalistning she‘ri ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilindi.

O‘zbekistonlik kino ijodkorlari tomonidan olingan filmlarning nomiyoq hukumat targ‘ibot mashinasining anchayin jadallashtirilgan faoliyatidan darak beradi.

Tanqidchilarga ko‘ra, o‘ta havaskorona va teskari natija beradigan "Gumrohlar" va "Sotqin" filmlari mashhurlik darajasida boshqa xashaki loyihalar, masalan, "Tilim qursin" ga ham yetolmagan...

Eski targ‘ibot usuli, yolg‘on va qo‘rquv qorishmasi

Image copyright AP
Image caption "Islomiy davlat"ga qarshi kampaniya tashabbuskori

"Islomiy davlat"ga qarshi kampaniya bu safar ham O‘zbekiston hukumati bosh-qosh bo‘ladigan usulda olib borilmoqda.

Prezident tashabbuskor, ommaviy-axborot vositalari esa bir imoga muhtoj "askar"larga aylanishgan.

Avval o‘tkazilgan va aftidan bugun aksariyat qanchalar muvaffaqiyatsizlik kechganini tan olib bo‘lgan kampaniyalardan biri "ommaviy madaniyat" unsurlariga qarshi edi...

Odatda O‘zbekiston televizioni Yaqin Sharqdagi voqealarni mutlaqo chetlab o‘tadi.

Suriya, Misr, Tunis va yo Falastindagi voqealar, ayniqsa inqiloblar go‘yo xalqdan yashirib kelinadi.

O‘zbekistondagi "tinchlik-xotirjamlik" aql bovar qilmaydigan darajada maqtaladi va xalq onggiga "shukr qilish" kerakligi tinimsiz "quyib" turiladi.

Buning uchun esa Yaqin Sharqdagi urushlar misol qilinadi, inqiloblar va norozilik chiqishlari haqida lom-mim deyilmaydi, faqat "Islomiy davlat" olabo‘jiga aylantiriladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati "Islomiy davlat"ning qo‘shni Afg‘onistonda bo‘y ko‘rsatishidan jiddiy tashvishga tushgan, ammo aynan shu masala Toshkentga "bir o‘q bilan ikki quyonni" otish imkonini yaratgan.

Ya‘ni, O‘zbekiston hukumati avvallari bo‘lgani kabi turfa bahonalar bilan "tashqi dushman" obrazini zo‘r berib bo‘rttiradi va o‘zining "ichki dushman"laridan shu yo‘l bilan qutulib oladi.

Rahbar tashabbusiga...hamma ham ishonmaydi

Image caption "Sotqin" filmi "Tilim qursin" darajasida emas..."

Karimov o‘tgan yil yozida ilk bor "Islomiy davlat" xavfidan ogohlantirgan edi.

Mamlakat diniy ulamolarini bu xavf-xatardan jamoatchilikni ogoh etishga da‘vat qilgan edi.

Dekabr oyi boshlarida esa Islom Karimov qo‘shni Afg‘onistondan xorijiy kuchlar chiqarilishi ortidan bu mamlakatga yana turfa terrorchi guruhlar joylashishi ehtimoli va ayni holat O‘zbekiston uchun tahdid ekanini urg‘uladi.

"Iroq va Suriyadagi "Islomiy davlat"ning unsurlari Afg‘onistonga kirayotgani haqida jiddiy ishoralar bor", deb aytgan edi O‘zbekiston prezidenti.

Ammo hamma ham O‘zbekiston hukumatining targ‘ibotiga uchayotgani yo‘q.

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda hukumatning "Islomiy davlat"ga qarshi kampaniyasi aslida dindorlarni jilovlash uchun bahona ekani bahs qilindi.

Ayniqsa, havaskorona olingan "Gumrohlar" va "Sotqin" filmida hijob va ro‘mollarni "Arablar madaniyati" o‘laroq ta‘rif qilingani aksariyatning noroziligiga sabab bo‘ldi.

"Bu filmlarning asl maqsadi O‘zbeklarni dindan uzoqlashtirish", deb izoh qoldiradi ijtimoiy tarmoq faollaridan biri.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq