"Asr jangi" kutilganidek shiddatli kechmadi"

Image copyright AFP

Professional boksning o‘rta vazn bo‘yicha WBA, WBC va WBO yo‘nalishlarida chempionlik kamari uchun filippinlik Menni Pakyao (Manny Pacquiao) va amerikalik Floyd Meyvezer (Floyd Mayweather) o‘rtasidagi jang amerikalik bokschi foydasiga hal bo‘ldi.

38 yoshli Meyvezer ochkolar hisobida - 118:110, 116:112, 116:112 raqibi ustidan g‘olib chiqdi. Hakamlar bu borada yakdil bo‘lganlar.

Image copyright AP

Ushbu g‘alaba bilan Meyvezer vazndan qat‘iy nazar eng zo‘r bokschi maqomini yana bir bor mustahkamladi.

Professional ringdagi 19 yillik faoliyati davomida Meyvezer birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan. Pakyao ustidan qozongan g‘alabasi bokschi o‘tkazgan 48-jangida 48-g‘alabasi bo‘ldi.

36 yoshli Pakyao esa professional boksda 65 jang o‘tkazib, 57 tasini g‘alaba, ikkitasida durang bilan yakunlagan.

Meyvezer va Pakyao olti yil davomida turli sabablar bilan uchrasha olmaganlari sababli, yakshanba kungi bellashuv "asr jangi" deb ataldi. Boks kechasiga chiptalar 350 ming dollargacha baholangan, kurashni televizor orqali kuzatishga qaror qilgan amerikaliklar esa 100 dollardan to‘laganlar.

Tomoshabinlar qatorida Hollivud yulduzlari Klint Istvud va Robert de Niro, qo‘shiqchilar Sting va Prints, shuningdek, amerikalik magnat Donald Tramplarni ko‘rish mumkin edi.

Biroq, kuzatuvchilar fikricha, Las Vegasdagi jang kutilganidan shiddatli kechmagan.

Image copyright

Pakyao ringga jang uchun maxsus yozilgan qo‘shiq sadolari va muxlislarining ulkan quvvatlashlari ostida chiqqan. Meyvezer "o‘z uyida" kurashayotganiga qaramasdan, tomoshabinlar uni xushtak chalib qarshi olishgan.

Kuzatuvchilar dastlabki raundlarda Meyvezer raqibidan ancha yirik va chaqqonroq ekanini namoyish qilganini aytganlar.

Image copyright

Uchinchi raundda kuchlar tenglashgan, filippinlik bokschi bir nechta hujumlarni mo‘ljalga urishga muvaffaq bo‘lgan.

Biroq oxirgi raundlarda Meyvezer o‘yin yo‘nalishini o‘zgartirib, raqibini shoshirib qo‘ygan. Shu boisdan mutaxassislarning aytishlaricha, o‘yin shiddatli bo‘lishdan ko‘ra unda ko‘proq hiylakorlik ustunlik qilgan.

Ochkolar hisobida g‘alabaga erishgan Meyvezer ringda kamarlarini ko‘z-ko‘z qilarkan, endi sentyabr oyida so‘nggi bor ringga tushishini bildirdi. Biroq hozircha uning raqibi kim bo‘lishi noma‘lum.

Shu paytgacha WBC va WBA tasnifida chempion bo‘lgan Flod Meyvezer Menni Pakyao qo‘lidagi WBO kamarini ham qo‘shib olgan. Biroq uning aytishicha, u hamma kamarlaridan voz kechishga tayyor. Sababi "u boshqalarga o‘xshab ochko‘z emas". Meyvezerning bu sha‘masi kimga qaratilgani muxlislari tomonidan turlicha izohlanmoqda.

Ushbu jang boks tarixidagi eng qimmat ekanligi bilan ham ahamiyatlidir. Unga rekord darajadagi- 400 million dollar mablag‘ qo‘yilgan edi.

Flod Meyvezer jangda 230 mln dollar, Menni Pakyao esa 150 mln dollar ishlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq