Turkiston legioni rahbarlaridan so‘nggisi Ro‘zi Nazar vafot etdi

Image copyright none

Asli o‘zbekistonlik , keyinroq Amerika fuqarosi bo‘lgan davlat arbobi, istiqlol kurashchisi Ro‘zi Nazarning nomi butun turkiyzabon millatlarga yaxshi tanish.

Ro‘zi Nazar ongli hayotining asosiy qismini Turkiston mustaqilligi uchun baxshida qilgan inson edi.

Ro‘zi Nazar salkam yuz yoshda edi.

Ikkinchi Jahon urushi davrida Olmoniya safida Sovetlarga qarshi kurashgan Ro‘zi Nazar asirga tushgan turkistonliklarning istaklari asosida taniqli yozuvchi Mustafo Cho‘qay boshchiligida olmonlar tomonidan tashkil etilgan "Turkiston Legioni"ning faol a‘zolaridan bo‘lgan.

Ro‘zi Nazar asosiy maqsadlari - "Turkistonning mustaqilligiga, milliy mustaqillikka erishish bo‘lgani, shu g‘oya uchun yashab, urushdan keyin ham shu g‘oya uchun kurashganliklari"ni aytadi.

Ro‘zi Nazar – BBC mehmoni, 2009 yilgi suhbat

BBC: Ro‘zi ota, mushtariylarimizdan kelgan savollar talaygina. Ilk savolimiz Olmoniyadan, Murodbek Faxrdan. Murodbek, "Sobiq legionchilardan nechtasi hozir hayot va ular bilan aloqangiz bormi," deb so‘raganlar:

Ro‘zi Nazar: Bunday aniq raqam yo‘q. Ammo aytishim mumkinki, 90 foizi bu dunyodan o‘tib ketishgan. Mening yoshimga kelganlari kamdan-kam. Men hozir 92 yoshdaman. Juda oz qolishgan bunday yurtdoshlar.

BBC: Angliyadan Malik Abdiyev yana, "Hozirgacha ko‘plab Sovet davri tarixchilari "Turkiston Legioni"ni sotqinlar jamoasi deb atashadi, shu o‘rinda "Turkiston Legioni"ni qanday oqlaysiz?" deb qiziqqanlar.

Ro‘zi Nazar: Buyuk Britaniya imperatorligi bor. Hindistonni 300 yildan ko‘proq koloniya holida saqladi. Ammo bir hindu, "men inglizman," demaydi. "Men hindistonlikman," deydi. Biz Rusiya tomonidan mustamlaka etilgan Turkiston qanday qilib Rusiyaning vatandoshimiz, deb ayta olamiz. Bu – uyat. Biz turkistonliklar hech bir zamon Rusiya vatandoshi bo‘lgan emasmiz. Masalaga ana shunday qarash kerak.

BBC: Amerikadan Akbar, "Turkiston Legioni"da xizmat qila turib, Olmoniya sobiq Sho‘rolar Ittifoqi ustidan g‘alaba qiladi, deb ishonganmisiz?" deb qiziqqanlar...

Ro‘zi Nazar: Haaa, Olmoniyaning g‘alaba qozonishiga bizda uncha ishonch bo‘lmagan. Ammo Ikkinchi Jahon urushi dushmanimizga qarshi kurashmoq uchun bizga yana bir fursat bo‘ldi.

BBC: Angliyadan Shohruhjon esa, "Ikkinchi Jahon urushida mabodo Olmoniya g‘olib chiqqanda, Turkistonga haqiqiy mustaqillik berilgan bo‘larmidi yoki u Turkiyaning kichik ukasi sifatida turklarga topshirilarmidi?" deb so‘rabdilar. Yana Angliyadan Malik Abdiyev, Qirg‘izistondan "Nezavisimiy" nomi ostida savol yo‘llagan mushtariylarimiz ham xuddi shunday mazmundagi savol yo‘llashgan:

Ro‘zi Nazar: Shu savollarni bergan yurtdoshlarimiz mamlakatimizning so‘nggi tarixini yaxshi biladilarmi, yo‘qmi, avval shuni bilishimiz kerak edi. Biz muhimi bobolarimiz boshlagan mustaqillik, istiqlol kurashini bir fursat bilib, davom ettirdik, xolos.

BBC: Qirg‘izistondan Odiljon esa, "Siz rus mustamlakasiga qarshi bo‘lgansiz, biroq nemislarda ham shunday mustamlakachilik g‘oyalari bo‘lgan, bo‘lganda ham biz turkistonliklarni qul sifatida ishlatish g‘oyasi maqsad qilingan. Bundan kelib chiqib, "Turkiston Legioni" tashkilotining kelajagi utopiya ekanligini bilarmidingiz," deb so‘rabdilar:

Ro‘zi Nazar: Bir zamonlar bizda shunday shior bo‘lgan, "Agar shayton Rusiyaga qarshi kurashsa, biz shundan-da foydalanib, Rusiyaga, rus mustamlakasiga qarshi kurashamiz," degan. Ammo olmonlar irqchi siyosatini, sobiq Sovet Ittifoqining g‘arbiy qismlarida mustamlakachilik siyosatini davom ettirishdi. Biz bundan ogoh bo‘lganmiz. Buning farqiga borganmiz. Shuning uchun ham biz masalani shunday qo‘yganmiz – agar mabodo olmonlar Turkiston chegarasigacha kelishsa, ularning Turkiston tuprog‘iga kirishlariga qarshi chiqamiz, deb bayon qilganmiz.

BBC: Ro‘zi ota, masalan, qanday qilib olmonlarning Turkiston chegarasini kesib o‘tishlariga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardinglar?

Ro‘zi Nazar: Xalqimizdan biz bilan barobar olmonlarga qarshi kurash olib borishlarini so‘rardik...

BBC: Ya‘ni, Ro‘zi ota, o‘sha paytda xalqning sizlarga qo‘shilishiga ishongansizlar?

Ro‘zi Nazar: Albatta, biz xalqqa ishonganmiz.

BBC: O‘zbekistondan Bahodir Mahmudov, "Istiqlolni fashizm orqali olib kelish Vatanga, xalqqa xiyonat deb hisoblamaysizmi?" deb so‘raganlar:

Ro‘zi Nazar: Boya yuqorida aytib o‘tganimdek, buyuklarimiz "Shayton Moskvaga qarshi kurashsa, biz bundan-da foydalanamiz," degan shior bilan chiqishgan...

BBC: Londondan Bunyodbek esa, "Nima deb o‘ylaysiz, mustaqillik siz kutgan darajada bo‘ldimi? Sizga imkon berilganda, O‘zbekistonda qanday bunyodkorliklar qilgan bo‘lardingiz?" deb savol yo‘llabdi.

Ro‘zi Nazar: Endi bu bir shaxsning, yolg‘iz mening fikrim bilan bo‘lmaydi. Biz demokratik usulda, xalqimizning fikri, istagiga qarab, harakat etardik. Mustaqilligimizni olganimizga hali 20 yil ham bo‘lgani yo‘q. Misol uchun, Turkiya mustaqillikka erishgandan keyin yolg‘iz oradan 40-50 yil o‘tibgina, iqtisodiy rivojlanishni boshladi. Biz-da darhol O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi, mamlakatimiz jannat bo‘lib ketadi, hurriyat bo‘ladi, deb aytolmaymiz. Mustaqillikni avvalo mustahkamlash kerak.

BBC: Londondan Javohirbek yana, O‘zbekistonning joriy prezidenti Islom Karimov haqida fikringiz bilan ham qiziqqanlar.

Ro‘zi Nazar: Men 1992 yilda prezident Islom Karimov bilan uchrashganman. Meni qabul qilganlar, u kishi bilan suhbatlashganmiz. Bir mamlakatning taraqqiyoti uchun bir liderning o‘zigina yetishmaydi. Hamma birgalikda harakat qilgan taqdirdagina mamlakatimiz rivojlanadi.

BBC: Angliyadan Malik Abdiyev yana, "Siz urush yillari Sovetlarga qarshi kurash olib borayotganingizda, ular orasidagi markaziy osiyolik askarlarga qarshi jang olib borganingizda hech qachon o‘zingizni aybdor deb his etganmisiz?" deb savol beribdilar:

Ro‘zi Nazar: Yo‘q, men o‘zimni aybdor deb hisoblamaganman. Ammo biz, ayniqsa, Mustafo Cho‘qayning o‘z vaqtida xalqqa qilgan bir murojaati bor. Shuni o‘rgansalar, tushunishlari mumkin edi. Urush paytida-da biz har doim qarshimizda turgan Sovet armiyasi safidagilarga murojaat qilganmiz, "Biz barobarmiz, Sho‘rolarning mustamlakachi rejimi safida kurashmanglar," deb ularga tashviq qilganmiz.

BBC: Rossiyadan Azizjon esa, "Ro‘zi aka, aytingchi, Ikkinchi Jahon urushi paytida Olmoniya tomoni musulmonlarga qanday munosabatda bo‘lgan?" deb so‘raganlar:

Ro‘zi Nazar: Biz diniy sohada juda liberal harakat qilganmiz. Har bir rotada diniy tahsil ko‘rgan kishilar imom bo‘lishgan, mulla bo‘lishgan, besh vaqt namozlarini o‘qiganlar, Qurbon hayiti, Ramazon hayiti yaxshi bayram qilingan...

BBC: Qirg‘izistonlik yana bir mushtariymiz esa, "Kontsentratsion lagerlardagi qiynoq-azoblarga musulmon legioneri sifatida qanday baho berasiz?" deb savol yo‘llaganlar:

Ro‘zi Nazar: Haaa, bu juda yaxshi savol bo‘libdi. Biz kontsentratsion lagerlardagilarga juda achinganmiz. Qo‘limizdan kelgancha u yerdagi insonlar, masalan, ukrain liderlariga har sohada yordam berganmiz.

BBC: Olmonlarning kontsentratsion lagerlarida markaziy osiyolik askarlar ham bormidi, ularga hech ko‘zingiz tushganmi, yordam berishingizga to‘g‘ri kelganmi?

Ro‘zi Nazar: Yo‘q, men ularni ko‘rmaganman.

BBC: Angliyadan Javohirbek esa, "Turkiston Legioni" rahbarlaridan bo‘lgan Vali Qayumxon Mustafo Cho‘qayni zaharlab o‘ldirganiga oid gaplar yuradi, shu gaplar rostmi?" deb so‘rayaptilar:

Ro‘zi Nazar: Bu – yolg‘on. U tif xastaligidan vafot etgan. Buning shohidi, ayniqsa, uning shimoliy qafqozlik sinfdoshi Alixon bo‘lgan. U Mustafo Chuqayni xastaxonaga yotqizishdan tortib, kasalligini va vafotini kuzatib borgan odam. Bundan tashqari, kasalxona tomonidan berilgan spravkaning fotonusxasi Turkiyada chiqqan bir kitobda nashr etildi. 1944 yilgacha bunday gap bo‘lmagan. Ruslar bilan birga ishlagan bir-ikkita yurtdoshlarning chiqargan g‘iybati, yolg‘oni bu.

BBC: Javohirbek yana, "Nega endi internet sahifalarida Vali Qayumxon ota yoki uning izdoshlari - sizlarning ijodlaringizdan namunalar yo‘q? Agar bor bo‘lsa, siz va siz kabi Vatan fidokorlarining internet sahifalarini aytsangiz," deb so‘raganlar. Olmoniyadan Murodbek Faxr ham sizning kitobingizni qanday qilib topsam bo‘ladi, deb qiziqqanlar:

Ro‘zi Nazar: "Turkiston Legioni" borasida Turkiyada, Olmoniyada nashr etilgan ko‘p ilmiy asarlar bor. Deylik, 40 yil Hindistonda turib, Turkiston ustida ish olib borgan angliyalik olimning bir kitobi bor. So‘ngra, olmon olimlari nashr etgan bir qancha asarlar bor. Shularni topsalar, yaxshi bo‘lardi. Ulardan ko‘p narsalarni o‘rgangan bo‘lardilar.

BBC: Angliyadan Shohruh yana, "Istiqlol bayrog‘i" degan jurnal chiqara boshlagan ekansiz, uning taqdiri nima bo‘ldi? Agar hozir ham chop etilayotgan bo‘lsa, uni qayerdan topib, o‘qisa bo‘ladi?" deb qiziqqanlar.

Ro‘zi Nazar: Ko‘p rahmat, biz "Istiqlol bayrog‘i" jurnalini Ovro‘poda nashr etdik. Mamlakatdagilarga ham biroz tarqata bilganmiz. Mustaqillik e‘lon qilingan kuni mamlakatimiz istiqlolga erishdi, bizning tashqaridagi vazifamiz bitdi deb, jurnalni berkitganman. Shundan beri nashr etilgani yo‘q.

BBC: Turkiyadan Muhiddin Abdurasulov, "Turkiyada siz haqingizda turli fikrlar, iddaolar mavjud. Bu kabi iddaolardan biri Turkiyada 1960 yil 27 may kuni amalga oshirilgan harbiy davlat to‘ntarishini hozirlashda ishtirok etganingiz bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Amerika Josuslik Xizmatining Turkiyadan mas‘ul xodimi bo‘lib ishlaganingiz ham da‘vo qilinadi. Bu kabi iddaolarga munosabatingiz qanday?" deb savol yo‘llaganlar:

Ro‘zi Nazar: Mening haqimda ko‘p narsalarni yolg‘on yozishdi. Turkiyada Amerika harbiy yordam tashkiloti bo‘lgan - JOINT UNITED STATES MISSION TO TURKEY - degan. Ana shu tashkilotda ishlaganman. Turk kommunistlariga shu nima bo‘lgan,.. .Hatto shunga borib yetganki, men haqimda Rim Papasiga qarshi uyushtirilgan suiqasd uyushtiruvchisi, deb ham yozishgan. Bularning hammasi soxta harakatlar. Masalani bilgan kishilar o‘qib, faqat kulishgan, xolos. Bularning hammasi yolg‘on yozuvlar.

BBC: Amerikadan Botir Karim esa, " Sizdek insondan shuni bilmoqchimanki, qaysi faktlarga tayanib, Turkiston birlashishi mumkin degan qaror yoki fikrga kelgansiz? Shuni haqiqiy reallik bilan tushuntirib bersangiz," deb iltimos qilibdilar. Rossiyadan Azizjon, Amerikadan "Muhojir" nomi ostida maktub yo‘llagan o‘quvchimiz, Angliyadan Abduvali ham xuddi shu mazmundagi savollarni yuborishgan:

Ro‘zi Nazar: Mustaqillik davom etsa, bir kuni iqtisodiy, madaniy birliklar yuzaga keladi. Bular bora-bora millatni birlashtiradi. Ayni vaqtda shevalar g‘oyib bo‘lmaydi. Buni biz Amerika tarixida ko‘rganmiz, Olmoniya tarixidan ko‘rayapmiz. Slavyanlar orasida birlashishga bo‘lgan harakat bor...

BBC: Ro‘zi ota, uzr gapingizni bo‘ldim, demak aytmoqchisizki, iqtisodiy va madaniy omillar Markaziy Osiyo davlatlarini alal-oqibat birlashishga majbur qiladi?

Ro‘zi Nazar: Ha, ha, to‘g‘ri, to‘g‘ri.

BBC: Turkiyadan Muhiddin Abdurasulov, Amerikadan Akbarjon, "Oilangiz va qizingiz Zulfiya Nazar haqida gapirib bersangiz. Qizingiz uyda o‘zbekcha gaplashadilarmi? O‘zbek tilini biladilarmi," deb, Londondan Bunyodjon esa, "Qizingiz Zulfiya Nazar bir suhbatida garchi O‘zbekistonda tug‘ilmagan bo‘lsa ham, "Men o‘zbek qiziman," degandi. Bunday vatanparvarlikning sababi qanday tarbiyada?" deb so‘rashibdi:

Ro‘zi Nazar: Farzandlar bilan ko‘pincha olmon tilida gaplashamiz, keyin turkchada gaplashamiz. Mening xonimim turkchani yaxshi biladi. Ammo hozir nabiralarimizga o‘z tilimizni o‘rgatish qiyinroq bo‘layapti. Chunki ular bizdan uzoqda yashashadi.

BBC: Endi, Zulfiya opa bilan qaysi tilda gaplashasizlar? U kishi ham bir nechta tilda gapirsalar kerak, masalan, turk tilida yoki o‘zbek tilida gaplashasizlarmi?

Ro‘zi Nazar: O‘zbek tilidan ko‘ra ham turkchasi yaxshiroq.

BBC: Endi Ro‘zi ota, farzandlarga tarbiya berish masalasida qanday yo‘l tutgansiz? Chunki Ikkinchi Jahon urushi ortidan bir qancha davlatda yashagansiz...Uyingizda, ya‘ni oilangizda o‘zbekcha tarbiyani saqlab qolganmisiz?

Ro‘zi Nazar: Albatta.

BBC: Ukrainadan Isoqjon Zokirov esa, "Sizni ilgari, ya‘ni SSSR davrida Vatan xoini, deb atashar edi. Hozirchi, sizni O‘zbekiston hukumati oqlaganmi, sizning mustaqil O‘zbekistonda yashash istagingiz bormi?" deb, Olmoniyadan Murodbek esa, "Hozirgi O‘zbekiston hukumatining "Turkiston Legioni"ga munosabati qanday?" deb so‘rashgan:

Ro‘zi Nazar: Hozirgi hukumat keyingi vaqtlarda muhojirotdagi yurtdoshlar haqida ba‘zi ijobiy ishlarga qo‘l urdi. Masalan, Turkiston-Amerika Assotsiyatsiyasi degan tashkilot bor. Ular Nyu Yorkdagi eski binolarini sotib, Nyu Jersidan yangi bir bino olishdi. U binoni ta‘mir etib, o‘zbekona, turkistona shaklga keltirish uchun hukumat O‘zbekistondan mutaxassislar yubordi. Shu bilan birga, Amerikada Markaziy Osiyo bilan bog‘liq yana bir Turkiston jamiyati bor. Bu jamiyat bilan hukumat orasida yaxshi munosabatlar qurildi. Bundan ko‘rinadiki, muhojirotga nisbatan hozirgi hukumatning harakatlarida yaxshi tomonlar ko‘p. Ishonamizki, bu harakatlar rivojlanadi va legionning asosiy maqsadi nimadan iborat bo‘lganligi, nima uchun kurashganligi ommaga yanada to‘g‘ri tashviq etilgan bo‘ladi.

BBC: Turkiyadan Muhiddin Abdurasulov, "O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng rahmatli Boymirza Hayit O‘zbekistonga bir marta bo‘lsa ham borishga muvaffaq bo‘lgandilar. Siz O‘zbekistonga bora oldingizmi? Borolmagan bo‘lsangiz, buning qandaydir sabablari bormi?" deb so‘raganlar, xuddi shunday mazmundagi savolni Londondan Ali, Olmoniyadan Murodbek Faxrlar ham yuborishgan:

Ro‘zi Nazar: Deyarli har yili boraman, juda yaxshi qabul etishdi, ammo keyingi ikki yil sog‘lig‘im bilan bog‘liq sabablar tufayli bora olganim yo‘q.

BBC: Ro‘zi aka, agar sizda shunday imkoniyat bo‘lsa, mustaqil O‘zbekistonda yashash niyatingiz bormi?

Ro‘zi Nazar: Judayam umid qilaman. Ammo bu yerda ham farzandlar, nabiralar bor,...Ularni-da tashlab ketishni istamayman. Ammo biz mamlakatdan, u yerdagi qarindoshlardan xabar olib turaman, telefonlashib turamiz. Mening juda ko‘p do‘stlarim bor O‘zbekistonda, umuman Turkistonda.

BBC: Eng so‘nggida sizga savol yo‘llagan mushtariylarimizga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat, Ro‘zi ota:

Ro‘zi Nazar: Istagim – mustaqilligimiz mustahkam bo‘lsin, yurtimiz tinch bo‘lsin, insonlarimiz yaxshi istak-umidlariga yetib yurishsin.

BBC: Katta rahmat.

2009 yil

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio