Tolibon islomiy davlat qurish niyatidan voz kechadimi?

Agar, Qatardagi uzoq kutilgan ikki kunlik muloqot natijalariga tayanilsa, yo‘q:

Afg‘on hukumat hay‘atining sa‘y-harakatlariga qaramay, Afg‘oniston Tolibon harakati otashkesimga rozi bo‘lmagan.

Dohadan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, harakat AQShning qadami Afg‘onistondan butkul uzilmas ekan, sulhu madoraga bormasligini bayon qilgan.

Eslatib o‘tish joiz, rasmiy Kobul va Vashington o‘rtasida yaqinda imzolangan muhim xavfsizlik bitimi o‘tgan yilgi ommaviy safarbarlik ortidan ham, Afg‘onistonda kamida 2016 yilgacha aksariyati amerikaliklardan iborat 10.000 dan ziyod xorijiy askar va ular qator harbiy bazalarining qolishini ko‘zda tutadi.

Bitim yangi milliy birdamlik hukumati tomonidan imzolangan, aynan o‘zi iqtidorga kelgan o‘tgan yarim yil ichida Afg‘oniston bu yaqin orada kuzatilmagan darajada zo‘ravonliklar girdobida qolarkan, prezident Ashraf G‘ani AQSh bilan yaqindan hamkorlik, xorijiy qo‘shinlarning bundan keyingi hozirligi ham mamlakati uchun muhim ekanini alohida ta‘kidlagandi.

2001 yilda Afg‘onistondagi Tolibon tuzumini qulatishga muvaffaq bo‘lganiga qaramay, AQSh tomonining o‘zi o‘tgan 13 yil davomida afg‘on mojarosiga na-da harbiy va na-da diplomatik yo‘lda yechim topishga muvaffaq bo‘lishgan.

Bu orada Afg‘onistondagi prezidentlik saylovi bilan bog‘liq bo‘hron, yangi Vazirlar Mahkamasini tashkil etishdagi uzoq muddatli kechikishlar va Pokiston Qurolli kuchlarining Shimoliy Vaziristondagi qariyb bir yildan buyon davom etayotgan keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari Afg‘oniston Tolibon harakatining so‘nggi oylarda yanada kuchayishiga xizmat qilgan.

Image copyright BBC World Service

Xuddi shu manzarada Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi ham sobiq toliblar hisobiga ham Pokiston va ham Afg‘onistonga kirib kelishga muvaffaq bo‘lgan.

Xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, joriy paytda bu ikki guruh o‘zaro adovatda, deb bilinsa-da, yaqin kelajakda mintaqada bu ikkovlonni ham o‘z ichiga oluvchi jangari guruhlarning yangi global ittifoqi vujudga kelishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Ularning aytishlaricha, voqealarning bu kabi rivoji nafaqat Afg‘oniston yoki Pokiston, balki butun mintaqa uchun jiddiy tahdid xavfini anglatadi.

Afg‘on hukumat hay‘atidan farqli tarzda, avvalboshdan Qatarga shunchaki muloqotlar uchun borayotganini bayon qilgan Afg‘oniston Tolibon harakati hay‘ati esa, Dohadagi yig‘in ortidan, "Balki, kelasi oy Birlashgan Arab Amirliklarida yana uchrashamiz", - deya gapni kalta kesgan.

Mintaqaviy siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, Qatardagi muloqotlar natijasi o‘zlari uchun kutilmagan bo‘lmagan.

Jumladan, Turkiyadan siyosiy tahlilchi Abdulsalom Osimning aytishicha, hali zaif mavqe‘da ekani payti sulhu madoraga rozi bo‘lmagan toliblar butun Afg‘oniston bo‘ylab qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgan hozirgidek bir sharoitda hech qachon otashkesimga rozi bo‘lishmaydi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, Tolibon muammosining yakuniy yechimi Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning jiddiy yaxshilanishi, mamlakatda keng quloch yoygan qashshoqlik, ishsizlik hollariga barham berilishiga bog‘liq ekani, ammo, hatto, bu masalada ham afg‘on hukumatida lozim xohish-iroda hamda imkon yo‘qligini ta‘kidlaydi.

Qatardagi ochiq muloqotlar Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralari ilinjida asosiy o‘yinchi davlatlarga qilgan ustma-ust safarlari va qudratli Xitoyning mintaqada turli yirik iqtisodiy tashabbuslarni o‘z ichiga oluvchi yangi vositachilik urinishlari ortidan kuzatilgandi.

Dohadagi muzokaralarda Xitoy vakillarining ham ishtirok etgani xabar berilgan esa-da, na-da yig‘in va na-da uning natijasi haqida rasmiy Pekin o‘tgan shanba kunidan buyon biror bir munosabat bildirmagan.

Boshqa tomondan, taraflar Afg‘oniston Tolibon harakatining ketma-ket qonli hujumlar bilan boshlangan va otashkesim haqida bir so‘z ham deyilmagan bahorgi amaliyotlariga oid bayonotidan bir necha kun o‘tib uyushtirilgandi.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi mezbonlik qilgan va shu shanba kuni boshlangan norasmiy muloqotlarga Nobel Tinchlik mukofoti sohibi, qurolli nizolarga tinch yo‘l bilan yechim topishda vositachilik qiluvchi Pagvash Kengashi boshchilik qilgandi.

Qatardagi uchrashuvlar unda o‘z vakillari ham hozir bo‘lishganini qat‘iy rad etgan AQSh va ham har ikki Tolibon harakatiga katta ta‘sirga ega, deb ko‘riluvchi Pokiston tomonidan xush qarshilangandi.

Image copyright Reuters

Ustiga ustak, prezident Ashraf G‘ani boshchiligidagi yangi milliy birdamlik hukumatining Afg‘oniston Tolibon harakati vakillari bilan ilk bor yuzma-yuz muloqotlar stoliga o‘tirishi edi.

Britaniyaning nufuzli "Reuters" agentligining suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan Qatardagi Tolibon vakilinining aytishicha, "Afg‘oniston hukumat hay‘ati o‘zlaridan janglarni to‘xtatib, otashkesim e‘lon qilishlarini so‘ragan. O‘zlarini birodarlarimiz, deb atagan. Afg‘onistonga qaytib, mamlakat konstitutsiyasiga amal qilishlarini maslahat bergan".

Mintaqaviy siyosiy tahlilchilarning ta‘kidlashlaricha esa, Afg‘oniston tomoni o‘z vaqtida xalqaro hamjamiyat tomonidan terrorchi guruh sifatida ko‘rilgan toliblarga to‘g‘ri tasnif bermas ekan, Tolibon isyonchiligi muammosi ham, afg‘on mojarosi ham o‘zining yakuniy yechimini topmaydi.

Eslatib o‘tish joiz, 2001 yildan buyon manfaatdor tomonlarning na-da Pokiston va na-da Afg‘oniston Tolibon harakati bilan samarali muzokaralar olib borish urinishlari ish bergan.

Yaqinda Afg‘oniston Tolibon harakati mintaqadagi jangari guruhlarning aksariyati ba‘yt keltirgan liderlari Mulla Muhammad Umarning hanuz tirik ekanini aytib, uning tarjimai holi bitilgan kitobni ham bosmadan chiqargandi.

Image copyright Reuters

G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining 13 yillik harbiy amaliyotlari ortidan ham, mintaqaviy tahlilchilar har ikki davlatdagi toliblarning soni 10-15 ming atrofida ekanini aytishadi.

Tahlilchilar, o‘z o‘rnida, toliblarning ochiq jabhadan ko‘ra, partizancha jang olib borish uslubi va mintaqaning jo‘g‘rofiy o‘ziga xosliklari ularni harbiy yo‘l bilan yengib bo‘lmasligiga dalolat qilishi, bunga G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining o‘tgan 13 yillik tajribasi ham misol ekanini ta‘kidlashadi.

Qatardagi Tolibon hay‘ati vakillarining bayon qilishlaricha, barcha xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistondan chiqib ketishmas ekan, baribir, hech kim bilan tinchlik muzokaralariga borishmaydi.

Dohadan olingan xabarlarga ko‘ra, muloqotlari chog‘ida afg‘on tomoni toliblarni aksariyat xorijliklar mamlakatni tark etishgani, faqat o‘z harbiylarini tayyorgarlikdan o‘tkazayotgan mutaxassislar qolishgani, agar janglar barham topsa, ular ham ortga qaytishlariga ishontirishga uringan.

Ammo, tomonlar, baribir, bir murosaga kelolmay, muloqotlariga yakun yasashgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq