Suriya inqirozi: Halabda tinch aholi "misli ko‘rilmagan" jabr chekmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Vayronaga aylangan shahar

Suriyaning ikkinchi yirik shahri Halabda tinch fuqarolar misli ko‘rilmagan jabru sitam chekmoqda, deydi Xalqaro Amnistiya guruhi.

Yangi hisobotga ko‘ra, hukumat kuchlari va ko‘plab jangari guruhlar har kuni urush jinoyatlarini sodir etishmoqda.

Jangarilar hamlalariga qarshi hukumat so‘nggi haftalarda Halabni yana ham qaqshatliroq bomba hujumiga tutmoqda.

Muqaddam prezident Bashar al Assad o‘z qo‘shinlari bochkasimon bombalardan foydalanayotganini rad etgan edi.

Ammo yakshanba kuni Sayf al Davla mintaqasida bochkasimon bomba tashlanishi oqibatida boshlang‘ich ta‘lim maktabidan kamida o‘n kishi qurbon bo‘lgan.

Ular orasida to‘rt nafar bola va o‘qituvchi ham bo‘lgani xabar qilingan.

Mahalliy jurnalistlardan biri Zaina Erhaymning BBCga aytishicha, u bolalarning baqir-chaqirini eshitgan va qutqaruvchilar vayronalar ostidan qurbonlarni qutqarishga harakat qilganini ko‘rgan.

"Muntazam hujumlar"

Image copyright AFP
Image caption Bugungi Halab...

Xalqaro Amnistiya hisobotiga ko‘ra, hukumat havo kuchlari o‘tgan yil yanvar oyidan to shu yilning mart oyiga qadar bochkasimon (barrel) bomba hujumlarini to‘xtatmagan.

Bu kabi bochkasimon bombalar turfa shaklda bo‘ladi.

Ularning ayrimlari yonilg‘i bochkalari bo‘lsa, boshqalari gazdan bo‘shagan idishlardir.

Bu bochkasimon bombalar ichida portlovchi moddalar, metal parchalari joylashtiriladi.

Hukumat qo‘shinlari bochkasimon bombalar bilan 14 ta bozorni, 12 ta transport nuqtasi, 23 ta masjid va 17 ta kasalxona, tibbiy markazlar hamda 3 ta maktabni nishonga olgan.

"Men bolalarning boshsiz tanalarini ko‘rdim. Mening nazarimda do‘zax shunaqa bo‘lsa kerak", deydi mahalliy ishchilardan biri al Fardus mintaqasida 2014 yilgi hujumni tasvirlar ekan.

So‘nggi sakkiz hujumda qurbon bo‘lganlarning mutlaq aksariyati, Amnesty International ga ko‘ra, tinch aholi vakillaridir.

Shu muddat orasida mahalliy faollarga ko‘ra, bochkasimon bombalar hujumida 3124 nafar tinch fuqaro va 35 nafar isyonkorning qurbon bo‘lgan.

Xalqaro Amnistiyaga ko‘ra, Halabdagi havo hujumlariga doir bu hujjatlar hukumat qo‘shinlari "tinch aholini ataydan nishonga olayotganidan" darak beradi.

Bu hujumlar esa tashkilot nazarida "urush jinoyatlari" sirasiga kiradi.

"Tinch aholiga qarshi bu kabi muntazam hujumlar hukumat siyosatining bir qismiga aylanar ekan, ayniqsa Halab misolida, ayni harakatlar insoniyatga qarshi jinoyatdir", deyiladi hisobotda.

Qurollangan isyonkor guruhlar ham 2014 yilda nishonni aniq olmaydigan qurollar, qo‘lbola raketalar ishlatish bilan 600 nafar tinch fuqaroni qurbon qilishda va shu bilan urush jinoyatini sodir etishda ayblanadi.

Ayni hisobotda ham hukumat va ham isyonkorlar keng miqyosda qiynoq qo‘llashgani ham hujjatlashtirilgani urg‘ulanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq