Tojikistondagi fuqaroligi yo‘q insonlar kimlar?

Image caption Biz O‘zbekiston uchun ham o‘z fuqarolari emasmiz, Tojikiston uchun ham chet ellikmiz", - deydi Firuza Xolmurodova

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Tojikistonda fuqaroligi yo‘q o‘n minglab inson istiqomat qiladi. Ularning aksari xotin-qizlar bo‘lib, na tibbiy xizmatdan, na maorifdan foydalana oladilar, rasman ishga joylasha oladilar. Hammadan ham ko‘ra ayollar va voyaga yetmaganlarning zarur hujjatlarni va to‘laqonli fuqarolikni qo‘lga kiritishlari murakkabdir.

"Mamlakatda hozirgacha ham fuqaroligi yo‘q shaxslar haqida aniq statistik ma‘lumotlar yo‘q. BMT Qochqinlar Oliy komissarligi faoliyatini boshlaganidan buyon biz 42000 ga yaqin insonni ro‘yxatdan o‘tkazdik, biroq bu dastlabki ma‘lumotlar. Deportatsiya va ma‘muriy jazolanishdan qo‘rqqan ko‘plab odamlar davlat idoralariga murojaat qilishdan qo‘rqadilar. Bu faqat ijtimoiy muammogina bo‘lib qolmasdan, davlat xavfsizligiga aloqador masaladir. Bu odamlarning bari - tizimdan tashqarida yashayotgan mamlakatning ko‘rinmas aholisi va ular haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q. Biz ularga ko‘mak zarurligini va ularning maqomini qonuniylashtirish lozimligini anglab yetishimiz kerak", - deydi BMT Oliy Komissarligining Tojikistondagi boshqarmasi vakolatxonasi rahbari Kevin Allen.

Chegaradosh tumanlar

Fuqaroligi yo‘q insonlar muammosi, ayniqsa, Tojik-O‘zbek chegarasiga tutash hududlarda o‘tkir. Chegaraning ikki tarafida ham minglab tojik va o‘zbeklar, shuningdek, Tojikistonda uzoq yillardan buyon yashab kelayotgan afg‘onlar bor. Ularning fuqaroligi ham, rasmiy maqomi ham yo‘q.

34 yoshli Firuza Xolmurodova va singlisi Marziya O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida tug‘ilib voyaga yetganlar. Opa-singillar bundan 16 yil oldin Tojikiston fuqarolariga turmushga chiqqanlar va o‘shandan buyon shu yerda oilalari bilan yashashadi.

"Biz kelin bo‘lib tushgan paytlarda Toshkent bilan Dushanbe o‘rtasida viza tartibi yo‘q edi. Farzandlarimiz dunyoga keldi va shuning uchun ham uzoq vaqt davomida bizning vatanimizga borib ro‘yxatdan o‘tish va yangi hujjatlarni qo‘lga kiritishimizga imkoniyatimiz bo‘lmadi. Endi bo‘lsa belgilangan hamma muddatlar o‘tib ketdi, endi O‘zbek pasportlarimizning ham amal qilish fursati tugadi. Endi biz O‘zbekiston uchun ham o‘z fuqarolari emasmiz, Tojikiston uchun hali ham chet ellik fuqarolarmiz", - deydi Xatlon viloyatining Shartuz tumanidagi Bog‘ijiyda qishlog‘ida yashaydigan Firuza Xolmurodova.

Image caption Deportatsiya va ma‘muriy jazolanishdan qo‘rqqan ko‘plab odamlar davlat idoralariga murojaat qilishdan qo‘rqadilar, deydi BMT rasmiysi Kevin Allen

O‘zbekistonda uning ota-onasi, boshqa yaqinlari qolgan, na Firuza, na singlisi borib qarindoshlarini ko‘rib kela oladi.

"Biz o‘zimizning muammomizni O‘zbekiston elchiligi yordamida hal qilishni xohlab, har safar murojaat qilganimizda, ular bizni Tojik tomoniga yuborishadi. Ular esa bizni Toshkentga yo‘llashadi, fuqarolik masalasini hal qilib kelishni talab etishadi. Bu yerda ham, u yoqda ham fuqaroligimizni qayta tiklashni xohlashmaydi, bizning maqomimizni tasdiqlaydigan biror-bir hujjat berishni istashmaydi. Bu narsa mening voyaga yetayotgan farzandlarimning ham muammosiga aylanmoqda. O‘zbekistonda bizga "siz bizniki emas", deyishadi. Bu yerda ham "siz bizniki emas", deydilar. Nima qilishga hayronmiz. Bir marta bizga bir chorasini taklif qilishdi. Lekin u juda qimmat ekan, buncha pul bizda yo‘q. Ota-onam qarib qolishdi, men esa borib ularni ko‘rib kela olmayman", deydi Firuza.

Bugun dunyoda 10 millionga yaqin fuqaroligi yo‘q inson yashaydi deb ko‘riladi. Sal oldinroq BMT Qochqinlar idorasi o‘n yil mobaynida ushbu muammoni hal qilish maqsadidagi kampaniyani boshlagan.

Sobiq SSSR fuqarolari

Fuqaroliksiz insonlar muammosi sobiq SSSR hududida o‘tkir. BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, postsovet hududida 600 mingdan ortiq inson "fuqaroligi yo‘q shaxs" tushunchasiga to‘g‘ri keladi.

"SSSR parchalanib ketganidan keyin ko‘plab odamlar yangi barpo bo‘lgan davlat fuqaroligini olish maqsadida o‘z vaqtida murojaat etmaganlar. Ko‘p mamlakatlarda chegara aniq emas. Buning ustiga, Tojikistonda fuqarolar urushi boshlangan va ko‘p odam mamlakatni tark etgan. O‘z vaqtida qaytishga imkonlari bo‘lmagan. Shu bois o‘sha odamlarning bir qismi o‘z fuqaroligini tasdiqlatib ololmagan. Vaholanki, ular umrlarining ko‘p yilini Tojikistonda o‘tkazganlar. Ular qo‘rqishadi, deportatsiya, jazolar va jarimalardan qo‘rqishgani bois, o‘zlarini borligini bilintirmay yashashni ma‘qul ko‘rishadi. Ko‘pincha jarimalarning miqdori bir oila bir yil davomida topadigan daromaddan ham ko‘pni tashkil qiladi", deya tushuntiradi Kevin Allen.

Shaxsini tasdiqlaydigan hujjati bo‘lmaganidan keyin odamlar tibbiy xizmatdan, ta‘lim olishdan foydalana olmaydilar, qonuniy ishga joylasha olmaydilar. Shuningdek, Tojikistondan chiqib boshqa mamlakatga ham ketolmaydilar.

"Bizning qishlog‘imizda birorta hujjati ham, fuqaroligi ham bo‘lmagan 100 ga yaqin ayol yashaydi. Ko‘pchiligida kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib jarimasini to‘lash va yangi pasport olishga yetadigan mablag‘i yo‘q. Qishlog‘imiz chekkada joylashgan, rasmiylashtirish uchun esa markazga borish kerak, buning uchun ham qo‘shimcha pul kerak. Buning hammasi 200-300 dollar bo‘ladi, bu esa biz uchun juda katta pul. Ko‘p oilalar ishlab shuncha pul topolmaydi. Shuning uchun ham ertaga qoldirishadi. Ertaga esa muammolar paydo bo‘ladi", - deydi Shartuz tumanidagi Sultonobod qishlog‘i rahbari Ro‘ziqul Mardayev.

Image caption Ichki Ishlar vazirligi vakili Jomiy Mirzoyev so‘zlariga ko‘ra, fuqaroligi yo‘q shaxslar haqida rasmiy ma‘lumot yo‘q

Tojikiston fuqarolik haqidagi qonun 1994 yilda qabul qilingan. Bu paytda fuqarolar urushi avjiga chiqqan, millionlab qochqinlar respublikani tashlab chiqishga majbur bo‘lgan edilar.

"Sovet zamonida Tojikistonning chegaradosh tumanlarida yashaydigan odamlar qo‘shni O‘zbekistonga o‘tishgan, o‘sha yerda ishlab pul topishgan, oilalari o‘sha yerda bo‘lgan. SSSR parchalanib Tojikiston mustaqillikka erishgan paytda u odamlar mamlakatda bo‘lmaganlar. Kimki konstitutsiya qabul qilingan kunda Tojikistonda yashagan bo‘lsa, o‘shalar fuqarolikni qo‘lga kiritganlar. U paytlarda chekka tumanlarda yashagan odamlar o‘zlarining Sovet pasportlarini Tojikiston pasportiga almashtirish va o‘zining fuqaroligini tasdiqlash uchun murojaat qilmaganlar. Ayrimlar esa fuqarolar urushi payti O‘zbekistonga qochgan. Ortga qaytganlaridan keyin esa fuqarolik qonunini ularga tatbiq qilib bo‘lmas edi. Odamlar kelib hujjatlarni almashtirish lozimligini bilmaganlar. Kelganlaru, yashab yuraverganlar, oila qurganlar, keyin farzandlari tug‘ilgan. Bolalarning ham hujjati yo‘q, fuqarolikka ega emas. Chunki ota-onasining hech qanday hujjati yo‘q. Bu bolalar maktabda o‘qishgan bo‘lsa ham, rasman ularni ro‘yxatga olmaganlar. Maktabni tugatganidan keyin attestat berishmagan. Bu bolalarda mamlakatda bo‘lishiga ruxsat beruvchi birorta rasmiy hujjat yo‘q", - deydi BMT Qochqinlar boshqarmasining qochqinlarni xalqaro himoya qilish bo‘yicha maslahatchisi Parvina Munavvarova.

Avlodlar muammosi

Hozirgi paytda BMT Qochqinlar komissarligi boshqarmasi va rasmiy Dushanbe fuqarolik qonuniga o‘zgartirish kiritish ustida hamkorlikda ish olib bormoqdalar. Ushbu o‘zgarishlar amnistiyaga, o‘z fuqaroligini yo‘qotgan insonlarning maqomini legallashtirib ularga Tojikistonning to‘laqonli fuqaroligini berishga imkoniyat yaratadi. Biroq qonunga bu o‘zgartirishlar qachon qabul qilinadi, noma‘lum.

"Xotinimning fuqaroligi yo‘q. Pasporti ham yo‘q. O‘z vaqtida qilmaganmiz, endi esa hujjatlarni rasmiylashtirish juda qimmat. Bundan tashqari, o‘z vaqtida rasmiylashtirmaganimiz uchun bo‘ynimizga jarima ham qo‘yishadi. Bizning esa to‘rtta bolamiz bor, ular o‘qishayapti, xarajat ko‘p. Hozir men ham, xotinim ham ishlamaymiz. Oldingi yillari ishlab pul topish uchun Rossiyaga borardim. Inqiroz tufayli bu yil bormadim. Dushanbeda mardikorchilik bilan pul topayabman. Topgan pulim faqat yeyish-ichishga yetadi. Erkaklarning qo‘lida pasporti bor, ular Rossiyaga keta olishadi, ayollarda esa pasport yo‘q", deydi Xatlon viloyatining Shartuz tumanilik Alimardon Shukurov.

"Bu muammolarning sababi, ko‘pincha, odamlarning o‘zlarining mas‘uliyatsizliklaridadir. Odamlar 20 yildan buyon shu mamlakatda yashashadi, lekin o‘z maqomini aniqlashtirib olish ustida bosh qotirmaydilar. vaqti kelib bu katta muammoga aylanishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmaydilar. Hozircha bizda mamlakatdagi fuqaroligi yo‘q insonlar soni haqida aniq ma‘lumot yo‘q", deydi Tojikiston Ichki ishlar vazirligi vakili Jomiy Mirzoyev.

Ota-onasining fuqaroligi yo‘qligi bois farzandlari ham fuqarolikni qo‘lga kirita olmaydilar. Shu tariqa bu muammo avlodlar muammosiga aylanadi.

"Huquqiy savodsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklar - aholining asosiy muammolari. Biz fuqaroligi yo‘q insonlarni aniqlash bo‘yicha loyihamizni boshlaganimizda, ko‘pchilik bu g‘oyaga yoqtirmay qaradi. Odamlar juda qo‘rqishadi. Ko‘pchilikda Sovet pasportidan boshqa tug‘ilganlik guvohnomasi ham yo‘q, ayrimlarda esa hatto Sovet pasportining o‘zi ham yo‘q", deydi "Chashma" jamoat tashkiloti direktori Sanavbar Imomnazarova.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq