O‘zbekiston Islomiy Harakati: "Islomiy shariat o‘rnatadigan payt keldi"

Bu haqda harakatning lideri Mujohid Usmon G‘oziy nomidan "Facebook"dagi sahifasida chop etilgan yangi bayonotida bayon qilinadi.

Bu – Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhiga bay‘at keltirishi ortidan, O‘zbekiston Islomiy Harakati e‘lon qilayotgan uchinchi bayonot bo‘ladi.

O‘zbekiston Islomiy Harakatining sanasi 26 aprel kuni, deb ko‘rsatilgan yangi bayonoti tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, jangarilar o‘z oilalari bilan birga yana Afg‘onistonga qaytishgan.

AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari tomonidan Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon ularning, asosan, Pokistonning qavmlar yashovchi yarim muxtor Vaziriston mintaqasidan boshpana topib kelishayotgani ishonilardi.

Pokiston Qurolli kuchlarining Shimoliy Vaziriston mintaqasida o‘tgan yil iyun oyida boshlagan keng ko‘lamli davomiy harbiy amaliyotlari manzarasida esa, O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbariyati va a‘zolarining qayerda ekanliklari noma‘lum qolayotgandi.

Harakat "Islomiy Davlat" guruhiga bay‘at keltirganini ma‘lum qilgan o‘tgan sentyabr oyidagi bayonotida o‘zlarining hanuz Shimoliy Vaziristonda, ammo nochor ahvolda ekanliklarini bayon qilgandi.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, so‘nggi bayonoti O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining butun Afg‘oniston bo‘ylab qayta faollashishga muvaffaq bo‘lishganiga oid xabarlar manzarasida kuzatilmoqda.

So‘nggi oylarda Afg‘onistonning janubi va janubi-sharqi qolib, Markaziy Osiyoga bevosita qo‘shni shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlariga ham yuzlab o‘zbekistonlik jangarilarning o‘z oilalari bilan birga Pokistondan kelib, o‘rnashishayotgani aytiladi.

Yangi bayonot

O‘zbekiston Islomiy Harakati lideri o‘zining so‘nggi bayonotida Afg‘onistonda o‘zlariga oson bo‘lmayotgani, oilalari va bolalarini xavfsizlik nuqtalarida qo‘lga olishni boshlashganidan shikoyat qiladi.

Bu orada Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Badaxshon viloyatida amalga oshirmoqchi bo‘lgan hujumlaridan birida "xiyonat"ga uchrashgani, natijada aksariyati ayollar va bolalardan iborat 80 nafar odamlari tog‘larda muzlab, hayotdan ko‘z yumishgani, qolganlarining asir olinganliklarini ham yashirmaydi.

Shu yilning fevral oyida Badaxshon viloyati mas‘ullari bir amaliyotning o‘zida o‘nlab markaziy osiyolik jangarilar o‘ldirilgani, 25 jangaridan to‘rttasi istisno qolgan barchasi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lishganini aytishgandi.

Harakat lideri Mujohid Usmon G‘oziyning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bunga javoban janubiy Zobul viloyatida "hukumatga kerakli shia hazoralarini ushlab ketishgan".

Janubiy Zobul viloyatida Erondan qaytayotgan paytlarida o‘ttizdan ortiq shia hazorasining olib qochilishi bilan bog‘liq hodisa shu yilning fevral oyida yuz bergan va shu kunga qadar biror bir guruh ushbu voqeaga mas‘uliyatni rasman o‘z zimmasiga olmay kelayotgandi.

Tutqundagilarni ozod etish uchun afg‘on hukumati yirik harbiy amaliyotlarga qo‘l urgan va mintaqadagi muxbirimiz bu hujumlarning nishoniga aylangan jangarilar so‘nggi oylarda Pokistondan Zobul viloyatiga kelib o‘rnashgan O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari bo‘lishganini aytishgandi.

Ta‘kidlash joiz, bir necha kunlik harbiy amaliyotlarga qaramay, afg‘onistonlik harbiylarning sa‘y-harakatlari ish bermagan va garovdagilarning taqdiri ham hanuz mavhumligicha qolmoqda.

Orada O‘zbekiston Islomiy Harakati janubiy Zobul viloyatida tasvirga olingani aytilgan va afg‘on askarlaridan birining boshi tanasidan juda qilingani aks etgan kallakesarligiga oid ilk videosini e‘lon qilgan, hazora tutqunlari evaziga shu yil boshida Taxor va Badaxshonda asir olingan jangarilarining ozod etilishini talab qilgandi.

Image copyright Reuters

Ularning talablari afg‘on hukumati tomonidan qat‘iyan rad etilgan va shu kunlarda Zobulga qo‘shimcha, aksariyati o‘zbekistonliklardan iborat yuzlab xorijiy jangarilar boshpana topgani aytiluvchi sharqiy G‘azniy viloyatida ham yangi harbiy amaliyotlar uyushtirish rejasida ekanliklarini ma‘lum qilishgandi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati lideri Mujohid Usmon G‘oziyning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha esa, Zobuldagi harbiy amaliyotlari chog‘ida afg‘on hukumat kuchlari jiddiy talofat ko‘rishgan, "shahardagi kasalxonalar ularning yaradorlari bilan to‘lib ketgan, qolgan askarlarini ham zo‘rg‘a olib ketishgan.

Usmon G‘oziy yana nima deydi?

Mujohid Usmon G‘oziy, o‘z o‘rnida, safdoshlarini partizancha urushdan ochiq jangga o‘tishda ko‘mak berishga da‘vat etadi, " Afg‘onistonda postlar va mintaqalarni egallashni boshlashlari"ni aytadi.

Afg‘onistondagi mahalliy aholini "dehqonchilik va bog‘dorchilikni bir chetga yig‘ishtirib, qo‘llariga qurol olish"ga ham undaydi.

O‘tgan oy oxirida O‘zbekiston Islomiy Harakati lideri Mujohid Usmon G‘oziy audiobayonot bilan chiqib, o‘zlarining Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umardan uzoqlashganliklarini bayon qilgan va Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhini olqishlab chiqqandi.

Eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘tgan yil yakuniga qadar "al-Qoida" tarmog‘i, ham Pokiston va Afg‘oniston Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi bo‘lib kelgan.

Image copyright ap

Xalqaro tahlilchilar esa, harakatning mintaqadagi uzoq yillik yaqin ittifoqchilaridan voz kechib, "Islomiy Davlat" guruhiga bay‘at keltirish qaroriga baho berarkan, ularning hozir har tomonlama dunyodagi eng qudratli jangari guruh sanaluvchi "Islomiy Davlat"ning obro‘si, mavqei, insoniy va moliyaviy resurslaridan foydalanish, qayta faollashish istagida ekanini aytishgandi.

Ammo, ta‘kidlash joiz, G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining o‘tgan 13 yillik harbiy amaliyotlari va Shimoliy Vaziristondagi janglar ortidan, O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining bugungi soniga oid aniq va rasmiy raqamlar ma‘lum emas.

Harakat jangarilarining taxminiy soni shu kunlarda bir necha yuzdan bir necha mingtagacha ekani aytiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq